Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 aprel kuni mamlakatimizda boʻlib turgan YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan DIIHB oʻrtasidagi konstruktiv muloqot va samarali sherilikni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari ikki tomonlama hamkorlik rivojida keyingi yillarda jiddiy oldinga siljishga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Byuroning keng koʻlamli missiyasi ilk bor mamlakatimizdagi Prezident va parlament saylovlarini kuzatishda ishtirok etdi.
DIIHBning tavsiyalarini implementatsiya qilishda, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksini qabul qilish va takomillashtirish doirasida muvaffaqiyatli hamkorlik olib borilgani taʼkidlandi.
Byuro ekspertlari Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiya hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonun loyihasini ishlab chiqishga jalb etilgan edi.
Oʻzbekiston DIIHB bilan, eng avvalo, inson huquqlari, soʻz, din va eʼtiqod erkinligi, gender tenglik, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlarning huquqiy bazasini ilgʻor xalqaro amaliyot asosida mustahkamlash borasida uzoq muddatli va samarali sheriklikni davom ettirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan muhim tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha birgalikda ishlash maqsadida may oyida Byuroning baholash missiyasi yurtimizga keladi.
YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi direktori Matteo Mekachchi samimiy qabul hamda ochiq va mazmunli suhbat uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Direktor mamlakatimizdagi barcha soha va yoʻnalishlarni qamrab olgan keng koʻlamli islohotlarni qatʼiy qoʻllab-quvvatlab, Byuro ularni muvaffaqiyatli amalga oshirishga har tomonlama koʻmaklashishga tayyor ekanini bildirdi.