“Nezavisimaya gazeta”: Oʻzbekiston jadal tashqi siyosat yuritmoqda

0
781
marta koʻrilgan.
 
 Rossiyaning «Nezavisimaya gazeta» nashri Oʻzbekistonga Shavkat Mirziyoyev rahbarlik qila boshlaganiga bir yil toʻlganini qayd qildi. Shubhasiz, bir yil – muayayn xulosalar chiqarish uchun qisqa muddat, ammo bu namoyon boʻlishga ulgurgan tendensiyalarni sezish, ularning ijobiy va salbiy taʼsirini baholash uchun yetarli muddatdir.

Toshkentning tashqi siyosatida sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar ayniqsa, yaqqol sezilmoqda. Bu oʻrinda Oʻzbekistonning mintaqadagi qoʻshnilar bilan munosabatlarni yoʻlga qoʻyishga intilayotganini alohida ajratib koʻrsatish mumkin. Shunisi diqqatga sazovorki, Shavkat Mirziyoyevning  tashqi siyosiy faolligi qoʻshni Turkmaniston va Qozogʻistondan boshlangan.  

Ayni paytda rasmiy Toshkent oʻtgan yil davomida Moskva va Pekin bilan iqtisodiy muloqotni faollashtirdi. Shavkat Mirziyoyevning aprel oyida Rossiyaga safari natijasida qariyb 16 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi. Oʻzbekiston rahbarining shu yil may oyida  “Bir makon – bir yoʻl” sammiti doirasida Pekinga ilk safari davomida Oʻzbekiston va Xitoy davlatlari oʻrtasida qiymati 20 milliard dollardan katta boʻlgan bitimlar imzolandi.

Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi diqqatga sazovor oʻzgarishlardan yana biri Toshkentning Gʻarb davlatlari bilan munosabatlariga taalluqlidir. Bu borada hozirgi paytda oshkora iliqlik kuzatilmoqda. Jumladan, noyabr oyida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki koʻp yillik tanaffusdan soʻng Oʻzbekistonda qayta faoliyat koʻrsata boshladi. Janubiy Koreyaga safar davomida Oʻzbekiston Prezidenti mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha ishlar qayta boshlanganini eʼlon qildi. Seul, oʻz navbatida, Toshkentga bu borada maslahat yordamini koʻrsatishga vaʼda berdi. Oʻzbekistonning Gʻarb bilan aloqalari jonlanishiga Myunxenda noyabrda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Germaniya biznes-forumi, shuningdek,  Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasining Vashingtonga tashrifi turtki berdi. Ushbu qadamlar kelajakda Toshkent ham tashqi siyosat, ham ichki siyosat sohalarida xalqaro siyosiy va iqtisodiy amaliyotlarga koʻproq mos boʻlishga intilishidan dalolat berayotgan boʻlsa, ajab emas.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.