Oʻzbekiston-AQSH: Milliy qadriyatlar – oʻzaro hurmat manbai

0
183
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston va AQSHdagi Prezident saylovlaridan keyin ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar yangi bosqichga koʻtarildi. 2018 yilda «Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishi» deb nomlangan Qoʻshma bayonot qabul qilindi. Bu hujjat ikki davlat rahbarlarining yakdil va qatʼiy irodasi ifodasi boʻldi.

Yangi davr oʻz nomi bilan yangi. U oʻzaro anglashuv, hurmatning yangi darajasini boshlab berdi. Vashingtondagi qabul marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “…Garchi mamlakatlarimiz geografik nuqtai nazardan bir-biridan olis boʻlsa-da, mehnatsevarlik, bagʻrikenglik va vatanparvarlik kabi qadriyatlar xalqlarimizni birlashtirib turadi”, dedi. Donald Tramp esa «…Ishonamanki, sifat jihatidan yangi pogʻonaga koʻtarilgan hamkorligimiz ikki mamlakat porloq kelajagining muqaddimasi, xolos», deya eʼtirof etdi.
 
Oliy darajadagi uchrashuvda tilgan olingan bu jihatlar xalqlarimizni bir-biriga chuqurroq, qaytadan anglata, tanishtira boshladi.
 
Beruniy va Kolumb
 
Oʻzbekiston va AQSH munosabatlarida ikki mamlakat Prezidentlarining yangi davrni boshlab bergani bejiz emas. Bunda tarixiy hikmat bor. Amerikani ikki kishi kashf qilgan. Ilk bor – Beruniy, soʻngra – Kolumb. Shuning uchun Manxettenda turgan Kolumbning oldiga Beruniyning haykali oʻrnatilsa, tarixiy adolat qaror topardi. Bu Kolumbning qoʻliga xarita berib, yoʻl koʻrsatgan buyuk Beruniyga minnatdorlik izhori boʻlardi. Xuddi Fransiyada Sohibqiron Amir Temurga qoʻyilgan “Yevropa xaloskori” haykalidek…
 
2012 yilning 13 oktyabr kuni Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron oʻz saytida “… 1492 yilning 12 oktyabrida Xristofor Kolumb Amerika qitʼasini yevropaliklar uchun kashf etgan edi. Yevropaliklar uchun deyishimning sababi, osiyoliklar, xususan, qadimiy turklaru xitoyliklar qadim-qadimdan Yevropa uchun nomaʼlum boʻlgan qitʼa bilan tanish edilar”, degan satrlarni bitdi.
 
Geografik masofa, biz 74 yil yashagan sobiq tizimning mafkurasi amerika va oʻzbek xalqlarining bir-birlari haqidagi tasavvurlarida oʻz izini qoldirganini yaxshi bilamiz. Bu haqda Ahmadjon Meliboyev shunday yozadi: “Shoʻrolar davrida chop etilgan kitoblarni oʻqisang, Gʻarbga safar qilish u yoqda tursin, bu toʻgʻrida oʻylashga ham xohishing qolmasdi. Nega desangiz, ularda yozilishicha, dunyoning jamiki illati – shu joyda, jamiyat irib-chirib borayotgan, boylar kambagʻallarni ezib-yanchayotgan, fermerlar ortiqcha mahsulotlarini arzon-garovga sotishdan koʻra, ustiga kerosin sepib axlatga tashlayotgan boʻlardi. Koʻchaga chiqsang – qarso-qurs otishma toʻs-toʻpolon. Bir yoqda yuz qavatli, salobatidan bulut choʻchiydigan hashamatli binolar, ikkinchi yoqda mayda-chuyda, puf deyilsa, toʻzgʻib ketadigan xaroba uylar. Mehr-muruvvat, saxovat, degan gapdan asar ham yoʻq. Bu gaplarga ishonganmiz. U paytlarda ishonmaslikning oʻzi gumrohlik edi…” Yoshlarimizga bunday qarash gʻalati tuyular. Lekin aynan shunday edi. Bu sinfiy yondashuv, deyilardi.
 
Bugun – xalqaro munosabatlarning mutlaqo yangi – tenglik, oʻzaro hurmatga asoslangan formati amalda. Oʻzligimizga hurmatimiz oshgani sari jahoniy eʼtiborimiz yuksalmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Donald Tramp taklifiga binoan 2018 yil 15-17 may kunlari AQSHga qilgan rasmiy tashrifi buning yaqqol misoli boʻldi. Ikki davlat Prezidentlarining qoʻllari yaxshi niyat, bir-birini anglash, hurmatga qurilgan, uzoq muddatli sheriklik uchun mahkam siqildi. 
 
Amerikacha mehnatsevarlik
 
Tarixdan maʼlum, amerika qadriyatlari yangi yerga yaxshi hayot umidida koʻchib kelgan, oʻz qobiliyat va matonatini ishga solib, qiyinchiliklarni yengib yashagan muhojirlarning orzularidan boshlangan. XIX asrda mashhur boʻlgan, faqat oʻziga va otiga ishonuvchi, barcha xavflarga qarshi tura oluvchi mard, birsoʻz, tavakkalchi kovboy obrazi maʼlum. Ana shu “kovboy ruhi” bilan “millat otalari” rahnamoligida kurashib, mustaqillikka chiqishdi. Oʻrmonlar oʻzlashtirildi, konlar topildi. Sanoat gurillab, osmonoʻpar binolar qurildi. Tadbirkorlar boyib, ishchi oʻrinlar koʻpaydi, odamlarning samarali mehnatiga, farovon yashashiga sharoit yaratib berildi. Amerikaliklar buni yaxshi biladi va “boylar birovlarning hisobiga yashaydi”, deb hisoblashmaydi.
 
Rostdan shundaymi? Manbalarga koʻra, amerikaliklar bir haftada 38 soat ishlaydi. Bu fransuz, nemis, avstraliyaliklarga qaraganda koʻproq.
 
Bunda amerikaliklarning milliy gʻoyasi – “Amerika orzusi”ning roli katta. Bu ibora amerika xalqi moddiy va maʼnaviy orzularining ifodasi. Uilyam Sefayrning “Siyosiy lugʻati”da «Amerika orzusi” – bu, “asoschi otalar” belgilab bergan ideal erkinlik va imkoniyatlarning ifodasi; amerika millatining maʼnaviy qudrati, agarda AQSH tuzumi Amerika siyosatining skeleti boʻlsa, “Amerika orzusi” – uning qalbi”, deyiladi. “Amerika orzusi”ning tarkibiy qismlari sifatida halol mehnat bilan oʻzini namoyon qilish, erkin tadbirkorlik, ijtimoiy masʼuliyat, vatandoshlarni hurmat qilish, jamiyatda odamning hurmat-eʼtibori va rolining oshishi eʼtirof etiladi.
 
Amerikaliklar maʼnaviyatida kelajakka ishonch yetakchi qadriyat hisoblanadi. Bu ularga tuganmas optimizm ruhini bagʻishlaydi. Shuning uchun ular omadsizlikka uchrasa «Bu gal oʻxshamadi, lekin endi oqilona yoʻllarini topaman», deb ishni qayta boshlaydi.
 
Keyingi oʻn yilliklar amerikaliklarning kelajakka intilishiga kuchli impuls berdi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari ularni “olgʻa yuguruvchilar”dan “oldinga sakrovchilar”ga aylantirdi. Hamma narsa kompyuterlashdi. Internet, sunʼiy yoʻldoshga ulangan telefonlar aholi mobilligini bir necha karra tezlashtirib yubordi.
 
Amerikaliklar farzandlarini hali bolaligidanoq mustaqil qarorlar qabul qilishga oʻrgata boradi. 18 yoshdan boshlab yoshlar ota-onaga yuk boʻlmaslik uchun ota uyini tark etib, oʻqishga, ishga chiqib ketadi. Shaxsiy hayoti bilan bogʻliq barcha muammolarni oʻzlari hal qiladi. Yoshlarning ota-ona bagʻrida 18 yoshdan keyin qolib ketishi atrofdagilarda ular haqida “xom”, hayotga tayyor emas”, “umurtqasi yoʻqmi, ota-onasiga yuk boʻlayapti”, degan norozilikni uygʻotadi. Baʼzan ota-ona yosh oʻgʻil-qizlariga yordam beradi. Biroq, buni bolamiz uyalmasin, deb imi-jimida qiladi.
 
Amerikaliklar vaqtni – pul, deydi. Bu qoidaga nafaqat ishlab chiqarishda, balki hamma joyda, masalan, savdo va xizmat koʻrsatishda ham amal qilishadi. Jarayonlarni avtomatlashtirib, hammaning vaqtini tejashadi. Ayni vaqtda ishchan va gʻayratli odamlarni koʻproq hurmat qilishadi. Shuning uchun boy amerikaliklar qartayib qolganida ham ishlaydi. Pul uchun emas, ishsiz yashay olmasligi uchun.
 
Sotsiologlarning tadqiqotlariga koʻra, amerikaliklar monoxron madaniyatga mansub xalq. Yaʼni ular har bir ishni birma-bir, qatʼiy ketma-ketlikda, tartib bilan, oʻzbekcha qilib aytganda, risoladagidek bajarishadi. Hatto tartibga rioya qilish ularning oʻsha lahzalardagi manfaatiga zid kelsa ham. Masalan, maktabda qoʻngʻiroq chalingach dars har qancha qiziq boʻlmasin yoki mashgʻulot tugallanmagan boʻlsa ham toʻxtatiladi.
 
Polixron madaniyatga amal qiluvchi mamlakatlarda ishlarni bir vaqtda, yoʻl-yoʻlakay qilib olish, uchrashuv yoki majlisga biroz kechikib borilishi va bunga ahamiyat berilmasligi ham mumkin. Biroq, amerikalik uchun vaqt alohida qiymatga ega. Shu sababli, unda harakatdan toʻxtash, bekorchi gaplar uchun vaqt boʻlmaydi. Zero, muayyan vaqtdagi amaliy natijadorlik va foydali faollik qadrlanadi.
 
Amerikacha vatanparvarlik
 
Amerikada toʻplagan pulining miqdori bilan u odam qanchalik faolligi va jamiyat uchun foydalilik darajasi belgilanadi. Ayni vaqtda odamlar u haqda nima deyishayotgani, uni qanday baholashayotgani ham juda muhim hisoblanadi. Shu tariqa har bir odamning erishgan muvaffaqiyati u haqidagi ijtimoiy fikrda aks etadi. 
 
Odamlarning eʼtirofi, mashhurlik jamiyatda tanish-bilishlar davrasini kengaytiradi. Biroq yaqin doʻstlar kam boʻladi, chunki doʻstlik vaqt talab qiladi. Vaqt esa – pul. Odatda amerikaliklar notanish odamlarga, qoʻshnilariga yaxshi munosabatda boʻlishadi, biroq ular bilan doʻstona munosabatlarga kirishmaydi.
 
Amerika telekanallarida dasturlar koʻp, rang-barang. Ommabop shoular bepul boʻlib, oʻrtamiyona didga moʻljallangan. Mumtoz, klassik asarlar – opera, balet, simfonik musiqa, sheʼriy asarlar esa tansiq. Chunki ular qimmat baholanadi. Ulardan bahramand boʻlish uchun pulli telekanallarga bogʻlanish kerak. 
 
«Amerikaliklar – ogoh millat. Bu yerda biror shubhali, qonunga zid ish bilan shugʻullanayotgan tanishi yoki qoʻshnisining ustidan tegishli organlarga xabar berish uyat hisoblanmaydi. Amerikaliklar xarakterining mana shu fazilati koʻplab jinoyatlarning oldini olib, xavfsizlik darajasini oshirishga katta yordam bermoqda. Jinoyatchilik Germaniya, Norvegiyaga qaraganda koʻp (har 100 ming kishiga 4,6 ta qotillik). Biroq, bu koʻrsatkich ayrim mamlakatlarga nisbatan past va pasaya bormoqda. Masalan, 2005 yilda har 100 ming kishiga 416 ta avtomobil oʻgʻirligi toʻgʻri kelgan boʻlsa, 2010 yilga kelib bu raqam 239 taga kamaygan.
 
AQSHda jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan jamoatchilik nazorati yoʻlga qoʻyilgan. “Xalq drujinalari” faoliyat koʻrsatadi. Ular Neighborhood Watch (Ogoh qoʻshnichilik) deb nomlanadi. Odamlar guruhlarga uyushib, koʻchalarda patrullar yordamida tartib saqlanishini nazorat qilishadi. «Biz bir-birimizni ehtiyot qilamiz» shiori ostida amalga oshirilayotgan preventiv choralar jinoyatchilikning oldini olishda katta samara bermoqda», deb yozadi visasam.ru/emigration nashri. 
 
Amerikacha bagʻrikenglik
 
Xayriya va taʼlimga homiylik qilish jamiyat tomonidan yuksak qadrlanadi. Bu falsafa gumanitarizm, degan nom olgan. Masalan, AQSHning mashhur va boy kishilaridan Jon Rokfeller “Siz nima uchun universitet qurishga katta mablagʻingizni hadya qilayapsiz?”, degan savolga: «Xudo menga pul berdi, nega men uni Chikago universiteti qurilishiga sarflamasligim kerak?”, deb javob bergan. Koʻpchilik amerikaliklar odam oʻz umri va boyligining bir qismini insonparvarlik maqsadlariga sarflashi kerak. Ana shunda uni Xudo yarlaqaydi, odamlar undan rozi boʻladi, deb hisoblashadi. Bundan amerikaliklarda maʼnaviy va moddiy qadriyatlar bir-birini toʻldirib turadi, degan xulosaga kelish mumkin.
 
Eʼtibor bering, jahon xayriya indeksi boʻyicha AQSH 2017 yilda 139 mamlakat ichida 5-oʻrinni, 2016 yilda 50 mamlakat orasida oʻtkazilgan “Milliy taʼlim tizimi samaradorligi indeksi” tadqiqotida 1-oʻrinni egallagan. 
 
Erkinlik, demokratiya davrida yashayapmiz. Shu sababli Amerika haqida fikr bildirilganda kimdir ijobiy, kimdir salbiy fikrlarini yozadi. AQSHda yashab kelgan bir fuqaro “AQSH bizning milliy qadriyatlarimizni buzayapti”, degan vatanparvarlarga qoʻshilolmayman. Chunki men AQSHdan qaytib kelgach, amerika qadriyatlaridan birortasini mamlakatimizda koʻrmadim. Masalan, shahardan uzoqda avtohalokatdan jabrlangan odamni vertolyotda olib ketishganini, yoʻllarda “Tez yordam” mashinasiga yoʻl berib, oʻtkazib yuborishlarni, seni birov quvib oʻtayotganida tezlikni oshirmaslikni, axlatlarni belgilangan paketlarda, turiga qarab tashlashni, eshik tagida qoldirilgan pochta banderoliga hech kim tegmasligini, qoʻshnilar orasida devor boʻlmasligini, supermarketda seni oʻtkazib yuborgan kishiga rahmat aytib, uzr soʻrashni, avtomobilni taqiqlangan joylarga, bolalar maydonchalari yoniga qoʻymaslikni, kassa oldida 20 xil narsa xarid qilgan kishining 1-2 narsa olgan kishini navbatsiz oʻtkazib yuborishini, yoʻlda yotgan gʻisht sinigʻini olib tashlashni, avtomobilda biror hayvonni bexos turtib yuborgan haydovchining uni veterinarga olib borganini, hali juda yosh bolaning politsiya xodimidan tufli bogʻichini oʻtkazib berishini soʻrashi odatiy hol ekanligini, yaqin insoni vafot etgan kishi qoʻshnilardan yordam soʻrashini emas, qoʻshnilar unga yordamga kelishini men Amerikada koʻrdim. Bu amerika qadriyatlaridan birortasini mamlakatimizda koʻrmadim”, deb yozibdi.
 
Maʼnaviy qadriyatlar, madaniyat, sanʼat xalqlarimizning bir-birini anglashi, “xalq diplomatiyasi”, gumanitar hamkorlik aloqalarini mustahkamlashning cheksiz manbaidir. Buning ibrati Prezidentimizning Oʻzbekiston tarixini dunyoga targʻib etayotgan Frederik Starr va barcha amerikalik olimlarga tashakkurlarida namoyon boʻldi.
 
Oʻzbek maqom sanʼatini rivojlantirish, dunyoda targʻib etishga qoʻshgan hissasi uchun maqom ansamblining sobiq xonandasi Izro Malakovga “Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni berilgani unutilmas taassurot qoldirdi. Izro Malakov yuksak eʼtibor va qadrdon oʻzbek xalqining unvoni uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.
 
Bu kabi jihatlar Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirishga asos boʻlib xizmat qilmoqda.
 
Muhammadjon Quronov,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat
markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari.
 
Manba: OʻzA
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.