Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” shaklidagi 15-vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi, deya xabar beradi Jahon Axborot Agentligi.
Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat idoralari rahbari turli sohalardagi mintaqalararo aloqalarning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Yevroittifoqning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili, Yevrokomissiya Vitse-prezidenti Federika Mogerini oʻz nutqida 17-iyun kuni tasdiqlangan YIning Markaziy Osiyodagi yangi Strategiyasiga alohida urgʻu berdi.
Vazir Abdulaziz Kamilov yigʻilishdagi nutqida YIning Markaziy Osiyo boʻyicha yangi Strategiyasida ifodalangan maqsadlar va vazifalar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda Oʻzbekistonni rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasiga toʻliq mos kelishini qayd etdi. Vazir Yevroittifoqning mintaqamiz mamlakatlari iqtisodini diversifikatsiyalash va raqabatbardosh qilishni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligiga yuqori baho berdi.
“Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangi strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida YI bilan samarali va konstruktiv hamkorlik qilishga qaʼiy sodiq”, — dedi Vazir.
Oʻzbekistonning ustuvor sohalarda, jumladan Kengaytirilgan sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolash orqali Yevroittifoq bilan aloqalarni jadallashtirish tarafdori ekanligi qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, Yevropa biznesi hali foydalanilmagan ulkan salohiyatni ishlatishi va 100 milliondan ortiq aholiga ega Markaziy Osiyo va Afgʻoniston bozoriga chiqishi mumkin.
Markaziy Osiyodagi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarning deyarli 60 foizi xom-ashyo sanoatiga yoʻnaltirilganligini inobatga olib Vazir investitsion loyihalarni axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya, moliyaviy xizmatlar, mashinasozlik, kimyo sanoati va qayta tiklanadigan energiya manbaalari kabi sohalarga qayta yoʻnaltirishni taklif qildi.
Abdulaziz Kamilov mintaqadagi aloqalar mavzusiga toʻxtalar ekan, davlatimiz rahbari olib borayotgan tashqi siyosatning asosiy gʻoyasi Markaziy Osiyoni umumiy barqarorlik, xavfsizlik va taraqqiyot hududiga aylantirish ekanligini taʼkidladi. Shu nuqtayi nazardan Markaziy Osiyodagi mamlakatlar rahbarlarining umumiy siyosiy irodalari tufayli oʻzaro ishonch muhiti mustahkamlanayotgani juda muhimdir. Bu koʻplab jiddiy mintaqaviy muammolar, birinchi navbatda xavfsizlik, chegaralar delimitatsiyasi va demarkatsiyasi, ekologiya, transchegaraviy suv manbalaridan oqilona foydalanish bilan bogʻliq masalalarga salmoqli va uzoq muddatli yechimlar topishga imkon beradi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Yevropa Ittifoqi bilan Afgʻoniston boʻyicha samarali hamkorlikni, xususan savdo, infratuzilma, transport va kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirishni alohida qayd etdi.
Oʻz nutqida Vazir madaniy-gumanitar sohada koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirish istiqbollariga batafsil toʻxtaldi.
Vazirlar uchrashuvi yakunlariga koʻra Qoʻshma kommyunike qabul qilindi.