Olmoniya kutubxonalari va nemis kitobxoni

0
1356
marta koʻrilgan.

Mustaqil mamlakatimizda xorijiy mutaxassislar bilan tajriba almashish anʼanaga aylangan. Yurtimizning koʻplab kutubxonachi-mutaxassislari Koreya, Rossiya, AQSH, Germaniya kabi mamlakatlarda xizmat safarida boʻlishdi. Toshkent shahar “Bilim” Axborot-kutubxona Markazi direktori Hafiza KARIMOVA bilan Olmoniya kutubxonalari va nemis kitobxoni haqida suhbatlashdik.

Istiqloldan keyin barcha sohalar kabi kutubxonachilik sohasi ham jadal rivojlantirilayapti. Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona buning yaqqol namunasi. Ayniqsa, xizmat koʻrsatishning yuksakligi, jumladan aʼzo boʻlishning juda qulay tizimi yaratilgani barchaga maʼqul kelyapti. Jahon kezgan, dunyo koʻrgan kishining esa hayratlari yanada koʻp boʻlishi, qiyoslash, solishtirish imkoniyatlari paydo boʻlishi bilan ahamiyatlidir. Suhbatimizni safarning maqsad va vazifalaridan boshlasak.

Safarimiz maqsadi – xorijning namunali tajribalarini oʻrganib, yurtimizdagi axborot kutubxona va axborot resurs markazlari faoliyatini yanada takomillashtirish, xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish, elektron kutubxonalar tashkil etish jarayonlarini yanada tezlashtirish, noyob adabiyotlarning saqlanishi, restavratsiya va konservatsiya jarayonlari bilan yaqindan tanishish edi. Zero, har bir xalqning oʻziga xos goʻzal tajribasi boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, tajriba almashish va malaka oshirish mutaxassisning dunyoqarashini kengaytiradi, qiyoslash, solishtirish imkoniyati paydo boʻlishi bilan yanada ahamiyatli boʻladi.

Safar davomida Berlin davlat kutubxonasi, uning sharqshunoslik va kitoblarni raqamlashtirish va restavratsiya boʻlimi bilan tanishdik. Amerika – Gedenk kutubxonasi, Kutubxona fondlarini saqlash boʻyicha ekspert markazi, Gumbold nomidagi Berlin universiteti kutubxonasi kabi koʻplab madaniy markazlarning faoliyati bilan yaqindan tanish imkoniyati boʻldi va ularning faoliyatini qiyosiy oʻrganish bizga katta ruhiyat bagʻishab, fikrat dunyomizni boyitdi.

Oʻzbekiston Respublikasining “Axborot kutubxona faoliyati toʻgʻrisida” Qonuni 2011 yil 25 martda qabul qilingan boʻlib, soha ushbu qonun bilan tartibga solinadi. Ularning qonunchilik va tizimni tartibga solish asoslari qay darajada?

Germaniyada kutubxonachilik qonun-qoidarini tartibga soluvchi yagona qonun qabul qilinmagan. Hatto, mamlakat miqyosida hech qanday huquqiy meʼyoriy hujjat ham mavjud emas. Mamlakatdagi oʻlkalarda maxsus ishlab chiqilgan tartib asosida kutubxona xizmati yoʻlga qoʻyilgan. Germaniyada qonun yoʻqligi tufayli “Kutubxonalarning siyosiy uyushmasi” tashkil etilgan. Uyushma ushbu sohadagi davlat siyosatini amalga oshiradi. Hozirgi kunda ikki xil uyushma mavjud, yaʼni kutubxonalar va kutubxona direktorlari uyushmasi. Kutubxona uyushmalari bundan 60 yil avval, direktorlar uyushmasi esa 2 yil oldin tashkil etilgan.

Alisher Navoiy nomidagi respublika Markaziy kutubxonamiz eng yetakchi maʼrifat maskani hisoblanadi. Ularning Markaziy kutubxonasidan olgan taassurotlaringiz?.

Germaniyada Milliy kutubxona darajasidagi kutubxonalar soni toʻrtta hisoblanadi. Ularning biri Frankfurtda joylashgan. Ikkinchisi Bavariya davlat kutubxonasi, uchinchisi Berlin davlat kutubxonasi, toʻrtinchisi esa Gumbold universiteti kutubxonasi boʻlib, biz ulardan ikkitasini Berlin davlat kutubxonasi va Gumbold universiteti kutubxonasining ish tajribasini oʻrgandik.

Berlin davlat kutubxonasi Yevropadagi eng katta va qadimiy qadriyatlarga ega kutubxonalardan biri hisoblanadi. Ushbu kutubxonaga bundan 355 yil avval davlat qiroli tomonidan asos solingan. Bu yerda sharqshunoslik boʻlimi eng katta boʻlimlardan biri ekanligi eʼtiborimizni tortdi. U yerda noyob kitoblar, qoʻl yozmalar saqlanishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Demak sharqqa oid kitoblar koʻpligi uchun ham boʻlim ulugʻvor. Bu yerda bizning mamlakatimizda yaratilgan Berlinga kelib qolgan va alohida Oʻrta Osiyoga tegishli boʻlgan qadimiy qoʻlyozmalar ham mavjud. Bundan deyarli 100 yil avval, 1919 yil sharqshunoslik boʻlimi ochilgan. Bu boʻlimning asosiy yoʻnalishlari – asarlarni saqlash, targʻibot qilish va sotib olishdir. Boʻlim Yaqin Sharq, Janubiy, Sharqiy Osiyo, Afrika davlatlaridan muhim tadqiqotlarga oid asarlarni sotib olishni uyushtiradi. Bu yerda 2,5 mingga yaqin qoʻl yozmalarning elektron shakli yaratilgan. Kelajakda barcha qoʻl yozmalarning raqamlashtirilishi rejalashtirilgan, ular ham ushbu ishni bizdagidek bosqichma-bosqich amalga oshirishmoqda. Ahvoli ogʻir boʻlgan, aniq asrab-avaylashga muxtoj boʻlgan asarlarni raqamlashtirish faoliyati alohida eʼtiborga molik. Bunday kitoblarning kitobxonlarga faqat elektron shakli beriladi.

Shuni ham alohida aytish kerakki, jahon miqyosida alohida nufuzga ega boʻlgan yaʼni noyob hujjatlar haqida “Hujjatlarning toʻplami” mavjud. Bu maskandagi 3 ta muhim hujjatning ushbu toʻplamga kiritilganligi ularning yutugʻi ekanligini taʼkidlashdi.

– Bu yerda aholiga xizmat koʻrsatish darajasi bizning kutubxonalardan farq qiladimi?

— Berlin davlat kutubxonasida aʼzolik badali bir oyga 12 yevro, bir yilga esa 30 yevro. Kutubxonaga masofadan turib yozilish uchun xam albatta kutubxonaga birinchi marta kelish kerak boʻladi. Chunki u pullik. Bizda esa aʼzo boʻlish, kitobxonlik qilish tekin hisoblanadi. Biroq menga ularning bir tajribasi maʼqul keldi. Bu yerga aʼzo boʻlgan kishi mamlakatdagi barcha kutubxonalarga ushbu maskandan berilgan guvohnoma orqali kira olar ekan.

– Yana kaysi ish uslubi sizga maʼqul keldi.

– Kitob saqlash boʻlimidagi ajratkichlarga eʼtibor berdik. Turli ranglardagi ajratkichlarda kitoblar tartibiga koʻzimiz tushdi. Bu ranglar nimani anglatishi barchamizni qiziqtirdi. Qizil rang oʻquv zaliga yaʼni kitobxonlarga buyurtma asosida berilgan kitoblarni bildirar ekan. Yashil va zangori rang – kitobxonlarning buyurtmasi asosida uyga berilishi mumkin boʻlgan va berilgan kitoblar ekan. Sariq rang – shikastlangan, restavratsiyaga muxtojligi bor kitoblar boʻlib, jigarrang – yoʻqolgan kitoblar ekan. Yoʻqolgan kitoblarning keyingi taqdiri bilan qiziqdik. Ulardan, qaysidir boʻlimda yoki boshqa zahiralar qatoriga qoʻshilib qolgan degan javob oldik. Bu rangdagi kitoblar bilan doimiy ish olib borilar ekan.

Uni oʻzim ishlaydigan Toshkent shahar kutubxonasiga va barcha ARMlarga tadbik etish mumkin deb oʻyladim. Zero, bu kitoblarni asrab avaylashga, mutaxassislarni masʼuliyat bilan oʻz ishiga yondoshishga chorlaydi.

Gumbold universiteti kutubxonasi nega markaziy kutubxona hisoblanadi.

Darhaqiqat savolingiz oʻrinli. Gumbold universiteti mamlakatdagi faylasuflarning 3 ta universitetidan biri hisoblanadi. Biroq, bu yerda mamlakatda yagona boʻlgan kutubxonashunoslik boʻyicha bilimlar nazariyasi oʻrgatiladi va doktorlik unvoni uchun ilmiy ishlar asosan shu yerda himoya qilinadi. Kutubxonashunoslik kafedrasi mavjud boʻlib, professorlar faoliyat olib borishadi. Shuningdek, bu yerga davlat miqyosidagi tajribali mutaxassislar ham dars oʻtish uchun jalb etiladi. Universitetda bakalavr boʻyicha 2 ta, magistratura boʻyicha ham 2 ta yoʻnalish mavjud.

Markaziy va hududiy davlat kutubxonalarining oʻzaro aloqasiga eʼtibor berdingizmi?

Markaziy va hududiy davlat kutubxonasi fondlarining saqlanishi boʻyicha ekspert markazi bilan ham tanishdik. Markaz Kengashi 3 yoʻnalish boʻyicha faoliyat olib borar ekan. Bu yerda kutubxonachilik faoliyatiga oid maxsus zamonaviy texnikalar oʻrgatiladi, Qadoqlash, poʻpanak bosishi kabi zahiraning saqlanishiga salbiy taʼsir etuvchi omillarga oid masalalarni oʻrgatuvchi oʻquv kurslari muntazam uyushtiriladi. Xullas, uzluksiz mutaxassis malakasini oshirilishiga koʻmaklashiladi.

Shuningdek, omma bilan ishlash yaʼni ularga axborot va maʼlumot yetkazish hamda qiziqarli maʼlumotlarni yigʻib kutubxona saytlariga joylashtirish ham ularning vazifasiga kiradi.

Inson huquqlarini himoya qilish instituti kutubxonasi asosan nogironlarga va koʻzi ojiz fuqarolarga xizmat koʻrsatadi. Bu yerda “Kompas kitobi” mavjud boʻlib u koʻzi ojiz va quloqi eshitmaydigan kishilar uchun maxsus texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan ekan. Hatto ularning elektron shakli onlaynga qoʻyilgan ekan. Bu degani nogironlar zamonaviy texnikalardan foydalanib, internetdan ham foydalanisha olishar ekan.

Kutubxona asosan “Insonlarning milliy huquqlarni himoya qilish”ga oid maʼlumotlarni toʻplaydi va targʻibot qiladi. Faqat Germaniya aholisi uchun moʻljallangan. Bu tizim 2002 yilda tuzilgan. Ingliz tilida ish yuritiladi.

Hududiy kutubxonalaridan olgan tassurotlaringiz?

Treptov – Kopenik tuman kutubxonasi oʻz hududidagi 153 ming aholiga xizmat koʻrsatadi. Kutubxona ikki joyda joylashgan va ikkita binodan iborat boʻlgan tuman Markaziy kutubxona hisoblanadi, Bu yerda kitob topshirish jarayoni avtomatlashtirilgan. Kutubxona yopiq boʻlganida ham kitob topshirish va olish imkoniyati yoʻlga qoʻyilgan. Maxsus apparat xizmat qiladi. Eng asosiysi topshirilayotgan kitoblar yana oʻz joyiga yoʻnalishiga qoʻyiladi.

Pablo Neruda kutubxonasining oʻziga xos tomoni shuki, talabalarga imtiyozli, olimlar, pensionerlar va ishsizlarga esa bepul aʼzolik bileti beriladi.

Tahlil natijalariga koʻra oxirgi 10 yilda Germaniyada 60 foizga kutubxonalarda xizmatchilar soni qisqartirilgan. Moliyaviy qiyinchiliklar va muammolar pensiya yoshiga yetgan xodimlarning shtatini qisqartirish bilan yechilmoqda.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, har bir sohaning zamon talablari asosida faoliyat yuritishi uchun rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasini muntazam kuzatib va oʻrganib borish muhim ahamiyatga ega. Mustaqil Oʻzbekistonimizda mana shunday xizmat safarlarining tashkil etilishi, albatta biz kabi soha mutaxassislari uchun quvonarlidir. Bizning safar davomida olgan taassurotlarimiz, bilim va koʻnikmalarimiz ish jarayonida oʻzining ijobiy natijasini beradi, kelgusida yangi gʻoyalar ishlab chiqishga, elektron kutubxona va elektron katalog yaratishda, xizmat koʻrsatishning samarali usullaridan foydalanishga mustaxkam zamin yaratadi, deb ishonch bilan aytish mumkin.

– Qiziqarli suhbatingiz uchun tashakkur.

Raʼno Zaripova,  Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.