Yosh avlodni yer yuzi va insoniyat sivilizatsiyasi haqidagi bilimlarini rivojlantirish va dunyoqarashini kengaytirishda muzeylarning ahamiyati beqiyos. Lekin, muzeylarimiz bolalarga mos emasligidanmi, avvallari bolaligimizda muzey desa, koʻz oʻngimizga zerikarli maskan kelardi. Muzeylarimizga tashrif buyuruvchilar ham siyrak boʻlardi.
Jahon tajribasi. Bugun dunyoning koʻpgina rivojlangan davlatlarida muzeylar allaqachon kishilarning asosiy koʻngilochar maskanlardan biriga aylanib boʻlgan.
Masalan, AQSHda oʻtkazilgan soʻrovlarda 69 foiz amerikaliklar maʼnaviy-maʼrifiy hordiq chiqrish uchun aynan turli muzey va tarixiy-meʼmoriy yodgorliklarga tashrif buyurishlarni aytganlar. Bu mamlakatda bugun 35 mingdan ziyod katta-kichik muzeylar boʻlib, doim odamlar bilan gavjum.
Umuman, muzeylar allaqachon turizmning bir qismiga aylangan boʻlib, yer kurrasining turli nuqtalaridan yiliga milionlab kishilarga mezbonlik qiladi.
Masalan, poytaxt Vashingtondagi Havo va koinot Milliy muzeyini olaylik. Bu yerga butun dunyodan yiliga 7 milliondan ziyod kishi tashrif buyurib, tashrif buyuruvchilar soniga koʻra 2017 yilda dunyoda 3-oʻrinda turgan. Nyu-Yorkdagi Sanʼat muzeyi esa mazkur koʻrsatkich boʻyicha dunyoda 4-oʻrinda turib, bu yerga 2017 yilda 6.6 million kishi tashrif buyurgan.
Mamlakat poytaxtidagi Tabiiy fanlar Milliy muzeyiga esa 2017 yilda 6 million kishi tashrif buyurib, dunyo reytingida tashrifchilar soniga koʻra 6-oʻrinda turgan.
Umuman, muzeylar allaqachon turizmning bir qismiga aylangan boʻlib, yer kurrasining turli nuqtalaridan yiliga millionlab kishilarga mezbonlik qiladi.
AQSH MUZEYLARI NEGA DOIM GAVJUM?
Darhaqiqat, savol tugʻiladi: nima uchun bu mamlakatda muzeylarga millionlab kishilar keladi? AQSHda muzeylarning andoza olishga arzigulik qanday jihatlari mavjud?
Birinchidan, AQSHda muzeylar nafaqat kattalar, balki bolalar uchun ham moʻljallangan. Chunki, u xoh tarix muzeyi, xoh arxitektura muzeyi, xoh toʻqimachilik muzeyi boʻladimi, ularda albatta kichkintoylar uchun “Bolalar burchagi” tashkillashtirilgan.
Masalan, Vashingtondagi Qurilish va Arxitektura muzeyining Bolalar zalida turli bino, koʻprik, yoʻl va tunnellar qurish uchun oʻyinchoq qurilish ashyolari, xonani dizaynlash uchun oʻyinchoq uy jihozlari bilan toʻldirilgan boʻlsa, Amerika hundulari tarixi Milliy muzeyining Bolalar zali esa amerika hindulari turmush tarzi va madaniyatini aks ettiruvchi oʻyinchoq maishiy uy anjomlari, mehnat qurollari bilan toʻldirilgan. Bu yerga kelgan bola oʻzini bamisoli hundu qabilalar makoniga tushib qolganday his qiladi.
Bolalar zalining bir burchagida moʻjazgina mutolaa burchagi ham tashkil etilgan. Bu yerda hundular bilan bogʻliq minglab ertak kitoblar jo boʻlgan.
Amerika tarixi Milliy Muzeyining Bolalar zali esa “Oʻz qoʻlimiz bilan yasaymiz” mashgʻulotlari xonasini eslatib, bu yerda bolalar oʻz qoʻllari bilan turli buyumlar yasashlari mumkin.
Havo va koinot Milliy muzeyida esa bolalar nafaqat samolyot, raketa, satellit va boshqa havo mashinalaridan namunalar, qismlar koʻrishlari mumkin, balki turli-tuman katta-kichik samolyotlarga oʻtirib, xayolan boshqarishlari, samoga parvoz qilishlari mumkin.
“Yosh olimlar labaratoriyasi”da esa shamol qanday hosil boʻladi, vertolyot va samolyotlar nega uchadi, yerning tortishish kuchi nima, kabi qator savollarga koʻrgazmali tarzda javob oladilar.
Xususan, muzeydagi “Oyda vazningiz necha kg.ni tashkil etgan boʻlardi?” deb nomlangan vazn oʻlchash uskinasi koʻpgina bolalarda katta qiziqish uygʻotishiga guvoh boʻlishingiz mumkin. Mazkur oʻziga xos tarozi orqali bolalar boshqa sayyoralarga tushib qolgudek boʻlsa, vazni ham maʼlum kilogrammga oʻzgarishi va buning sabablari haqida bilib oladilar.
Ikkinchidan, muzeylarda tez-tez sohaga oid turli mavzularda maʼruzalar, koʻrgazmali namoyishlar, suhbat, amaliy mashgʻulotlar uyushtiriladi.
Bolalar uchun esa muntazam ravishda “Ertaklar olami” soati, “Oʻz qoʻlimiz bilan yasaymiz” amaliy mashgʻulotlari tashkil etiladi.
Masalan, kecha Havo va Koinot Milliy Muzeyida bolalar “Koinotga Parvoz qilgan filcha” ertagini tinglagan boʻlsalar, Tabiiy fanlar Milliy muzeyida esa “Dunyo va men” mashgʻulotida masʼul xodimlar turli oʻrgimchaklar haqida bolajonlarga koʻrgazmali tarzda maʼlumotlar beradilar.
Tirik oʻrgimchaklarni namoyish etib, uy sharoitida qanday xavfsiz boqish boʻyicha yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatdi.
Uchinchidan, muzeylarning virtual faoliyati, yaʼni internet saytlari faoliyati juda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Sayt orqali muzeyda ayni kunda qanday koʻrgazma boʻlib oʻtayotgani, qaysi zalda soat nechada qanday tadbir boʻlib oʻtishi haqida toʻliq maʼlumotlarga ega boʻlishingiz mumkin.
TADBIRLAR JADVALI ELYeKTRON MANZILINGIZGA YUBORILADI
Saytga kirib, “Elektron-xabar”ga obuna boʻlsangiz, elektron manzilingizga muntazam ravishda tadbirlar jadvali yuboriladi.
Koʻpgina muzey saytlarida mavzuga oid bolalar va kattalar uchun ilmiy kitoblar, maʼrifiy audio va videofilmlar, onlayn amaliy mashgʻulotlar, testlar joylashtirilgan boʻlib, kishilar bilimini oshirishga, dunyoqarashini kengaytirishga katta xizmat qiladi.
Umuman, AQSHda muzeylar nafaqat eksponatlarni namoyish etishga va noyob ashyolar orqali maʼlumot berishga, tabiat va jamiyat taraqqiyotining biror yoʻnalishini aks ettirishga qaratilgan, balki kishilarga, xususan, bolalar va yoshlarga turli oʻyinlar, ijodiy mashgʻulot va interaktiv muloqotlar orqali olamni kashf etishga, bilimlarini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib xulosa qiladigan boʻlsak, bizda ham muzeylar moddiy-texnik bazasini yaxshilash, tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, tashkiliy faoliyatini rivojlantirish ehtiyoji mavjud.
Yurtimizda ham har bir muzeyda bolalar uchun yuqoridagi kabi “Bolalar burchagi” yaratilishi va monand ravishda jihozlanishi, bolalar uchun muntazam turli qiziqarli maʼrifiy tadbirlar tashkillashtirilishi muzeylarni gavjum maskanlardan birga aylantiradi. Tom maʼnoda maʼnaviyat, madaniyat, maʼrifat oʻchogʻi sifatida xizmat qiladi.
Oydin Saʼdullayeva, AQSH
Manbaa: OʻzA