“Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumi ishtirokchilariga

0
79
marta koʻrilgan.

Muhtaram doʻstlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalambor, “Markaziy Osiyo – jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumining Siz, hurmatli ishtirokchilarini chin qalbimdan samimiy qutlayman.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-yubiley sessiyasida ushbu Forumni oʻtkazish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining tashabbusini qoʻllab-quvvatlaganlari uchun Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblariga va Forumni hamkorlikda tashkil etishda amaliy koʻmak koʻrsatgan YUNYeSKO bosh direktori Odri Azule xonimga alohida minnatdorchiligimni bildiraman.

Fursatdan foydalanib, anjumanda bevosita qatnashayotgan hamkor davlatlar hamda nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar namoyandalariga, yetakchi olimlar va ekspertlarga, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillariga tashakkur izhor etaman.

Saxovatli Oʻzbekiston zaminiga, qadimiy Xiva shahriga xush kelibsiz!

Qadrli mehmonlar!

Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Markaziy Osiyo mintaqasi asrlar davomida turli xalqlar va sivilizatsiyalar oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishda gʻoyat muhim oʻrin egallab kelayotganini jahon hamjamiyati yaxshi biladi va yuksak eʼtirof etadi.

Bundan uch ming yil muqaddam mintaqada ilk shaharlar va davlatchilikning vujudga kelishi bu hududda yangi hayotiy tushunchalar va falsafiy qarashlarning, ilm-fan, xususan, tibbiyot va astronomiya, joʻgʻrofiya va matematika, geodeziya, meʼmorchilik sohalarining, madaniy-maʼrifiy va diniy qadriyatlarning jadal taraqqiy etishiga asos yaratdi.

Mintaqamizning qadimiy ilm-fan, madaniyat va sivilizatsiya markazlari haqida soʻz yuritganda Samarqand va Buxoro, Oʻtror va Xoʻjand, Marv va Oʻsh singari oʻnlab shaharlar koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi.
Shu bilan birga Al-Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamahshariy, Abu Nasr Forobiy, Mirzo Ulugʻbek singari buyuk olimlar, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Abul Muʼin Nasafiy, Najmiddin Kubro kabi ulugʻ ulamolar, Kamol Xoʻjandiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Maxtumquli, Abay, Toʻqtagʻul, Berdaq singari mashhur shoirlar, Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod kabi musavvirlar, koʻplab xattot va sozandalar, musiqashunos va meʼmorlarning nomlarini tilga olishimiz tabiiydir.

Mazkur xalqaro forum mintaqamizning koʻhna va navqiron shaharlaridan biri – ikki ming yillik shonli tarixga ega boʻlgan Xivada oʻtkazilayotganida oʻziga xos ramziy maʼno mujassam.

Bugungi Forum Markaziy Osiyo davlatlari va xalqlari oʻrtasida doʻstlik va hamkorlik, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirishda muhim rol oʻynaydi. Shu bilan birga, mintaqa xalqlarining jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan ulkan hissalarini yanada chuqur anglash va oʻrganishga imkon beradi.

Ushbu xalqaro madaniyat forumi doirasida Xiva shahrida YUNYeSKO bilan hamkorlikda Madaniy meros masalalari boʻyicha xalqaro maslahat qoʻmitasi kengashining yigʻilishi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) madaniyat vazirlarining navbatdagi majlisi, Nukus shahrida “Arxeologiya va turizm: salohiyatni belgilash va merosdan foydalanish” xalqaro arxeologiya anjumani hamda II Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali, Toshkent shahrida Oʻzbekiston madaniy merosini asrash, oʻrganish va targʻib qilish boʻyicha butunjahon jamiyatining V xalqaro kongressi oʻtkazilishini biz ana shu yoʻldagi muhim amaliy qadamlar sifatida eʼtirof etamiz.

Muhtaram doʻstlar!

Biz mintaqamizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, madaniy-gumanitar sohalarni ravnaq toptirishga xizmat qiladigan keng koʻlamli loyihalarni bundan buyon ham davom ettiramiz. Bu ezgu maqsadga faqat oʻzaro hamkorlikda, saʼy-harakatlarimizni birlashtirgan holda erisha olamiz. Markaziy Osiyoning tarixiy va madaniy mushtarakligi, xalqlarimiz va mamlakatlarimizning umumiy qadriyatlari farovon kelajakni bunyod etishimiz uchun mustahkam zamindir.

Bugun biz Yangi Oʻzbekistonda ilm-fan va madaniyat sohasida olib borilayotgan tub islohotlar orqali yangi Uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratishga bel bogʻlaganmiz. Bu borada biz jahon hamjamiyati bilan, Sizlar kabi koʻzga koʻringan ilm-fan va madaniyat namoyandalari bilan yaqin hamkorlik munosabatlarini amalga oshirishdan manfaatdormiz.

Anjumanimizning barcha ishtirokchilariga mustahkam sogʻliq, Markaziy Osiyoning betakror madaniyati va sanʼati, ilm-fan, moddiy va nomoddiy merosini oʻrganish va targʻib qilish yoʻlida kuch-gʻayrat va yangi yutuqlar yor boʻlishini tilayman.

Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.