Jahon miqyosidagi alloma Suqrot hikmati: Suvdan oʻrnak olish

0
168
marta koʻrilgan.

Iroda bobida suvdan oʻrnak olishlaringizni istayman, –  dedi bir kuni Suqrot oʻz shogirdlariga.

–  Suvning irodasi qanday boʻladi? — deb soʻrashdi shogirdlari…

–   Suvning yoʻlini chapdan toʻssalar, oʻngdan oqadi, oʻngdan toʻssalar, chapdan oqadi,  koʻndalangiga toʻssalar esa koʻkka yuksaladi, lekin olgʻa borish istagidan hech qachon kechmaydi.

Suqrot haqida soʻz: Alloma shogirdlariga bergan ushbu maslahatiga oʻzi umrining oxirigacha amal qilgan.

Mashhur yunon faylasufi Suqrot Attika shahrida haykaltarosh Sofroniks va doya Fenaretta oilasida dunyoga keldi. U juda koʻrimsiz qiyofaga ega boʻlgan. Past boʻyli, qorni osilgan, kalta boʻyinli, keng va doʻng peshonali, yapaloq, tanqaygan burunining teshiklari katta, lablari doʻrdoq Suqrotning ukki koʻzlari kishiga zimdan boqishga moyil edi. U doim eski liboslarda, yalangoyoq yurgan.

Ayollar borasida ham Suqrotning omadi yurishmagan. Garchi ikki marta uylangan boʻlsa-da, oilaviy baxtga erisholmagan.

Suqrot asosiy vaqtini munozara va bahslarda oʻtkazgan. Bahslarda doim uning qoʻli baland kelgan. Shuning uchun koʻpincha uning sochidan tortib kaltaklashgan, ustidan kulib, haqoratlashgan. Suqrot hammasiga dosh bergan. Hatto bir kuni tepki yeganda ham chidab turavergan. Odamlar bundan ajablanishganda ularga qarata shunday degan: «Eshak tepsa, uni sudga berolmayman-ku!»

Suqrot mohir raqqos boʻlgan va bunday mashqni jismning salomatligi uchun foydali deb bilgan.

U talabalarga ogʻzaki saboq bergan va hech qanday yozma manba qoldirmagan. Timey ismli shogirdi: «Ey ustoz, nima sababdan dono fikrlaringizni qogʻozga tushirmaysiz?» — deb soʻraganda, Suqrot: «Ey Timey, oʻlik hayvonlarning terisiga ishonching va tirik, barhayot fikrlarga ishonchsizliging juda mustahkam ekan», — deb javob bergan.

399 yil Suqrot bir yurtdoshining fitnasi tufayli fuqarolik meʼyorlarini buzganlikda ayblanib, oʻlim jazosiga hukm qilingan va qatl etilgan. Sudda Suqrotning ogʻzidan chiqqan soʻnggi soʻzlar shunday boʻlgan: «Menga oʻlish uchun, sizga esa yashash uchun bu yerni tark etish fursati yetdi. Faqat buning qay biri afzalligi Xudodan oʻzga hech kimga ayon emas».

Sudda 220 nafar odam Suqrotning aybsizligini yoqlab, 280 nafar kishi esa unga qarshi ovoz bergan.

Oʻsha davrdagi qoidaga koʻra, oʻlimga mahkum etilganlarga belgilangan vaqtda zaharli sikuta (zaharli suv oʻsimligi, bodiyoni rumi, zangpoya deb ham ataladi) oʻsimligini ezib ichirishgan. … Suqrot ruhining eson-omon boqiy dunyoga rixlat etishini Tangridan fikran soʻrab, xotirjamlik va osonlik bilan zahar toʻldirilgan idishni boʻshatadi. Tegrasidagi doʻstlari yigʻlab yuborishadi. Faylasuf ularni tinchlantirib, sukunatda hayot bilan vidolashishi kerakligini uqtiradi. U bir oz yurib, oyoqlari ogʻirlashgach, turma burchagidagi yogʻoch chorpoyaga choʻziladi. Keyin: «Kriton, biz Asklepiydan xoʻroz qarzmiz. Xoʻrozni qaytaring, yodingizdan chiqmasin», — deydi shogirdiga. Bu Suqrotning soʻnggi soʻzlari edi. Qadimgi yunonlar odatiga koʻra, bemorlarning tuzalishi uchun Apollonning oʻgʻli, tabiblar Tangrisi Asklepiyga xoʻroz soʻyib, qurbonlik qilingan. Suqrot oʻz ruhini poklash va xasta jismdan xalos boʻlishni nazarda tutib, shogirdiga yuqoridagi vasiyatni aytgan.

Madinaxon TOPILOVA tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.