Kitob doʻkonlari taʼlim manbaidir. Kitob doʻkoni deganda qanday maskanni tasavvur etasiz? Namunali kitob doʻkoni qanday boʻlishi kerak? Bu borada jahon tajribasiga bir nazar tashladim.
Taqdir taqozosi bilan dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri — AQSHga safar qilganimizda kitob doʻkonlari haqidagi taassavurlarim butunlay oʻzgardi. Bu mamlakatda kitob doʻkonlari nafaqat kitob sotadigan tijorat joyi, balki kishini mutolaa va ijod sari undovchi ilxombaxsh ziyo maskani ekanligiga guvoh boʻldik. Quyida ana shu bir qancha namunali jihatlari haqida hikoya qilamiz.
Birinchidan, bu mamlakatdagi kitob doʻkonlarinig kitob zahirasi juda boy boʻlib, bu yerda turli yoshga turli qiziqishga turli mavzuda millionlab kitoblarni topish mumkin.
Ikkkinchidan, tinch va shinamgina kitob doʻkonlarida “Bir piyola choy ustida mutolaa” burchaklari tashkil etilgan boʻlib, doʻkonga kelgan kishi javonlardan istagan kitobini tanlab, choy yoki qahva buyurib, istagancha mutolaa qilib oʻtirishlari mumkin.
Jajji kitobxonlar uchun esa moʻjazgina mutolaa “uycha”lari yoki kattaroq bolalar uchun “kitobxonlik burchaklari”tashkil etilgan boʻlib, shu yerda ham sotuvdagi kitoblar javonidan istagan kitobni tanlab, soatlab oʻqishlari mumkin. Mazkur mutola uychalari bolalarning yoshiga mos jihozlangan boʻlib, bu yerda mittivoylar ertaklar olamiga shoʻngʻib ketishlari uchun qulay imkoniyat yaratilgan.
Uchinchidan, bu yerdagi kitob doʻkonlarida har kuni maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar uyushtiriladi. Masalan, “Ijod mahorati”, “Noshirlik sirlari” singari amaliy mashgʻulotlar, “Bugungi suhbat mavzusi:…”, “Tanishing:…” kabi bahs-munozaralar, shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvlar, shuningdek “Mutolaa soatlari” shular jumlasidandir.
Jajji kitobxonlar uchun esa muntazam “Ertaklar – yaxshilikka yetaklar” soatlari tashkil etilib, doʻkon xodimlari mittivoylarga ertaklar oʻqib beradilar, kitobdagi suratlarni izohlaydilar. Zero, kitobga mehr ertak eshitishdan boshlanadi.
Kattaroq bolalar bilan esa “Birgalikda kitob oʻqiymiz” soatlari oʻtkazilib, navbatma-navbat kitob oʻqiladi. Kitob oʻqib boʻlgandan soʻng, oʻqigan hikoyasi haqida suhbatlashadilar. Kitobning mazmun-mohiyati haqida firlashib, tahlil qilib, qissadan xulosa chiqarishga oʻrgatadilar.
Shu bilan birga, yana tez-tez bogcha va maktablarda koʻchma yarmarkalar uyushtiriladi, doʻkonning oʻzida “Chegirma kunlari” tashkil etib, yon-atrofdagi bogʻcha va maktablarga bu haqida xabar beriladi.
Ana shunday maʼrifiy-maʼnaviy tadbirlarning barchasi kishilarni kitob doʻkonlariga chorlaydi. Ha, albatta, AQSH doʻkondorlarining bu targʻibotdan maqsadi kishilarni kitob sotib olishga undashdir. Lekin, ikkinchi tomondan, buning natijasida, el-yurt odamlarining mutolaa madaniyati ham yuksaladi. Bizning kitob doʻkonlariga ham bu usulni kengroq kiritish, ayniqsa jajji kitobxonlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadidagi tadbirlarni kuchaytirish lozim.
Donishmandlar aytganlaridek, tarbiya bolalikdan boshlanadi. Ota-onalar farzandlarini tez-tez kitob doʻkonlariga olib borishga vaqt ajratsalar, kitob olami bilan bogʻliq tadbirlarda ishtirok etsalar, birgalikda kitob mutolaa qilsalar, “yoshlar kitob oʻqimaydi”, deyishga ham hojat qolmaydi. Buning uchun esa oʻz navbatida, kitob doʻkonlarimizda yuqoridagi kabi namunali shart-sharoitlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni yoʻlga qoʻyish lozim.
Oydin Saʼdullayeva