Oʻzbekiston davlat hokimiyatining yuqori pogʻonalarida ayollarning vakilligi boʻyicha Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo 130 dan ziyod mamlakatdan oʻzib ketdi

0
161
marta koʻrilgan.

JENEVA, 8 iyun. /«Dunyo» AA/. Parlamentlararo ittifoq (PI) rasmiy veb-sahifasi 2021 yil uchun «Siyosatda ayollar» infografikasini eʼlon qildi. Unda ayollarning turli mamlakatlar parlamentlari va hukumatlaridagi vakilligiga oid statistika keltirilgan, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbari boshchiligida Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlashga qaratilayotgan ustuvor eʼtibor natijasida xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi oʻrnini mustahkamlash masalalari davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Bu esa ayollarning davlat hokimiyati organlarining yuqori  pogʻonalarida vakilligining koʻpayishi va davlat idoralaridagi safining kengayishiga olib keldi.

Parlamentlararo ittifoq maʼlumotiga koʻra, ushbu koʻrsatkich boʻyicha Oʻzbekiston dunyoda 45-oʻrinni egallab turibdi. Respublikamiz shu maʼnoda PIga aʼzo 130 dan ortiq davlat, jumladan Germaniya, Avstraliya, Kanada, AQSH, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan oʻzib ketdi.

Bundan tashqari respublikamiz ayollar parlamentga rahbarlik qiladigan va hukumat tarkibiga kiradigan davlatlar roʻyxatiga kiritilgan. Qayd etish kerakki, xorijlik hamkorlar Senat Raisi Tanzila Norboyeva rahbarlik qilayotgan Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya faoliyatini yuqori baholamoqda.

Parlamentlararo ittifoq 1889 yilda tashkil etilgan. U 179 mamlakat parlamentlarini birlashtiruvchi parlamentlararo muloqot uchun eng yirik maydon hisoblanadi. Tashkilot tarkibiga, shuningdek, 13 ta hududiy parlament birlashma ham kiradi.

Oʻzbekiston Parlamentlararo ittifoqqa 1992 yil aʼzo boʻlgan.  

2019 yilning oktyabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari Akmal Saidov 2020-2023 yillarga moʻljallangan PI Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi etib saylandi. Keyinchalik, u Ijroiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari lavozimiga, shuningdek, tashkilotning Moliya qoʻmitasi aʼzoligiga  tayinlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.