Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Xonimlar va janoblar!
Qadrli mehmonlar!
Avvalambor, “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasining barcha ishtirokchilarini chin qalbimdan samimiy qutlayman.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish janoblariga Forumni qoʻllab-quvvatlaganlari uchun alohida rahmat aytmoqchiman.
Bugungi davramizda Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻani Janobi Oliylarini hamda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon Janobi Oliylarini koʻrib turganimdan xursandman va ularga chuqur minnatdorlik izhor etaman.
Fursatdan foydalanib, anjumanimizda bevosita qatnashayotgan, asosiy hamkor davlatlarning tashqi ishlar vazirlari va yuqori martabali vakillariga, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jahonning yetakchi moliya institutlari rahbarlariga ham tashakkur bildiraman.
Murakkab pandemiya sharoitiga qaramasdan, siz, azizlarning Forumimizdagi ishtirokingiz ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga boʻlgan yuksak eʼtibor hamda qatʼiy intilishingizni yaqqol tasdiqlaydi.
Saxovatli va serquyosh Oʻzbekiston zaminiga xush kelibsiz!
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Markaziy va Janubiy Osiyo uzoq asrlar davomida xalqlar va sivilizatsiyalar oʻrtasida faol muloqotga xizmat qildi.
Ikki mintaqaning oʻzaro yaqin hamkorligi natijasida yangi bilim va falsafiy qarashlar, tibbiyot va astronomiya, joʻgʻrofiya va matematika, geodeziya va meʼmorchilik, diplomatiya sanʼati va davlat boshqaruvi sohasidagi yutuqlar, yuksak madaniy va maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlar keng yoyildi.
Mintaqalarimiz xalqlari bir necha bor umumiy davlatchilik tuzilmalari tarkibida, shu bilan birga, siyosiy, iqtisodiy va gumanitar makonda oʻzaro hamjihatlikda umr kechirganlar.
Ushbu hududda vujudga kelgan Xarappa sivilizatsiyasi, Yunon-Baqtriya va Kushon podshohligi, Turk xoqonligi, Xuroson va Movarounnahr, Gʻaznaviylar, Temuriylar, Boburiylar va boshqa davlatlar insoniyat tarixida chuqur iz qoldirgan.
Markaziy va Janubiy Osiyo azaldan ishonchli savdo yoʻllari bilan bogʻlanib, Yaqin Sharq, Yevropa va Xitoy mamlakatlari uchun oʻziga xos koʻprik vazifasini oʻtagan.
Bu haqda qadimgi yunon tarixchisi Strabon ham oʻz asarlarida Oks daryosi – hozirgi Amudaryo boʻylab “Kaspiy va Qora dengiz orqali Yevropaga mahsulotlar yetkazilgan”ini qayd etgan.
Eramizdan avvalgi uchinchi-ikkinchi ming yilliklardayoq Haybar va Bolan dovonlari orqali oʻtgan savdo yoʻllari tarmogʻi bizlarni oʻzaro bogʻlab turgan.
Markaziy va Janubiy Osiyoda islom, buddaviylik, hinduiylik dinlari va turli xalqlarning noyob anʼanalari tarqalishi tufayli buyuk etnomadaniy mushtaraklik qaror topgan, Sharqning boy va rang-barang madaniyati shakllangan.
Xalqlarimiz oʻrtasidagi ana shunday oʻzaro qalin aloqalar jadal intellektual va maʼrifiy yuksalishni taʼminladi.
Bu jarayon dunyoga Charaka va Sushruta, Braxmagupta va Al-Xorazmiy, Al-Fargʻoniy va Forobiy, Beruniy, Ibn Sino singari yana koʻplab yetuk olim va mutafakkirlarni yetkazib berdi. Ular insoniyat ilmiy va falsafiy tafakkurining boʻlgʻusi rivojini bir necha asr oldindan belgilab berdilar.
Milliy adabiyotlarimiz mumtoz namoyandalarining nomlari butun dunyoga maʼlum va mashhurdir. Bu birinchi navbatda Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Muhammad Haydar, Maxtumquli, Mirzo Gʻolib, Abay, Rabindranat Tagor, Sadriddin Ayniy, Chingiz Aytmatov ijodiga daxldordir. Ular oʻlmas asarlari bilan jahon xalqlari oʻrtasida tinchlik, ozodlik va insonparvarlik tamoyillarini, doʻstlik va oʻzaro ishonch gʻoyalarini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshdilar.
Buyuk olimlar – Abu Rayhon Beruniy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari tarixi, ilm-fani va madaniyatining chinakam ensiklopediyasidir.
Hindistonning birinchi Bosh vaziri Javaharlaʼl Neruning Bobur haqidagi “u dilbar shaxs, Uygʻonish davrining tipik hukmdori”, degan taʼrifi koʻpchilikka yaxshi maʼlum. Xususan, Bobur oʻzining fundamental asari “Boburnoma”da qayd etganidek, “oʻn oltinchi asrda Afgʻoniston hududi orqali Hindiston va Markaziy Osiyo oʻrtasida turli mollar ortilgan minglab tuyalardan iborat karvonlarning muntazam qatnovlari yoʻlga qoʻyilgan”.
Uning farmoniga binoan savdo yoʻllari boʻylab karvonsaroylar, quduq va sardobalar bunyod etilgan. Boburning nabirasi – Buyuk Akbarshoh ham bobosining ishlarini davom ettirgan holda, Hindiston tarixida bagʻrikeng va uzoqni koʻra biladigan hukmdor sifatida yorqin iz qoldirgan.
Taʼkidlash joizki, oʻsha vaqtlarda Markaziy va Janubiy Osiyoning savdo aloqalari Eron, Arabiston, Usmoniylar davlati, Xitoy, Rossiya singari boshqa mamlakatlar bilan ham faol olib borilgan.
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Hindiston hukmdori Avrangzeb 1695 yilda rus savdogari Semyon Malenkoyga mamlakatda savdo qilish uchun ruxsatnoma beradi. Mazkur farmon eski oʻzbek tilida yozilgani diqqatga sazovordir.
Afsuski, tarixiy vaziyat taqozosi bilan oʻn toʻqqizinchi asrda ikki qoʻshni mintaqaning aloqalari uzilib qoldi. Oʻzaro ziddiyatlar kuchayib, keskin mojarolarga aylanishi tufayli Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida toʻsiqlar paydo boʻlib, chegaralar yopildi. Hamkorlik va bir-birini anglash davri tugab, uning oʻrnini qarama-qarshilik hamda ishonchsizlik muhiti egalladi. Buning salbiy oqibatlarini biz hozirgi vaqtda samarali transchegaraviy yoʻllar mavjud emasligi, savdo-iqtisodiy aloqalar yaxshi rivojlanmagani hamda madaniy-gumanitar munosabatlar salohiyati toʻliq ishga solinmagani misolida ham sezib, his etib turibmiz.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Bugungi kunda dunyo turli tahdidlar, shu bilan birga, yangi imkoniyatlarni oʻzida mujassam etgan global geosiyosiy oʻzgarishlar davriga qadam qoʻydi.
Shunday murakkab sharoitda qariyb ikki milliard aholi yashaydigan Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni qayta tiklash muhim hayotiy zarurat va tabiiy jarayonga aylanmoqda. Oʻylaymanki, xalqlarimizning ulkan tarixiy, ilmiy, madaniy-maʼrifiy merosi hamda iqtisodiyotlarimizning oʻzaro bir-birini toʻldirish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, mavjud intellektual salohiyatni, birgalikdagi saʼy-harakatlarimizni oʻzaro muvofiqlashtirish vaqti keldi. Bu esa, hech shubhasiz, oʻzining qudratli taʼsir kuchini namoyon etadi.
Biz oʻzaro bogʻliqlik, hamkorlik, muloqot va eng asosiysi, ishonch izchil va barqaror rivojlanish, mintaqalarimiz aholisining turmush darajasi hamda farovonligini oshirishning harakatlantiruvchi kuchiga aylanishiga aminmiz. Bunday yondashuv – davr talabidir.
Bularning barchasi bir tomondan, ziddiyat va ijtimoiy-iqtisodiy larzalardan xoli boʻlgan mintaqalararo hamkorlik va sheriklik maydonini, ikkinchi tomondan, mahsulotlar, xizmatlar, investitsiya va innovatsiyalarning keng bozori shakllanishi uchun zarur sharoitlarni yaratadi.
Biz ushbu xalqaro konferensiyani oʻtkazish tashabbusini ilgari surar ekanmiz, quyidagi omillardan kelib chiqqanimizni taʼkidlashni istar edim.
Birinchidan, qoʻshni mamlakatlar bilan tinchlik va doʻstlik, ishonch va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash, oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, konstruktiv siyosat olib borish Markaziy va Janubiy Osiyodagi barcha davlatlarning umumiy manfaatlariga javob beradi.
Ikkinchidan, biz mamlakatlarimiz va mintaqaning uzoq muddatli istiqboli, kelgusi rivojlanishining asosiy drayveri boʻlib xizmat qiladigan barqaror savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya aloqalarini shakllantirish tarafdorimiz. Pandemiya insoniyat duch kelayotgan yangi tahdidlarni kuchlarimizni birlashtirish va muvofiqlashtirish orqaligina yengish mumkinligini koʻrsatdi. Biz oʻzaro hamkorlikni iqtisodiyotni raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirish va innovatsiyalarni keng joriy etish orqali mustahkamlashga obyektiv ehtiyoj sezmoqdamiz.
Uchinchidan, Afgʻoniston Islom Respublikasi Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy bogʻliqligini amalda taʼminlashning muhim boʻgʻinlaridan biri hisoblanadi. Ishonamizki, mintaqaviy sherikligimiz ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlik oʻrnatish, uning iqtisodiy tiklanishi uchun muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Bugun Afgʻoniston oʻzining eng yangi tarixidagi muhim burilish davrini boshdan kechirmoqda.
Biz donishmand afgʻon xalqi umummilliy murosaga erishish yoʻlida oʻzaro kelishuvlarga tayyor ekanini namoyish etishiga aminmiz. Afgʻon zaminida koʻpdan buyon kutilayotgan tinchlikka erishish uchun mojaroni siyosiy yoʻl bilan hal etish va bu jarayon xalqaro hamjamiyat tomonidan har taraflama qoʻllab-quvvatlanishi prinsipial muhim ahamiyatga ega. Bu Afgʻonistonning umummintaqaviy jarayonlarga integratsiyasi uchun yangi istiqbollar eshigini ochadi.
Toʻrtinchidan, xavfsizlik va barqarorlik – mintaqalarimizning izchil rivojlanishi va oʻzaro aloqalarimiz mustahkamlanishining asosiy shartidir. Bizning xavfsizligimiz boʻlinmasdir va uni faqat konstruktiv muloqot hamda birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz orqali taʼminlash mumkin.
Hurmatli forum qatnashchilari!
Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi faol va ochiq muloqot ulkan savdo-iqtisodiy va madaniy-sivilizatsion salohiyatimizni toʻliq roʻyobga chiqarish uchun beqiyos imkoniyatlar yaratishiga ishonchim komil. Shu munosabat bilan quyidagi takliflarni bildirmoqchiman.
Birinchi. Bizning ustuvor vazifamiz savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va oʻzaro sarmoyalarni koʻpaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish hisoblanadi. Mahsulot va xizmatlar hamda investitsiyalarning erkin harakati uchun, transport-kommunikatsiya va energetika infratuzilmalarini shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va hayotga tatbiq etish ushbu masalalar yechimiga amaliy hissa qoʻshgan boʻlur edi.
Buning uchun ota-bobolarimiz majlis va qurultoylar, loyya jirgʻa, vasi mushavarat va sabxa kabi yigʻinlarda toʻplanganlaridek, biz ham mamlakatlarimiz oʻrtasida dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun investitsiyaviy hamkorlik va kooperatsiyani chuqurlashtirish, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish boʻyicha yillik mintaqalararo forum oʻtkazishni taklif etamiz. Bunday muloqotlar doirasida ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar yangi ish oʻrinlarini yaratish, iqtisodiyotlarimiz salohiyatini rivojlantirish va ularning barqaror oʻsishini taʼminlashga qaratilgan aniq dastur va loyihalarni uygʻunlashtirish imkoniyatini beradi.
Shuningdek, mintaqalarimiz davlatlari oʻrtasida koʻptomonlama Iqtisodiy hamkorlik bitimini tuzish masalasini qoʻshma ekspertlik tahlilidan oʻtkazishga doir tashabbusni ilgari suramiz.
Ikkinchi. Markaziy va Janubiy Osiyoda zamonaviy, samarador va xavfsiz transport-logistika infratuzilmasini yaratish. Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar temir yoʻl tarmogʻi mintaqalarimiz oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik arxitekturasining asosiy boʻgʻiniga aylanishi kerak.
Ushbu loyiha yetakchi xalqaro moliya institutlari tomonidan ham faol qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bu temir yoʻl tarmogʻining qurilishi har ikki mintaqaning tranzit salohiyatini toʻla roʻyobga chiqarish, Janubiy Osiyo va Yevropa mamlakatlari oʻrtasida Markaziy Osiyo va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi hududi orqali oʻtadigan eng qisqa yoʻlni ochish, shu bilan birga, yuklarning turib qolishi va tashish muddatlarini sezilarli darajada qisqartirishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, ushbu transchegaraviy temir yoʻlni foydalanishga topshirish Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining inklyuziv iqtisodiy rivoji uchun mustahkam zamin yaratadi. Mazkur temir yoʻl tarmogʻi Hind-Gang tekisligini Taksila, Gandara, Termiz singari tarixiy shaharlar orqali Yevroosiyoning janubiy hududi bilan bogʻlagan, Uttarapatxa nomi bilan maʼlum qadimgi shimoliy savdo yoʻlining oʻziga xos zamonaviy shakli boʻladi.
Hindistonni Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bogʻlaydigan “Shimol – Janub” transport koridori mana shunday transmintaqaviy infratuzilmani hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etishning yorqin namunasidir.
Bundan tashqari, Transafgʻon temir yoʻl qurilishi loyihasi kelgusida mamlakatlarimizni Xitoy va Osiyo-Tinch okeani mintaqasining boshqa yetakchi davlatlari bilan bogʻlashi mumkin. Bu esa “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi maqsadlari bilan ham uygʻundir.
Uchinchi. Istiqbolli raqamli platformalarni joriy etish Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini iqtisodiy rivojlantirishning lokomotiviga aylanishi darkor. Savdo, tranzit, chegaralardan oʻtish borasida raqamli hamkorlikni kuchaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish va Qoʻshma harakatlar strategiyasini qabul qilish zarur. Bu jarayonga mamlakatlarimiz va BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari yetakchi ekspertlarini keng jalb etish muhimdir.
Toʻrtinchi. Bepoyon mintaqalarimiz hududida hamkorlikda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash yoʻllarini izlash.
Soʻnggi vaqtda asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi jadal oʻsib borayotgani, dunyoning baʼzi mintaqalarida aholi keskin oziq-ovqat taqchilligini boshidan kechirayotgani kuzatilmoqda. Bunday tahdidlarni bartaraf etish boʻyicha Dastur ishlab chiqish uchun BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) shafeligida mamlakatlarimiz qishloq xoʻjaligi vazirlarining uchrashuvini oʻtkazishni taklif etamiz. Mazkur hujjat ishlab chiqarish kooperatsiyalariga oid loyihalarni amalga oshirish, ilgʻor texnologiyalarni tatbiq etish, qoʻshma loyihalarni tayyorlash va tegishli tadqiqotlar oʻtkazish kabi vazifalarni nazarda tutishi zarur.
Beshinchi. Xavfsizlik va barqarorlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda kuchlarni birlashtirish.
Biz terrorizm, ekstremizm, transmilliy, xususan, kibermakondagi jinoyatchilikka qarshi faqat birgalikda samarali kurash olib borishimiz mumkin. Bu borada dastlabki qadam sifatida BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi ishtirokida Giyohvandlikka qarshi qoʻshma harakatlar rejasini ishlab chiqishni taklif etamiz.
Kuchlarni birlashtirish zarur boʻlgan asosiy yoʻnalishlardan yana biri – terrorizm xavfiga qarshi kurash, deb hisoblaymiz. Biz ushbu masalalar boʻyicha ikki mintaqa vakillari ishtirokida maxsus ekspertlik uchrashuvini tashkil etishga tayyormiz. Bu muloqotni joriy yil noyabr oyida BMTning Markaziy Osiyoda global terrorizmga qarshi strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Qoʻshma harakatlar rejasi qabul qilinganining oʻn yilligiga bagʻishlab Toshkentda oʻtkaziladigan xalqaro konferensiya doirasida uyushtirish ham mumkin.
Oltinchi. “Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishni ragʻbatlantirish va ekologiya masalalari alohida eʼtiborni talab etadi.
Markaziy va Janubiy Osiyoning barcha mamlakatlarida jadal sanoat va demografik oʻsish jarayoni global iqlim oʻzgarishlari sharoitida yuz bermoqda. Bunday vaziyatda suv resurslari taqchilligi, atrof-muhit va atmosferaning ifloslanishi, tuproq qatlamining yemirilishi va choʻllanish barchamizga daxldor muammolar hisoblanadi.
Tobora umumbashariy tus olib borayotgan Orol dengizining qurishi bilan bogʻliq vaziyat ekologik tahdidlarning oʻta salbiy taʼsiriga yaqqol misol boʻla oladi. Bu fojianing oqibatlarini yumshatish, kelgusida insoniyatni bunday ofatlardan ogoh etish uchun barcha choralarni koʻrishimiz kerak. Bu borada tabiat bilan uygʻun boʻlishga intilib yashagan ajdodlarimizning tajribasiga tayanishimiz zarur.
Yettinchi. Biz Markaziy va Janubiy Osiyoning ulkan sayyohlik salohiyatini toʻliq ishga solish tarafdorimiz.
Bu haqda soʻz yuritganda, mashhur sayyohlik brendlarini, yangi va qulay sayyohlik mahsulotlari va yoʻnalishlarini, jumladan, qiziqish tobora ortib borayotgan “ziyorat turizmi”ni rivojlantirish, vaksinatsiya boʻyicha oʻzaro tan olingan sertifikatlar asosida “Yangi sharoitdagi turizm” konsepsiyasini keng joriy etish zarur.
Butunjahon sayyohlik tashkiloti doirasida Markaziy va Janubiy Osiyo boʻyicha xalqlarimizning tarixiy va madaniy merosini ommalashtirishga qaratilgan Dastur ishlab chiqishni taklif qilamiz.
Sakkizinchi. Ilmiy va madaniy-gumanitar almashuvlarni kengaytirish doʻstlik va oʻzaro ishonchni mustahkamlashning muhim shartlaridan biridir. Shu munosabat bilan Oʻzbekistonda, Termiz shahrida YUNYeSKO shafeligida “Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy merosi” mavzusida xalqaro forum oʻtkazishni taklif etamiz.
Mamlakatlarimiz aholisining katta qismini tashkil etadigan yoshlarni jalb etgan holda, taʼlim va ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida qoʻshma dasturlarni amalga oshirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Yoshlar – bizning bebaho boyligimiz ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz.
Mamlakatlarimiz va xalqlarimizning taqdiri va kelajagi – aynan yosh avlodning qanday taʼlim va tarbiya olishi, ular uchun qanday shart-sharoit va “sotsial lift”larni yaratib berishimizga bevosita bogʻliq. Yoshlar masalasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida doimiy faoliyat yuritadigan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari yoshlari kengashini tuzishni taklif qilaman.
Toʻqqizinchi. Bugungi kunda ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasida yuksak marralarga erishish mamlakatlarimizning jadal rivoji yoʻlidagi muhim omil hisoblanadi.
Birgalikda qoʻshma tadqiqotlar va innovatsion ishlarni olib borish, ilmiy va oʻquv stajirovkalarini, tajriba almashish dasturlarini ragʻbatlantirish zarur.
Shu munosabat bilan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining olim va tadqiqotchilari uchun soddalashtirilgan viza tartibini joriy etish, shuningdek, universitetlar va ilmiy-tadqiqot markazlari oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha onlayn-platforma yaratishni taklif etamiz.
Oʻninchi. Mintaqalarimizning oʻzaro bogʻliqligi va taraqqiyoti surʼatini tizimli oʻrganish va tahlil qilish asosida chuqur oʻylangan qarorlar qabul qilish hozirgi paytda har qachongidan ham dolzarbdir. Mazkur Forum arafasida Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti ochildi.
Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ushbu tahlil markazi qoshida mamlakatlarimizning taniqli olimlari, tadqiqotchi va tahlilchilaridan iborat Ekspertlar kengashini tuzishni taklif qilamiz.
Bundan tashqari, bugungi konferensiya yakunlari boʻyicha Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida, umuman, Yevroosiyo makonida doimiy va barqaror rivojlanishning muhim omili sifatida oʻzaro aloqalarni mustahkamlash toʻgʻrisida maxsus rezolyusiya loyihasini ishlab chiqib, BMT Bosh Assambleyasiga taqdim etishni taklif qilaman. Ushbu hujjatda muloqotlarimizning umumiy yondashuvlari, asosiy tamoyil va yoʻnalishlarini aks ettirish lozim. Rezolyusiya loyihasida bizning Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy bogʻliqligi boʻyicha yuqori darajadagi doimiy forumlarni muntazam oʻtkazib borishga tayyorligimizni aks ettirish ham maqsadga muvofiqdir.
Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
Ushbu jarayonlarda mamlakatimizning tutgan oʻrni haqida soʻz yuritib, quyidagi fikrlarni alohida taʼkidlamoqchiman. Bizning bugungi anjumanimiz yangi Oʻzbekistonning shakllanishi va rivojlanishi bilan bogʻliq muhim tarixiy davrda boʻlib oʻtmoqda. Biz jamiyatimizning barcha sohalarida tizimli va tub demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirmoqdamiz. Bu oʻzgarishlar keng koʻlamli va ortga qaytmaydigan muqarrar tus oldi. Bu – xalqimizning prinsipial tanlovidir.
Markaziy Osiyo mintaqasida – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilgan tub oʻzgarishlar Oʻzbekiston tashqi siyosatining asosiy yutugʻidir. Umumiy saʼy-harakatlarimiz natijasida mintaqamizda oʻzaro ishonch va bir-birini qoʻllab-quvvatlash ruhiga asoslangan mutlaqo yangi muhit shakllandi.
Biz rivojlanish drayverlari hamda “yangi oʻsish nuqtalari”ni birgalikda aniqlash va muntazam muloqotlar uchun samarali maydon yaratdik. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini avgust oyi boshida Turkmanistonda oʻtkazishni rejalashtirganmiz.
Shuni alohida taʼkidlab aytmoqchiman: Oʻzbekiston konstruktiv va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga doimo tayyor boʻlgan ishonchli va barqaror, qatʼiy pozitsiyaga ega sherikdir.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Aziz mehmonlar!
Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy va sivilizatsiyaviy mushtarakligi, xalqlarimiz va mamlakatlarimizning umumiy manfaatlari birgalikda farovon kelajakni bunyod etishimiz uchun mustahkam zamin yaratadi. Oʻzaro aloqalarni va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlamasdan turib, bugungi kunda mamlakatlarimiz duch kelayotgan xavf-xatar va tahdidlarni yengib boʻlmasligini chuqur anglash vaqti keldi. Biz farovonlik va taraqqiyotga erishish yoʻlida birgalikda rivojlanish istiqbollari boʻyicha yaxlit yondashuvlarni ishlab chiqishimiz lozim.
Bizning oldimizda Markaziy va Janubiy Osiyo, umuman, butun Yevroosiyo mintaqasini barqaror, iqtisodiy rivojlangan farovon hududga aylantirish vazifasi turibdi.
Anjumanimizning barcha ishtirokchilariga samarali faoliyat tilayman.
Eʼtiboringiz uchun tashakkur.