Ayol — ona, uy bekasi, tadbirkor, oʻqituvchi, ustoz, deputat, senator va hatto, davlat rahbari. U qaysi lavozimda, qanday darajada ishlamasin, oʻz maqsadi,oldiga qoʻyilgan talab va vazifani sidqidildan bajarishga urinadi. Va aksariyat hollarda buning uddasidan chiqadi.
Bugungi kunda dunyoga mashhur davlat, siyosat arboblari orasida xotin-qizlar talay. Singapur Prezidenti Halima Yaqub ham yuqoridagi taʼrifga munosib muslima ayol.
Xabar berilganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan, Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub bugun davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
Dunyo tarixida va bugungi hayotimizda ayol Prezidentlar koʻp emas. Shu bois ular haqidagi maʼlumotlar doim qiziqarli.
Maʼlumotlarga koʻra, davlat rahbari Halima Yaqubning otasi hind, onasi malay boʻlgan. Afsuski, Halima 8 yoshida otasidan ayrilgan. Oila boshligʻi vafotidan soʻng beva ayol besh farzandni yolgʻiz tarbiyalagan. Halima bolaligini esga olar ekan, 10 yoshidan boshlab onasiga non topishda koʻmaklashganini xotirlaydi.
Halima Yaqub avval qizlar maktabida oʻqidi, 1978 yil Singapur Milliy universitetida huquqshunoslik bakalavri, 2001 yil shu yerda huquq yoʻnalishi boʻyicha magistr darajasini ham qoʻlga kiritadi. 2016 yil 7 iyulda universitet unga “Faxriy yuridik fanlar doktori” unvonini berdi. Singapurdagi malaylar ijtimoiy hayotda erishgan yutuqlari uchun Xalima Yaqub 2001 yil “Yil muvaffaqqiyati”, 2003 yil “Yil ayoli” unvonlariga loyiq topilgan.
Siyosatga kirishdan oldin Halima Kasaba uyushmalari milliy kongressida ishladi. 2001 yil siyosiy faoliyatini boshlab, parlamentga saylandi va ilk malay ayol sifatida deputatlik mandatiga ega chiqdi. 2011 yil oʻtkazilgan saylovdan soʻng ijtimoiy rivojlanish, yoshlar va sport vaziri, keyinchalik ijtimoiy siyosat va oila vaziri lavozimlariga tayinlandi.
Halima xonim 2013-2017 yillar parlament spikeri boʻlib ishladi. U mamlakat tarixida ushbu lavozimni egallagan birinchi ayol. Yaqub oʻz kompaniyasini «Yaxshilik qiling, birga ishlang» shiori ostida oldinga boshladi. Uning gʻalabasi saylovdan oldin eʼlon qilindi, chunki saylov komissiyasi ushbu lavozim uchun boshqa nomzodga ruxsat bermagan.
Halima Yaqub saylovdagi gʻalabasidan keyingi nutqida, jumladan, “Singapurliklar prezidenti sifatida sizlarni ishontiramanki, irqi, tili, dinidan qatʼi nazar, har biringizga xizmat qilaman”, degandi. Atrofidagi hukumat mansabdorlariga esa shunday deydi: “Allohdan qoʻrqaman. Kim Singapur xalqi manfaati uchun men bilan sherik boʻlib ishlamoqchi ekan, uning Alloh yoʻlidagi singlisiman. Tashvishim — Singapur xalqi turmush darajasini koʻtarish. Meni boshqa narsa qiziqtirmaydi».
Halima Yaqub besh farzandning onasi. Yamanlik Muhammad Abdulla ismli insonga turmushga chiqqan. Halima – huquqshunos, Muhammad esa – fizik. Ular universitetda tanishishgan va oʻqishni tugatib, ikki yil oʻtgach, turmush qurishgan. Muhammad Abdulla ayoliga ham ruhan, ham uy ishida, ham farzand tarbiyasida yordam beradi. Yaqub turmush oʻrtogʻini oʻz maqsadlari katalizatori sifatida koʻradi.
Halima xonim har kun ayol yordamchilari bilan poytaxtdagi masjidda ayollar uchun ajratilgan boʻlimda bomdod namozini oʻqiydi.
Halima Yaqub olib borgan siyosat, islohot samarasi oʻlaroq, hozir mamlakatda ishsizlik, atigi, 1 foizni tashkil qiladi. Oʻn mingga yaqin yirik korxonada odamlar ish bilan band. Singapurda ishlab chiqarish korxonalari soliqdan ozod qilingan.
Oʻtgan asrning 70 yillariga qadar eng qashshoq hududlardan sanalgan ushbu davlat qisqa fursatda dunyodagi eng taraqqiy etgan davlatlar qatoriga qoʻshildi. Bunda, ayniqsa, mohir va donishmand yetakchi, atoqli davlat va siyosat arbobi Li Kuan Yuning xizmati beqiyos. Aynan uning keng qamrovli islohoti tufayli Singapur taraqqiyotning yuksak choʻqqisiga erishdi.
Singapur yuksak darajada taraqqiy topgan davlat sifatida oʻzida ulkan iqtisodiy, moliyaviy va inson kapitalini mujassam etgan. Aholisi salkam 6 million kishini tashkil qiladigan davlatda yalpi ichki mahsulot qiymati 379 milliard dollarga teng, yillik daromad esa har bir fuqaroga 65 ming dollardan tushadi. Pasporti jahondagi eng kuchli pasportlardan. Aholining eng koʻp qismi (74 %) etnik guruh aʼzolari – Xitoyliklar. Keyin malaylar (13%) va hindular (9%). Musulmonlar mamlakat aholisining 14 foizini tashkil qiladi.
Singapur elektronika, kimyo sanoati, biotexnologiya, bank sohasi, logistika va transport mashinasozligi kabi muhim tarmoqlar jadal rivojlangan, yirik iqtisodiyotga ega davlat.
Oʻzbekiston – Singapur munosabatini shartnomaviy-huquqiy bazasi 14 hujjatdan iborat. Shulardan 6 tasi davlatlararo va hukumatlararo, 6 tasi idoralararo va 2 tasi tarmoqlararo hujjatlar.
Quvonarlisi, ikki mamlakat oʻrtasida savdo ayirboshlash surʼati doimiy ravishda oʻsib, 2017 yildagi 92,6 million dollardan 2022 yil 143 million dollar (eksport – $ 105 million, import – $ 38 million)ga yetdi. Davlatlarimiz oʻrtasida fan, taʼlim sohalarida samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Singapur rahbarining mamlakatimizga bu galgi tashrifi davlatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatni har tomonlama yuksak darajaga olib chiqish, ikki tomonlama aloqani har jihatdan rivojlantirishga zamin yaratadi.
Goʻzal Sattorova tayyorladi. OʻzA