Lorel Grey: Oʻzbek milliy raqs sanʼati – bu mening qismatim

0
2100
marta koʻrilgan.

Jorj Vashington nomidagi universitet professori, “Ipak yoʻli” raqs kompaniyasi rahbari, xoreograf va raqqosa Lorel Viktoriya Grey bugungi suhbatimiz mehmoni. Hayotini oʻzbek raqs sanʼatisiz tassavvur eta olmaydigan amerikalik bu ayol oʻzbek milliy raqsining Amerikadagi asoschisi degan oʻziga xos sharafli nom bilan mashhur.
Olima Vashington Teatrlar jamiyati, Vashington Raqs sanʼati jamiyati, Oʻrta Sharq mamlakatlari sanʼati akademiyasi, Londondagi “Markaziy Osiyo festivali”, Erondagi “Arash” sanʼat festivali kabi oʻnlab davlat va xalqaro miqyosdagi tashkilotlar, tanlovlar sovrindoridir. Shuningdek, 2007 yilda Oʻzbekiston Madaniyat Vazirligi hamda Mannon Uygʻur nomidagi Toshkent davlat sanʼat instituti ham Lorel Viktoriya Greyni “Toshkent davlat sanʼat instituti faxriy professori” degan unvon bilan taqdirlagan.

Lorelxonim, avvalambor, oʻzbek xalq raqs sanʼatini oʻz yurtingizda, qolaversa, butun dunyoga tanitishga, rivojlantirishga va milliy sanʼatimizni targʻibot va tashviqot qilishga qoʻshayotgan hissangiz uchun shaxsan oʻzim nomimdan chuqur minnatdorchiligimni bildirishga ijozat bergaysiz.

– Eʼtirofingiz uchun raxmat. Oʻzbek raqs sanʼati bu — mening qismatim (Olima “qismat” soʻzini oʻzbekchalab aytganida, qadrdon soʻzni eshitib, juda xursand boʻldim).

– Qismat bu bir umrlik yozmish. Oʻzbek raqs sanʼati sizning taqdiringiz ekan, u bilan ilk bor tanishgan damlaringizni eslasak!
– Yoshligimdan musiqa va raqs sanʼatiga qiziqardim. Shu sabab ota-onam meni shu yoʻnalishdagi turli mashgʻulotlar va toʻgaraklarga olib borishardi. Shu bilan birga ular til oʻrganishga qobiliyatim borligi uchun meni rus tiliga ixtisoslashgan maktabga berishdi. Ulgʻayganim sari sobiq Sovet ittifoqi haqida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻlib bordim. Ittifoq tarkibida ruslardan tashqari koʻplab boshqa millatlar, respublikalar borligi, ularning oʻziga yarasha turfa tili, sanʼati, madaniyati, tarixi, urf-odatlari, mavjudligini oʻzim uchun kashf etdim. Turli gazeta va jurnallardan mazkur xalqlarning turmush tarziga oid maqolalarni oʻqib qolsam, darrov qirqib olib, alohida-alohida qutichalarga solib, yigʻib borardim. Taqdir taqozosini qarangki, maktabda oʻqib yurgan kezlarimda Ittifoqning bir qancha respublikalariga, jumladan, Oʻzbekistonga ham sayohat qilish imkoni tugʻildi. Oʻzbekistonga safarim natijasida yurtingiz odamlari, turmush tarzi, tili, sanʼati va madaniyati haqida tassavvurlarim yanada boyidi. Hamon-hamon esimda, birinchi bor Chorsu bozorida kamalak ranglarda jilolanib turgan atlasni koʻrganimda, “qanday jozibali mato ekan” deb beixtiyor hayqirib yuborganman. Sayohat davomida hayratlarimga hayratlar qoʻshildi, bir soʻz bilan aytganda mamlakatingiz meni maftun etdi.
Shuning uchun maktabni tugatgach, universitetning Sovet Ittifoqi tarixi yoʻnalishida oʻqishni davom ettirdim. Shu bilan birga musiqa va raqs mashgʻuloti va toʻgaraklariga borishni kanda qilmadim.
Yana taqdir taqozosini qarangki, universitetda tahsil olib yurgan kezlarimda Oʻzbekistondan Qizlarxon Doʻstmuhammedova boshchiligidagi bir guruh oʻzbek sanaʼtkorlari AQSHga tashrif buyurishdi. Universitetimizdagi rus tilini biluvchi bir qancha talabalar, tadqiqotchilar, shu jumladan men ham koʻngillilar safida ularga tarjimonlikka yollandik. Oʻsha kuni Sietl universitetida Oʻzbekistonning mashhur “Bahor” ansambli hamda Q.Doʻstmuhammedova oʻzi ham yakka tarzda oʻzbek raqs sanʼatini namoyish etishdi. Men oʻshanda Qizlarxonning ijrosidan shunchalik taʼsirlangan edimki, raqsidagi har bir hatti-harakati, oyoq va qoʻllari pozitsiyasi, texnikasi xayolimga bir umr oʻrnashib qoldi. Konsertdan soʻng uning yoniga borib, oʻzbek raqsiga juda-juda maftun boʻlganimni aytib, oʻrgatishini soʻradim. Qizlarxon esa taklifimga javoban oʻzining surati tushirilgan tashrif qogʻozini berdi. Aslida ana oʻsha uchrashuv mening qismatim boʻlgan ekan. Oʻzbek halqining milliy raqs sanʼatiga professional sifatida kirib kelishim ana shu uchrashuvdan boshlangan edi, desam arziydi. Oradan bir necha yillar oʻtib, Oʻzbekistondan AQSHga yana delegatsiya taklif etiladigan boʻldi. U paytlar “Sietl — Toshkent – birodarlashgan shaharlar” maqomini olgandi. Bizning tilimizda u «Sietl – Toshkent opa-singil shaharlar” deb eʼlon qilingandi. Ushbu birodarlashgan shaharlar qoʻmitasi raisi Rosanna Royer oʻsha yili majlis chaqirib, uning ishtirokchilaridan Toshkentdan delegatsiya kelishi kutilayotganligi, uning tarkibiga qaysi soha mutaxassislarini taklif qilish yuzasidan fikr soʻradi. Oʻshanda men Qizlarxon bergan tashrif qogʻozini chiqarib, “mana shu ayol”ni deya tashabbus koʻrsatdim. Fikrim inobatga olindi.
Qizlarxon Doʻstmuhammedova ikkinchi bor mamlakatimizga kelganida u bilan yana uchrashdim. Oʻtgan konsertidagi ijrosini sahnaga chiqib, har bir holatini, bosh, oyoq va qoʻllarning uygʻun jozibali harakatlarini ketma — ket koʻrsatib berdim. U juda hayratlanib, “qanday eslab qoldingiz” deb soʻradi. Men esa “sizning sanʼatingizga shunchalik shaydo boʻlganimdan oʻsha kundan beri oʻzbek milliy raqsi haqida izlanib kelaman” deb aytdim. Bu “Tanovar” raqsi edi. Q. Doʻstmuhammedova ushbu safari davomida menga oʻzbek milliy raqs sanʼatidan saboq berdi. Lekin, eslayman, darslariga qatnaganimda doim bir kishi yonida yurardi va bizni muntazam kuzatib turardi. Keyin bilsam AQSH hukumati Q.Doʻstmuhammedovaga taklifnoma yuborganida Sobiq Ittifoq hukumati “AQSH hukumati seni qayerdan taniydi?”, “Seni taklif qilishidan maqsadi nima?” kabi savollar bilan soʻroq qilishgan va doim kuzatib yurishi uchun odam tayinlagan ekan. Koʻrdingizmi, sanʼatning qudratini mamlakatdagi shunday ijtimoiy-siyosiy vaziyatda ham oʻzbek raqsi dunyoning u burchagidan boʻlsa-da, oʻz muxlisini topdi.


Shundan soʻng yurtimda “Tanovar” raqs guruhini tuzib, turli muzey, teatr, konsert zallari va markazlarda oʻzbek milliy raqsini namoyish etib yurdik. Turli tadbirlar yuzasidan Toshkenga tez-tez borib turdim. Oʻzbekistonning yana boshqa bir qator taniqli raqs ustalari – Tamara xonim, Qunduz Mirkarimova, Bernora Qariyeva, Galiya Ismailova, Roziya Karimova, Qodir Moʻminovlar bilan uchrashdim, bilimlarimni mustahkamladim, mahoratimni oshirdim. 1986 yilda “Oʻzbek raqs sanʼatiga kirish” deb nomlangan birinchi video toʻplamimni ham chiqardim. 1992 yilda Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri taklifiga binoan yurtingizda ikki yil istiqomat qildim. Bu esa menga oʻzbek va boshqa Markaziy Osiyo xalqlari sanʼatiga yanada chuqur kirib borishimda katta imkoniyat yaratdi. Yurtimga qaytganimda, 1995 yilda Vashingtonda “Ipak yoʻli” raqs kompaniyasini tashkil etdim.

– “Ipak yoʻli” raqs kompaniyasini tashkil etish gʻoyasi qanday yuzaga keldi?
– Oʻzbekistonda ikki yil yashagan kezlarimda yurtingizning boshqa viloyatlari, qolaversa, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga ham chiqib, har birining oʻziga xos raqs yoʻnalishlarini oʻrgandim. Shu bilan qiziqishlarim doirasi yanada kengaydi. Nafaqat Markaziy Osiyo, balki, Yaqin Sharq, Kavkaz xalqlari raqs sanʼatini ham chuqurroq oʻrganishni boshladim. 1982 yilda “Nyu-York tayms” gazetasida “Ipak yoʻli boʻylab raqs va musiqa sanʼati” sarlavhali maqolaga koʻzim tushgandi. Unda Nyu-yorkdagi Osiyo jamiyati tomonidan tashkil etilgan ipak yoʻlida joylashgan xalqlarning musiqa va raqs sanʼati namoyishi haqida yozilgandi. Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Kavkaz xalqlari raqs sanʼatini kishilarga oʻrgatish, turli tadbirlarda namoyish etishni maqsad qilgan menday kishi uchun bu nom juda maʼqul keldi. Shu tariqa kompaniyamizga asos soldik. Shu kungacha nafaqat AQSHning turli shtatlarida, balki, Kanada, Buyuk Britaniya, Singapur, Qatar, jumladan, sizning yurtingiz Oʻzbekiston kabi xorijiy davlatlarda ham oʻz sanʼatimizni namoyish qilganmiz. Repertuarimizda 130 dan ortiq turli millat raqslari mavjud.
– Oʻzbek raqslaridan qay birlari dasturlaringizdan oʻrin olgan?
– “Tanovar”, “Dilxiroj”, “Munojaat”, “Pilla”, “Koʻngil taronasi”, “Qaro koʻzim”, Xorazm ohanglaridan “Boʻy-boʻy” raqsi, Samarqand “Ushoq”i, Buxoro “Guldasta”si kabi juda koʻplab milliy raqs namunalari bor. Oʻzim ularni ijro etayotganimda yayrab ketaman. Goʻyo samolarda uchayotgandek boʻlaman. Bu raqslarni ijro etganimdan keyin kayfiyatim koʻtarilib, ruhiyatim orom oladi. Xuddi shu holatni musiqangiz bilan tanish boʻlmagan oʻzga yurtlar kishilarida ham kuzatdim. Bu musiqalar nafaqat oʻzbek xalqining, balki butun jahon xalqlarining mulkiga aylansa arziydi.

– Lorelxonim, siz Jorj Vashington universitetida hamda “Ipak yoʻli” raqs kompaniyangizda raqs sanʼatidan taʼlim berasiz. AQSHda oʻzbek milliy raqsini oʻrganaman deb keluvchilar koʻpmi?

– Toʻgʻri, nafaqat oʻzbek, umuman Markaziy Osiyo xalqlari raqsini oʻrganaman deb keluvchilar aytarlik juda koʻp emas, koʻpchilik balet, tango, arab raqsini oʻrganishni istaydi. Lekin, aytishim zarurki, Markaziy Osiyo xalqlari milliy raqslarini oʻzlashtirishni, uning sirlarini egallashni istagan, ixlosmandlargina keladi. Yana shuni taʼkidlashim kerakki, oʻzbek va Markaziy Osiyodagi boshqa millatlarning raqs sanʼatini oʻrganayotgan talabalarimdan, eng avvalo, bu yoʻnalishning falsafasini tushunishni talab qilaman. Oʻzbek milliy raqs sanʼati falsafasi nimada? Oʻzbek milliy raqs sanʼatining qanday eng oʻziga xos jihati bor? Oʻzbek raqs sanʼati, eng avvalo, or-nomus, hayo, andisha, betakror nafosatga asoslanadi. Uning falsafasi ham oʻziga xos, xususiyati ham ana shunda! Hattoki, ayol-u erkaklar birgalikda guruh boʻlib, koʻpincha doira shaklida ijro etiladigan oʻzbek xalq raqslarida ham sharm-hayo mavjud. Talabalarimga ham aynan ana shuni bot-bot uqtiraman. “Oʻzbek raqsi bu sizga tango emas!” deyman ularga (kuladi suhbatdoshimiz). Oʻzbek raqsining oʻziga xos falsafasini tushintiraman. Oriyatni nafaqat raqsda, balki, shaxsiy hayotda ham saqlashni talab qilaman. Zero, raqqosaning shaxsiy xulq-atvori u ijro etadigan xalqning milliy raqsiga boʻlgan munosabati uygʻun boʻlishi lozim. Yanada aniqroq aytadigan boʻlsak uygʻunlik hurmatni ifodalaydi. Shu sabab ham aynan ana shu fazilatga ega boʻlgan qiz va yigitlarnigina shogirdlikka olaman.

– Biz hozir milliy liboslar saqlanadigan xonangizdamiz. Bu yerdagi liboslarning rang-barangligi koʻzni qamashtiradi, goʻyo muzeyda yurgandekman. Bu liboslarni qayerdan olgansiz? Masalan, mana bu adras koʻylakni Oʻzbekistondan sotib olganmisiz yoki oʻzingiz shu yerda tiktirganmisiz? Bu yerda tiktirish ancha murakkab, chunki chevarga libosning dizaynini chizib berish bilan birga matoni uygʻun tanlab berishga ham toʻgʻri keladi.
– Qoʻlingizdagi adrasni shu yerda oʻzim tikkanman. Qoʻlimdan biroz chevarlik ham, dizaynerlik ham keladi. Mana bu tillaqoshlarni yurtingizdan sotib olganman. Buxoro toʻnini esa sovgʻa qilishgan. Umuman, bu yerdagi liboslarni baʼzilarini Oʻzbekistondan sotib olganman, baʼzilarini sovgʻa qilishgan, yana baʼzilarini oʻzim tikkanman. Hatto milliy bosh kiyimlarni hamda ularga mos taqinchoqlarni, oyoq kiyimlarini ham baʼzida oʻzim tikaman. Ularni tikishni ham yurtinggizga borganimda kuzatib oʻrganib kelganman. Xalqingiz hamisha amaliy sanʼati, urf-odat va anʼanalarining goʻzalligi bilan dunyo ahlini hayratga solib kelgan. Ana shu hayratlarning amaliy koʻrinishi bu!

Baʼzilar uchun boylik bu hashamatli uylar, qimmatbaho avtomobillardir. Meni boyligim esa mana shu turfa liboslar jamlamasi boʻlgan moʻjazgina xonam. Bu yerdagi milliy libosu taqinchoqlarni bir umr yiqqanman va bular menga juda-juda qadrli. Har biri zavqli xotira, har biri doʻstlikni, goʻzallikni ifodalovchi tarix.
– Serqirra ijodingizga, isteʼdodingizga tahsinlar aytsa arziydi. Oʻzbekistonda juda koʻp safarda boʻlgansiz, hatto ikki yil yashagansiz ham. Oʻzbekistonning sizga eng yoqqan jihatlari nimada?
– Odamlari samimiy, ochiqkoʻngil va doim begʻaraz yordam berishga tayyorligi menga juda yoqadi. Esimda bor oʻspirin paytimda bir guruh yoshlar mamlakatingizga ilk bora tashrif buyurganimizda, bizlarni olib yurgan yoʻlboshlovchimiz bozorga borganimizda “Qizlar, ehtiyot boʻlinglar, sizlar Markaziy Osiyodasizlar!” deb odamlaridan ehtiyot boʻlishga chaqirgandi. Lekin qarasam, umuman teskarisi. Odamlari soddadil va ochiq yuzli kishilar ekan. Keyinchalik oʻzbek xalq raqslarini oʻrganishga borganimda ham menga taʼlim bergan ustozlarim hech qachon biror narsa taʼma qilmaganlar. Oʻzbek raqs sanʼatini shunchaki begʻaraz oʻrgatganlar.
Men u yerda yashaganimda yurtingiz tarixini ham oʻrgandim. Hozirgi Oʻzbekiston hududida qadim zamonlarda ilm-fan, sanʼat va madaniyat juda rivojlanganligi meni Vataningizga boʻlgan qiziqishimni yanada oshirdi.
Bugungi kunda YUNYeSKO tan olgan ensiklopedik olimlar Xorazmiy, Beruniy, tibbiyot olami sultoni Ibn Sino, falakshunos Mirza Ulugʻbek kabi koʻpdan-koʻp olimu fuzalolar yetishib chiqqan yurtingizda ayni kunda ulugʻvor islohotlar amalga oshirilayapti, sogʻlom avlod tarbiyalash masalasiga alohida eʼtibor berilayapti. Yaqin kelajakda Oʻzbekiston yana ilm-fan, sanʼat va madaniyat markaziga aylanib, oʻtmishdagidek, buyuk insonlarni jahonga armugʻon etishida Sizlarga tilakdoshman.
– Lorelxonim, qiziqarli suhbat uchun raxmat. Oʻzbek milliy raqslarini tanitish, rivojlantirish va targʻib etishdagi beminnat xizmatingiz uchun sizga yana bir bor oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. Menga yurtimdan uzoq joyda sizdek fidoyi insonni uchratish juda zavqli va qiziqarli boʻldi. Boshlagan ishlaringiz bardavom boʻlsin. Sogʻ-salomat boʻling.

Men Lorelxonim bilan xayrlashib, oʻz yoʻlimga ketar ekanman, oʻzbek tarixi, sanʼati va madaniyatini chuqur oʻrgangan bu ayolga qayta-qayta tasannolar aytgim keldi. Shu bilan birga uning Oʻzbekiston xalqiga bildirgan ezgu tilaklarini amalga oshishini chin dildan istadim. Oʻsha kuni suhbatdan kayfiyatim koʻtarilib, yurtim bilan yanada faxrlanib, milliy gʻurur tuygʻusi ila uyga kirib keldim.

“Gujum.uz” internet nashri uchun Vashingtondan
Oydin Saʼdullayeva maxsus tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.