Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 noyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sakkizinchi sammitida ishtirok etdi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan tashabbusi bilan tadbir Istanbuldan janubi-sharqda joylashgan hamda Turkiya uchun tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan Demokratiya va ozodlik orolida boʻlib oʻtdi.
Kengash majlisida, shuningdek, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev hamda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban qatnashdi.
Sammit kun tartibiga muvofiq, savdo, investitsiyalar, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va kommunikatsiyalar, taʼlim va madaniyat sohalaridagi koʻp qirrali munosabatlarni har tomonlama kengaytirish va mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqining avvalida Oʻzbekiston Turkiy Kengash nomini «Turkiy davlatlar tashkiloti» deb oʻzgartirish hamda Turkmanistonga tashkilotda kuzatuvchi maqomini berish toʻgʻrisidagi tarixiy qarorlarni qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi. Bu muhim qadamlar tashkilot faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, uning xalqaro maydondagi oʻrni va nufuzini oshirishi qayd etildi.
Hozirgi vaqtda dunyoda yuz berayotgan shiddatli jarayonlar, turli tahdid va xatarlar, pandemiya sinovlari, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim oʻzgarishi va ekologiya bilan bogʻliq muammolar tashkilotga aʼzo davlatlar oldiga yangi dolzarb vazifalarni qoʻyayotgani taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston rahbari mamlakatlarimiz hamkorligining ulkan salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish va tashkilotni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdi.
Mamlakatlar oʻrtasidagi savdo aloqalari kengayishi uchun qulay va jozibador sharoitlar yaratish bosh ustuvor vazifa ekani koʻrsatib oʻtildi.
Oxirgi yillarda Oʻzbekistonning qardosh mamlakatlar bilan umumiy tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshgani alohida taʼkidlandi. Shu bilan birga, bu koʻrsatkich mavjud imkoniyatlar darajasida emas. Tahlillarga koʻra, 2020 yilda Kengashga aʼzo davlatlarning jami importi 420 milliard dollarga teng boʻlgan, ular oʻrtasidagi oʻzaro mahsulot yetkazib berish hajmi esa 21 milliard dollarni tashkil etgan.
Shu bois, uchinchi davlatlarning mahsulotlarini tashkilotga aʼzo mamlakatlarda ishlab chiqarish mumkin boʻlgan tovarlar hisobidan qoplash eng dolzarb vazifa ekani qayd etildi.
Bu borada mavjud imkoniyatlarni har tomonlama oʻrganish maqsadida Turkiy davlatlar savdo hamkorligi tadqiqot markazini tashkil etish taklifi bildirildi. Ushbu markaz savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, elektron tijoratni keng joriy qilish, eksport-import hajmini koʻpaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.
Oʻzbekiston Prezidenti transport va tranzit sohalarini rivojlantirish hamkorlikning muhim yoʻnalishi ekani, Tashkilotdagi mamlakatlarning savdo-iqtisodiy sherikligi kengayishiga xizmat qilishini taʼkidladi.
Bugungi vaziyat Xitoydan Yevropagacha mamlakatlarimiz hududlari orqali oʻtgan transqitʼaviy transport yoʻlaklarini yanada rivojlantirish va yangilarini yaratishni taqozo etmoqda.
Bu borada tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida “Turkiy davlatlar tashkilotining transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqlik dasturi”ni ishlab chiqish taklif qilindi.
Davlatimiz rahbari sanoat kooperatsiyasini kuchaytirishga chaqirdi. Bu borada qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish uchun aʼzo davlatlardagi ixtisoslashgan tashkilotlar negizida Injiniring va texnologiyalar markazlari tashkil etish taklifi bildirildi. Kelgusi yili Oʻzbekiston Turkiy davlatlar sanoat haftaligini oʻtkazishga tayyor ekani maʼlum qilindi.
Kengashning mazkur sammiti uchun “Raqamli asrda yashil texnologiyalar va “aqlli” shaharlar” mavzusi tanlanganini hisobga olib, Prezidentimiz “aqlli” shaharlarni yaratishda tajriba almashish va innovatsiyalarni transfer qilish maqsadida ekspertlar va IT-mutaxassislar uchun doimiy platformani tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Bu borada ilk qadam sifatida 2022 yilda ekspertlar konferensiyasini oʻtkazish taklif qilindi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida iqlim oʻzgarishi, uning Tashkilot mamlakatlariga taʼsirini yumshatish masalasi va Orol dengizining qurishi keltirib chiqarayotgan muammolarga ham toʻxtalib oʻtdi. Ekologik halokatlarning salbiy oqibatlarini yumshatish, ular tarqalishining oldini olish uchun Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda Turkiy mamlakatlarning atrof-muhit muhofazasi boʻyicha tuzilmasini tuzish, uning qarorgohini esa Orolboʻyining ekologik fojiadan eng koʻp jabr koʻrgan tumanlaridan birida joylashtirish gʻoyasini ilgari surdi.
Oʻzbekiston Prezidenti turizmni rivojlantirish mavzusiga alohida urgʻu berib, «Turkiy dunyo turizmi» va «Tabarruk ziyorat» loyihalarini amalga oshirish, hunarmandchilik koʻrgazmalari va etnosport musobaqalarini oʻtkazish, madaniy meros obyektlarini saqlash va tiklash masalalari, sohadagi hamkorlikning boshqa yoʻnalishlarini qamrab olgan «yoʻl xaritasi»ni ishlab chiqishni taklif qildi.
Davlatimiz rahbari bu galgi sammit davomida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis qilish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingani uchun minnatdorlik bildirib, tashkilotga aʼzo mamlakatlar fondlarida saqlanayotgan nodir asarlarni tadqiq va tarjima qilish, ularning yagona elektron bazasini yaratish muhimligini taʼkidladi.
Birgina Oʻzbekiston fondlarida tashkilot mamlakatlarining mushtarak tarixi va madaniyatiga aloqador 200 mingdan ortiq noyob qoʻlyozma asarlar saqlanmoqda. Shu munosabat bilan Turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini oʻrganish tadqiqot markazini tashkil etish taklif qilindi.
Yoshlar tashkilotga aʼzo mamlakatlar aholisining katta qismini tashkil etayotgani, yosh avlodning xalqlarimiz hayoti va taqdiridagi, oʻzaro munosabatlarimiz rivojidagi oʻrni tobora ortib borayotgani qayd etildi.
Oʻzbekiston yetakchisi yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kreativ gʻoya va loyihalarini ragʻbatlantirish, milliy qadriyatlarimizga yot boʻlgan taʼsirlardan asrab-avaylash barchamizning asosiy vazifalardan biri ekanini taʼkidladi.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari 2022 yilni Turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilishni taklif etdi. Uning doirasida birgalikda aniq chora-tadbirlardan iborat qoʻshma dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish, mazkur masalani navbatdagi sammit kun tartibining asosiy mavzusi etib belgilash taklif etildi.
Prezidentimiz oʻz nutqida barchaning eʼtibori markazida turgan Afgʻonistondagi hozirgi murakkab vaziyatga toʻxtaldi.
— Ushbu mamlakatning gumanitar inqirozga tushib, xalqaro maydonda yakkalanib qolishiga, uning terrorchilar makoniga aylanishiga yoʻl qoʻymaslik nihoyatda dolzarbdir. Afgʻonistonning yangi Hukumati bilan muloqotlarda yondashuvlarimiz umumiy va yakdil boʻlishi lozim, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sammit yakunida tashkilotga raislik Turkiya Respublikasiga oʻtishi va Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammiti kelgusi yilda Oʻzbekistonda oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi qarorlar qabul qilindi.
Davlat rahbarlari 10 dan ortiq hujjat — sammitning yakuniy deklaratsiyasini, “Turkiy dunyo nigohi — 2040” dasturiy hujjati va kun tartibiga kiritilgan boshqa qarorlarni imzoladilar.