Oʻzbekiston Prezidenti Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi

0
149
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seul shahrida Koreya Respublikasining yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbirda Koreya Respublikasi savdo, sanoat va energetika vaziri Mun Sin Uk, Koreya xalqaro savdo uyushmasi raisi Kristofer Ku, Koreya Eksimbanki, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), «SK Ecoplant», «Posco», «Samsung», «SK Nexilis», «Youngone», «KIA Motors», «K-water», «KT-Net» va koʻplab boshqa kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Xorijiy tashriflar chogʻida bunday uchrashuvlar oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylangan. Xususan, Oʻzbekiston Prezidenti 2017 yilda Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida yirik biznes-forum oʻtkazilgan edi. 2019 yilda esa davlat rahbarlari Toshkentdagi qoʻshma biznes-forumda ishtirok etdilar. Ushbu tadbirlar natijasida ishbilarmonlar oʻrtasida ishonch kuchaydi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklik faollashdi. Mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha sohalariga bozor mexanizmlarini joriy qilish borasidagi jiddiy yangilanishlar amalga oshirilayotgani ham hamkorlikning kengayishiga xizmat qilmoqda. Birgalikda biznes yuritishga halal bergan toʻsiqlar bartaraf etildi.

– Mamlakatimizda boshlangan oʻzgarishlar ortga qaytmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Yangi Oʻzbekiston strategiyasida mamlakatimizda tadbirkorlar uchun eng qulay sharoitlar yaratish, xorijiy biznes faoliyatini kengaytirish ishlarini davom ettirish koʻzda tutilgan. Oʻzbekistonning ishonchli doʻsti va alohida strategik sherigi – Koreya Respublikasi bilan barqaror, ishonchga asoslangan va jadal rivojlanib borayotgan hamkorlikni qadrlaymiz.

Ikki davlat oʻrtasida, shu jumladan savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida tizimli aloqalar yoʻlga qoʻyilgan. Maxsus ishchi guruh faoliyat yuritmoqda. Oʻzbekiston Investitsiya va tashqi savdo vazirligida Koreya Respublikasi bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun masʼul alohida departament tuzilgan.

Bunday eʼtibor va tizimli ishlar natijasida ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar misli koʻrilmagan yuqori darajaga koʻtarildi. Tovar ayirboshlash ikki barobarga ortib, 2,2 milliard dollarni tashkil etdi. Oʻzbekiston iqtisodiyotida Koreyadan yoʻnaltirilgan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar hajmi 7 milliard dollardan oshdi. Keyingi besh yilda mamlakatimizda Koreya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni ikki barobar koʻpaydi. Bugun ular mingtadan ortiq. Koreyalik kompaniyalar bilan birgalikda Oʻzbekistonda umumiy qiymati 9 milliard dollardan ziyod 52 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari Koreya kompaniyalarini birgalikda yangi, keng koʻlamli tashabbuslarni ishlab chiqishga chaqirdi.

Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari vakillari Oʻzbekistonda faol tadbirkorlik uchun yaratilgan sharoitlarni yuksak baholadi va investitsion hamkorlikni rivojlantirishga katta qiziqish bildirdi.

Uchrashuvda Koreya kompaniyalari bilan hamkorlikda raqamlashtirish, “yashil” energetika, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik sanoati, farmatsevtika, geologiya sohalari va boshqa koʻplab yoʻnalishlarda umumiy qiymati 5 milliard dollardan ortiq 40 ta yangi loyihani amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

 Prezident Shavkat Mirziyoyev bu rejalarni maʼqullab, mutasaddilarga aniq muddatlarini belgilagan holda tegishli “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishga topshiriq berdi.

– Bosh maqsadimiz – Koreya biznesi Oʻzbekistonda qulay muhitni his etib faoliyat yuritsin, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz Koreya kompaniyalari rahbarlarini Oʻzbekistonga kelish va u yerda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlardan foydalanishga taklif etdi.

Shu bilan Oʻzbekiston Prezidentining Koreya Respublikasiga davlat tashrifi yakuniga yetdi, davlatimiz rahbari Toshkentga joʻnab ketdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.