Barchamizga maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 2018 yil 15-17 may kunlari ilk rasmiy tashrif bilan AQSHda boʻldi.
AQSH davlat rahbari mamlakatimiz rahbarini Oq uyda qabul qilib, har ikki davlat oʻrtasida Oʻzbekiston – AQSH hamkorligini rivojlantirish istiqbollari, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan muzokaralar olib borildi. Vashingtonda yurtboshimiz, shuningdek, AQSH Kongressi, Mudofaa vazirligi va Davlat departamenti hamda Jahon bankida ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.
Ushbu uchrashuvlar, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Amerikaga rasmiy tashrifi, har ikki davlat rahbarlarinig muzokaralari AQSH matbuotida qanday oʻz aksini topdi?
Aytish kerakki, avvalo AQSH Prezidenti D.Tramp Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev va uning delegatsiyasini iliq kutib olib, uchrashuvda Sh.Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda muhim siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishda erishilayotgan ulkan yutuqlarni eʼtirof etdi. D.Trampning bu iliq soʻz va munosabatlari oʻz navbatida mamlakat matbuotida ham oʻz aksini topdi. Masalan, “Prezident Sh.Mirziyoyevni qabul qilish biz uchun sharaf. Mamlakat rahbarini xorijda ham, oʻz yurtida ham chuqur hurmat qilishadi, deb aytdi Tramp,” – deb yoziladi www.cnn.com saytining “Oq uy: Tramp Oʻzbekiston rahbarini matbuot va siyosiy erkinlik sari undaydi” sarlavhali maqolasida (16 may, 2018 yil). Shuningdek, ushbu maqolada “Oʻzbekiston Prezidenti ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik aloqalarning yangi davrini boshlab berdi” deb yoziladi.
“Mirziyoyev mamlakatda siyosiy mahbuslarni ozod etish, tashqi valyutani ayriboshlashdagi cheklovlarni olib tashlash, oʻquvchilarni majburiy paxta terimiga jalb etilishini bekor qilish kabi ichki siyosatlari orqali bir qator liberallashuv islohatlarini olib bormoqda”, deb taʼkidlanadi maqolada.
“Dunyodagi eng yirik davlatlar — Rossiya, Xitoy va AQSH hukumatlari Afgʻonistondagi oʻz siyosatini olib borishda turli resurslarga boy hamda hududiy jihatdan strategik ahamiyatga ega boʻlgan Oʻzbekiston bilan doim yaqinlashishga urinib keladilar. Mirziyoyev esa Rossiya bilan doʻstona aloqalarni uzmagan holda gʻarb bilan ham munosabatlarni mustahkamlayapti” deb yoziladi maqolada.
“Vashington Post” gazetasidagi “Tramp Oʻzbekiston Prezidenti bilan Afgʻoniston masalasida uchrashdi” sarlavhali maqolada esa (16 may, 2018 yil) “Mirziyoyev Milliy xavfsizlik xizmatidagi koʻplab eski tartibda ishlovchi boshliqlarni vazifasidan ozod etib, katta oʻzgarishlar olib boryapti” deb yoziladi. Maqolada ayniqsa, Afgʻoniston masalasiga alohida urgʻu berilib, jumladan, shunday deyiladi: “Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan chegaradosh mamlakat ekanligi bilan ham katta ahamiyatga ega. Oq uydagi uchrashuvda ikki mamlakat rahbarlari Afgʻonistondagi vaziyatni tahlil etdilar”.
Maqolada har ikki mamlakat oʻrtasida savdo-sotiq va harbiy sohada keng hamkorlik yoʻlga qoʻyilgani, jumladan, kechagi uchrashuvda AQSHning qator yetakchi kompaniyalari bilan shartnomalar tuzilgani aytiladi.
Umuman olganda, AQSH matbuotidagi Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi aloqalarning tahlili ijobiy ruhga koʻchganligini taʼkidlash kerak. Maqolalardan koʻrinib turibdiki, AQSH maʼmuriyati yangi hamkorlikdan ijobiy natijalar kutmoqda. Shak-shubhasiz, biz ham bunday teng manfaatli munosabatlar har ikki mamlakat foydasi uchun xizmat qiladi, deb ishonamiz.
Oydin Saʼdullayeva, Gujum.uz internet nashrining Vashingtondagi muxbiri