Minsk shahrida Alisher Navoiy byusti oʻrnatildi

0
1070
marta koʻrilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi arafasida Minsk shahri markazidagi soʻlim xiyobonda ulugʻ oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy byusti ochildi.
 
Ushbu tadbir madaniyatlaro munosabatlarning yangi tarixidagi ulkan voqelik boʻldi. Boisi, shu kungacha bu yerda bironta sharq mutafakkiriga bu qadar yuksak ehtirom koʻrsatilmagan. Ushbu byust Belarus Respublikasida sharq adabiyotining buyuk dahosiga quyilgan ilk yodgorlikdir.
 
Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanligʻ,
 
Yor oʻlung bir-biringizgakim, erur yorligʻ ish.
 
Ulugʻ bobokalonimiz qalamiga mansub ushbu satrlar oradan necha asr oʻtsa-da, ahamiyati ortib bormoqda. Buni oʻzbek va belarus xalqlari oʻrtasidagi munosabatlar rivojida ham koʻrish mumkin.
 
Navoiy bobomiz byusti ochilishiga bagʻishlab oʻtkazilgan tantanali marosimda bu yana bir bor namoyon boʻldi. Tadbirda ulugʻ oʻzbek shoirining ushbu hikmatli satrlari belarus tilida yangradi.
 
Tantanali marosimda ikki mamlakat parlamenti aʼzolari, adabiyot, madaniyat namoyandalari, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
 
Belarus Respublikasi Milliy majlisi Kengashi raisi oʻrinbosari Marianna Shetkina mazkur tadbir mamlakatlarimiz oʻrtasidagi yangi bosqichga chiqqan munosabatlarning mantiqiy davomi ekanini taʼkidladi. Oʻtgan yili Toshkentda atoqli belarus adibi va jamoat arbobi Yakub Kolas xotirasiga yodgorlik oʻrnatilgani fikrimizga yaqqol dalildir.
 
– Ushbu yodgorlikning ochilishi yorugʻ va tantanali hodisa. Chunki Navoiy nafaqat ulugʻ shoir va mutafakkir, balki buyuk maʼrifatparvar ham boʻlgan. Navoiy merosi butun insoniyat mulkiga aylangan, asarlari jahonning koʻplab tillariga tarjima qilingan. Uning chuqur falsafasi, asarlaridagi rang-barang obrazlar xalqlarni doʻstlik, insonparvarlik, olijanoblik kabi tuygʻular orqali birlashtirishga xizmat qiladi, – dedi Marianna Shetkina.
 
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev Navoiy falsafasi xalqlarimiz madaniyati, tafakkurida beqiyos oʻrin tutishi, Prezidentimiz tashrifi doirasida oʻtayotgan mazkur marosim oʻzbek va belarus xalqlari oʻrtasidagi uzoq asrlik doʻstlik va birodarlik rishtalari bugungi kunda yangi bosqichga koʻtarilayotganini ifoda etishini qayd etdi.
 
Oʻzbekiston Belarusni vaqt sinovidan oʻtgan ishonchli hamkor, tashqi siyosatdagi ustuvor sherik sifatida koʻradi. Ushbu mamlakat poytaxtida buyuk oʻzbek shoiri yodgorligining ochilishi ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
 
Shu oʻrinda Alisher Navoiy asarlari bugungi kunda ham jahonda tinchlik, doʻstlik, birodarlikni targʻib qilayotgan bebaho meros sifatida boshqa xalqlar tomonidan ham qadrlanayotganini eʼtirof etish joiz. Aslida chinakam adabiyot vaqt, makon, chegara tanlamaydi. Toki insoniyat komillikka intilar ekan, Navoiy asarlari har bir davrda, har qanday qatlam uchun qadrli va dolzarb boʻlib qolaveradi.
 
Belaruslik yosh haykaltarosh Maksim Makarevich tomonidan ishlangan byust buni yana bir bor tasdiqlaydi.
 
Shu kuni Navoiy bobomiz yodgorligi poyi gullarga burkandi. Marosim oʻzbek va Belarus xalqlari adabiyotining bayramiga aylanib ketdi.
 
Manbaa: OʻzA
 
 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.