Oʻzbekiston Prezidenti ShHT doirasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash muhimligini qayd etdi

0
102
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining taklifiga binoan 4 iyul kuni ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi navbatdagi majlisida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Hindiston tomonining raisligida oʻtgan tadbirda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon hamda Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min va ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi direktori Ruslan Mirzayev ham qatnashdi.

Kuzatuvchi mamlakatlar rahbarlari va faxriy mehmonlar sifatida sammitda Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Moʻgʻuliston Prezidenti Xurelsux Uxnaagiyn, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Kun tartibiga muvofiq, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston rahbari oʻz nutqida xalqaro munosabatlar tizimida roʻy berayotgan tub oʻzgarishlar – geosiyosiy keskinlik kuchayib, ziddiyatlar avj olayotgani, global barqarorlik va izchil taraqqiyotga xavf solayotgan yangi xatar va tahdidlar paydo boʻlayotgani, ekologiya, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi sohasidagi xavflar ortib borayotganini qayd etdi.

– Shu munosabat bilan konstruktiv va ishonchga asoslangan muloqotni yoʻlga qoʻyishga kuchli ehtiyoj borligi yaqqol koʻrinib turibdi, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.

Oʻzbekiston nizo va ziddiyatlarni hal qilish, tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan yechimlarni izlash va murosali qarorlarni qabul qilishda Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy oʻrniga nisbatan prinsipial pozitsiyaga rioya qilishi taʼkidlandi.

ShHT faoliyati toʻgʻrisida soʻz yuritar ekan, Oʻzbekiston Prezidenti ushbu tashkilot muvaffaqiyati uning asosiy tamoyillariga qatʼiy rioya etishga asoslanganligiga eʼtibor qaratdi. Bular — tashkilotning blokdan tashqari maqomi, ochiqlikka qatiy sodiqlik, tenglik va konsensus asosida qaror qabul qilish tamoyillaridir.

– Eng muhimi, bizning hamkorligimiz turli manfaatlar, yondashuvlar, qarashlar va madaniy tafovutlarni oʻzaro hurmat qilish va konstruktiv idrok etishga suyanadi, – dedi davlatimiz rahbari.

ShHTning mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalarni hal qilishda samarali xalqaro tuzilma sifatidagi yetakchi rolini saqlab qolish maqsadida qabul qilingan kelishuvlar va qarorlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish, shakllantirilgan institutlar va hamkorlik mexanizmlarining faoliyatini audit qilish, tashkilotni modernizatsiyalash boʻyicha kelishuvlarning bajarilishini jadallashtirish taklifi ilgari surildi. Ekspertlar forumi doirasida ShHT istiqbollari boʻyicha qoʻshma tadqiqot loyihasini amalga oshirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Sammitning kun tartibidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha aniq takliflarni bayon qildi.

Xususan, davlatimiz rahbari koʻp tomonlama siyosiy hujjat — ShHTning yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

– Uning qabul qilinishi ustuvor vazifalarni aniqlash, yangi sharoitlarda koʻp tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish boʻyicha umumiy yondashuvlar va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkonini beradi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oʻzbekiston rahbari ShHT davlatlari sanoat va innovatsion taraqqiyot koʻrsatkichlari boʻyicha yetakchilik qilgani holda ulkan intellektual salohiyatga, eng boy energiya va agrar resurslarga ega ekanini qayd etdi.

– Bugungi kunda ichki-mintaqaviy savdo va sanoat-texnologik hamkorlikni rivojlantirish uchun umumiy makonni shakllantirish tashabbusi har qachongidan ham dolzarbdir, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Shu  maʼnoda, Prezidentimiz innovatsion taraqqiyot, raqamlashtirish va robotlashtirish, sunʼiy intellekt, biotexnologiya, farmatsevtika va kelajak sanoatining boshqa tarmoqlarini qamrab oladigan ShHTning yangi iqtisodiy muloqoti dasturini qabul qilishni taklif etdi.

Bu yoʻnalishlardagi loyihalarni ilgari surish maqsadida davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda ShHTga aʼzo davlatlar hududlarining innovatsion sherikligi haftaligini hamda yuqori tehnologiyalar qoʻshma koʻrgazmasini oʻtkazish taklifini bildirdi.

Transport-kommunikatsiya masalalariga toʻxtalib, Oʻzbekiston Prezidenti ShHT davlatlarining transport oʻzaro bogʻliqligining yagona xaritasini ishlab chiqish tashabbusini bildirdi.

– Bu “toʻsiqlar” va “boʻshliqlar”ni aniqlash, umumiy, integratsiyalashgan transport-tranzit tizimini shakllantirish uchun ustuvor chora-tadbirlar va loyihalarni belgilash imkonini beradi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi yilni ShHT makonida Ekologiya yili deb eʼlon qilinishini qoʻllab-quvvatlab, mamlakatimiz yetakchisi “Yashil kamar” dasturi doirasida Mintaqaviy ekologik loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va “yashil” texnologiyalarni joriy etish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasini tayyorlashni taklif qildi.

– ShHT maydonida iqlim oʻzgarishiga moslashish, dekarbonizatsiya va “toza” texnologiyalarni joriy etish, “aqlli” qishloq xoʻjaligi va suv tejamkorligini rivojlantirish boʻyicha yaqinroq muvofiqlashtirish va amaliy hamkorlik zarur, — dedi davlatimiz rahbari.

Oʻzbekiston Prezidenti Samarqanddagi «Ipak yoʻli» xalqaro universiteti negizida shu yilning oktyabr oyida Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh assambleyasining yubiley sessiyasi doirasida ShHT turizm industriyasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazishga tayyorligini bildirdi.

Davlatimiz rahbari ShHTning boy madaniy-gumanitar salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish maqsadida oʻzaro muvofiqlashgan siyosatni amalga oshirishning dolzarb ahamiyatiga alohida toʻxtaldi. Shu munosabat bilan intensiv madaniy almashinuvning yillik taqvimini shakllantirishni amaliyotga joriy etish hamda “ShHT — kelajakning ijodiy gʻoyalari va tashabbuslari makoni” yoshlar almashinuvini kengaytirish boʻyicha Tadbirlar dasturini tayyorlash taklif qilindi.

ShHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi faoliyatini faollashtirish borasidagi saʼy-harakatlarni qayd etib, mamlakatimiz yetakchisi tuzilma kengashining sayyor yigʻilishlari amaliyotini davom ettirishni qoʻllab-quvvatladi, bu tuzilmaning zamonaviy tahdidlarga tezkor javob berish masalalarida vakolatlarini oshirishga imkon berishini taʼkidladi.

Yana bir muhim masala — Afgʻonistonda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatga toʻxtalib oʻtildi.

Prezidentimiz Afgʻonistonning bevosita qoʻshnilari boʻlgan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlari uzoq muddatli siyosiy yechimni topishdan barchadan koʻra manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Shu munosabat bilan “ShHT – Afgʻoniston” aloqa guruhi formatida qoʻshma faoliyatni va maslahatlashuvlarni qayta tiklash taklif qilindi.

Tadbir yakunida ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlari quyidagi hujjatlarni imzoladilar:

— ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining Nyu-Dehli deklaratsiyasi;

— 2030 yilga qadar ShHT mintaqasida iqtisodiy rivojlanish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror;

— Eron Islom Respublikasini ShHT aʼzoligiga qabul qilish tartibotini yakunlash va unga ShHTga aʼzo davlat maqomini berish toʻgʻrisida qaror;

—  Belarus Respublikasining ShHTga aʼzo davlat maqomini olish uchun majburiyatlari toʻgʻrisidagi memorandumni imzolash haqida qaror.

Bundan tashqari, iqtisodiy hamkorlik va raqamli transformatsiyani yanada rivojlantirish, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga qaratilgan 10 ta hujjat qabul qilindi.

ShHTga raislik Qozogʻiston Respublikasiga oʻtdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.