Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!
Amerika xalqi nomidan Melaniya va men Sizga va Oʻzbekiston xalqiga Ramazon hayiti munosabati bilan samimiy tabriklarimizni yoʻllaymiz.
Ramazon oyining yakunlanishini nishonlar ekanmiz, adolat va rahm-shafqatga asoslangan Islom dinining qoʻshnilarga yordam berish va turli eʼtiqoddagi insonlar bilan rizqini baham koʻrishdek muqaddas anʼanasini yanada teran anglaymiz. Iyd al-Fitr bir-birini qoʻllab-quvvatlash va barchaning oʻz salohiyatini toʻlaligicha yuzaga chiqarish imkonini beradigan jamiyat barpo etish masʼuliyatini yodga soladi.
Amerika Qoʻshma Shtatlari koʻplab din vakillari, shu jumladan, mamlakatimizga muhim hissa qoʻshgan va qurolli kuchlarimizda munosib xizmat qilgan amerikalik musulmonlarning ham yurtidir.
Men dunyodagi barcha musulmonlarga oʻzimning eng samimiy tabriklarimni yoʻllayman. Ushbu bayram kunlarida va kelgusi yilda ularga sihat-salomatlik va farovonlik tilayman. Ramazon hayiti muborak!
Hurmat bilan,
Donald J.Tramp,
Amerika Qoʻshma Shtatlari
Prezidenti
Shuningdek, quyidagilar oʻz tabriklarini yoʻllagan:
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev
Ikki muqaddas masjid xodimi, Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud
Saudiya Arabistoni Podshohligi valiahdi, Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari, mudofaa vaziri Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud
Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla Ikkinchi bin al-Husayn
Falastin Davlati Prezidenti, Falastin ozodlik tashkiloti Ijroiya qoʻmitasi raisi Mahmud Abbos
Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Yusuf Al-Usaymin
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.