Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Markaziy Osiyo davlatlari – Xitoy” onlayn sammitida ishtirok etdi

0
252
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 yanvar kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tashabbusi bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligiga bagʻishlab tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Xitoy davlat rahbarlarining videoanjuman shaklidagi uchrashuvida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbirda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ham qatnashdi.

Mamlakatlar yetakchilari Markaziy Osiyo davlatlari va XXR oʻrtasidagi 30 yillik hamkorlik yakunlarini sarhisob qildilar, koʻp qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari va kelgusi istiqbolga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari yuzasidan fikr almashdilar.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqining avvalida ishtirokchilarni yubiley sana bilan muborakbod etib, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik munosabatlar oʻtgan davrda jadal va barqaror tus olganini taʼkidladi.

Hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini bayon etar ekan, mamlakatimiz yetakchisi toʻsiqlarsiz savdoni taʼminlash hamda sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishning umumiy makonini shakllantirishga qaratilgan Yangi “Xitoy – Markaziy Osiyo” iqtisodiy muloqot strategiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

Oʻzbekiston Prezidenti “Xitoy – Markaziy Osiyo” yoʻnalishida uzluksiz yuk oqimini taʼminlash va transmintaqaviy logistika tarmoqlarini rivojlantirish uchun tizimli yechimlar ishlab chiqish muhim ekanini qayd etdi. “Xitoy – Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻlini barpo etish loyihasini amalga oshirishni joriy yildayoq boshlash taklif etildi.

Davlatimiz rahbari sammit ishtirokchilari eʼtiborini raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish zarurligiga qaratdi. IT-parklar negizida “Intellektual Ipak yoʻli” qoʻshma platformasini yaratish taklif qilindi.

Sogʻliqni saqlash va yuqumli kasalliklarga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik muhim yoʻnalishlardan biri sifatida qayd etildi. Vaksinalar ishlab chiqish, sinash va ishlab chiqarishda Xitoy bilan sheriklikni davom ettirishga tayyorlik bildirildi. Shuningdek, Oʻzbekiston mamlakatlarimiz oʻrtasida odamlar va tovarlar harakatini yengillashtirish maqsadida vaksinatsiya pasportlarining oʻzaro tan olinishi tarafdoridir.

Davlatimiz rahbari kambagʻallikni qisqartirish vazifasiga toʻxtalib, uning yechimini aholi farovonligini taʼminlashning eng muhim sharti deb atadi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston agrar tarmoqni modernizatsiya qilish, shoʻrlangan va shoʻrxok yerlarda ekinlar yetishtirish, shahar va qishloq oʻrtasida ishlab chiqarish zanjirlarini yoʻlga qoʻyish masalalarida Xitoy bilan hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Prezidenti pandemiya davrida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga tez ortib borayotgan ehtiyojlarini taʼminlashda yaqindan hamkorlik qilish va bu borada tezkor qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirishga chaqirdi. BMT Bosh Assambleyasining pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha alohida rezolyusiyasini qabul qilish toʻgʻrisidagi tashabbusni birgalikda ilgari surish taklif etildi.

Shu bilan bir qatorda, “Yashil Ipak yoʻli”ni barpo etish doirasida iqlim kun tartibini birgalikda ilgari surish zarurligi taʼkidlandi.

Muqobil energetika sohasida investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni jadallashtirishga qaratilgan “Ekologik toza rivojlanish”ni taʼminlash boʻyicha yoʻl xaritasini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlarini yanada yaqinlashtirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Mamlakatimiz yetakchisi kelgusi yilni “Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari madaniyati va sanʼati yili” deb eʼlon qilishni, unda asosiy eʼtiborni akademik va talabalar almashinuvi dasturlariga, yoshlar forumlari va sport musobaqalarini oʻtkazishga qaratishni taklif qildi.

Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash sohasidagi hamkorlikni davom ettirish masalalariga ham toʻxtaldi. “Xavfsiz Ipak yoʻli” konsepsiyasini amalga oshirish maqsadlaridan kelib chiqib Afgʻoniston yoʻnalishidagi qoʻshma saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishni davom ettirish muhim ekani qayd etildi.

Soʻzining yakunida davlatimiz rahbari Xitoy xalqiga Pekin shahridagi qishki Olimpiya oʻyinlari muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi.

Sammit yakunida Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikni yanada mustahkamlashning muhim masalalariga doir umumiy yondashuvlar aks topgan Qoʻshma bayonot qabul qilindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.