Janubiy Koreyada oʻtkazilgan notiqlik tanlovida oʻzbek qizi gʻalaba qozondi

0
84
marta koʻrilgan.

Janubiy Koreyaning Kvangju shahridagi «Volgok» boshlangʻich maktabi 4-sinf oʻquvchisi yosh vatandoshimiz Zinnura Karimova Seulda boʻlib oʻtgan 12-Milliy ikki tilda notiqlik musobaqasida oliy mukofotni qoʻlga kiritdi.

Ushbu muvaffaqiyat yoʻlida qator sinovlardan oʻtgan Zinnura dastlab oʻz maktabida, ichki saralashda oltin, keyinchalik shahar taʼlim departamenti tomonidan tashkil etilgan hududiy bosqichda kumush medal bilan taqdirlandi va respublika turniriga yoʻllanma oldi.

Tayyorgarlik jarayonida hamyurtimiz har kuni bir necha soat oʻzbek va koreys tillarida nutq mashqi bilan shugʻullandi. Bu nafaqat uning tillar boʻyicha bilimini oshirdi, balki sahnada ishonch bilan chiqish qilishiga ham yordam berdi. Zinnura oʻzi yozgan «Yosuga maroqli sayohat» mavzusidagi hikoyasini oʻzbek va koreys tillarida soʻzlab berib, hayʼat aʼzolari eʼtirofiga sazovor boʻldi.

Darvoqe, musobaqada 52 nafar turli madaniyatlarga mansub oʻquvchilar qatnashdi. Ular 16 tilda oʻz hikoyalarini taqdim etdi. Qayd etish joiz, 10 yoshli Zinnuraning opasi Laziza Karimova 2023 yil ushbu tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, ikkinchi oʻrinni egallagan. Oʻshanda Laziza oʻz nutqini xalqaro menejment va tarjimonlik sohalarida rivojlantirish niyatini bildirgan va dunyo miqyosidagi kommunikatsiyaning muhimligini taʼkidlagan. Lazizaning natijasi nafaqat shaxsiy yutuq, balki tarixiy ahamiyatga ega boʻlib, u mazkur tanlovda tilimizda chiqish qilgan birinchi oʻzbek qizidir.

Zinnura va Laziza Karimovaning gʻalabalari Kvangju shahri va Chollanam-do provinsiyasi tarixida muhim voqea sifatida qayd etildi. Shuning bilan birga qizlarimiz nafaqat oʻz nomi, balki oʻzbek madaniyatini ham xalqaro maydonda namoyish etdilar.

Oʻzbekistonlik opa-singillarning yutugʻi internet sahifalari, ijtimoiy tarmoq orqali ham keng yoritildi.

G.Sattorova, OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.