Toshkent shahrida 16 iyul kuni “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya oʻz ishini boshladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan anjumanda Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlarining tashqi ishlar vazirlari, jami 44 ta mamlakat va 30 ga yaqin xalqaro tashkilot delegatsiyalari, nufuzli xorijiy ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Konferensiyani Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ochib, Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari oʻrtasidagi tarixiy yaqinlik, uni bugungi kunda oʻzaro ishonch va manfaatdorlik asosida mustahkamlashning ahamiyati haqida nutq soʻzladi.
Markaziy va Janubiy Osiyo azaldan bir-birining madaniyatini boyitgan. Buyuk ipak yoʻli va boshqa yoʻllar orqali mahsulotlar, bilim, hunar va qadriyatlar tarqalgan. Koʻpincha bu mintaqalar yaxlit davlat tarkibida ham boʻlgan. Baqtriya va Kushon imperiyasi, Turk hoqonligi, Gʻaznaviylar, Temuriylar va Boburiylar davlati bunga yaqqol misoldir.
Afsuski, 19-asrga kelib, bunday yaqinlik va bogʻliqlikka putur yetdi. Chegaralar paydo boʻlib, hamkorlik oʻrnini turli qarama-qarshilik, ishonchsizlik egalladi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida tarixiy aloqalarni tiklash muhimligini, saʼy-harakatlarni birlashtirish fursati kelganini taʼkidladi.
– Bugun dunyo ham tahdidlar, ham yangi imkoniyatlarni oʻzida tutgan global geosiyosiy transformatsiyalar davriga qadam bosdi. Bunday sharoitda 2 milliarddan ziyod odam yashayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi aloqalarning qayta tiklanishi yanada muhim va obyektiv jarayonga aylanib bormoqda. Xalqlarimizning ulkan tarixiy, ilmiy va maʼnaviy-madaniy merosidan, iqtisodiyotlarimizning bir-birini toʻldirib turishidan, intellektual salohiyat borligidan kelib chiqib, birgalikdagi saʼy-harakatlarni birlashtirish fursati keldi, deb oʻylayman va bu, shubhasiz, katta manfaat keltiradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Haqiqatan ham, tinchlik, yaxshi qoʻshnichilik va ishonchning mustahkamlanishi, hamkorlikning rivojlanishi, ochiq va amaliy siyosat yoʻlga qoʻyilishi Markaziy va Janubiy Osiyodagi barcha davlatlarning manfaatiga toʻgʻri keladi.
Prezidentimiz nutqida shu maqsadlarga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Avvalo, savdo-iqtisodiy hamkorlikning ustuvor ekani taʼkidlanib, bu sohadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, kooperatsiya va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish uchun har yili mintaqalararo forum oʻtkazish taklifi bildirildi.
Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo bilan Janubiy Osiyoni samarali va xavfsiz bogʻlaydigan transport-logistika infratuzilmasini barpo etish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. «Termiz — Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yoʻlining qurilishi bu arxitekturada muhim boʻgʻin boʻladi. U ikki mintaqaning tranzit salohiyatini toʻla yuzaga chiqarib, yuk tashish masofasi va vaqtini ancha qisqartiradi. Shu boisdan ham, bu loyiha ishtirokchi davlatlar va xalqaro moliya institutlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Savdo, tranzit va bojxona jarayonlarini raqamlashtirish, bu borada qoʻshma harakatlar strategiyasini qabul qilish zarurligi qayd etildi.
Butun dunyoda oziq-ovqat xavfsizligi masalasi ham dolzarb boʻlib bormoqda. Shu bois, Prezidentimiz BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti shafeligida mintaqa mamlakatlari qishloq xoʻjaligi vazirlarining uchrashuvini oʻtkazib, qoʻshma dastur ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.
Mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, terrorizm, ekstremizm va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish chora-tadbirlariga ham toʻxtalib oʻtildi.
Ekologiyani asrash, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish dolzarbligi qayd etildi.
Markaziy va Janubiy Osiyoning turizm salohiyatidan keng foydalanish maqsadida turoperatorlarning yagona platformasini shakllantirish, Jahon sayyohlik tashkiloti ishtirokida mintaqada turizmni yanada rivojlantirish boʻyicha fikrlar bildirildi.
Ilmiy va madaniy-gumanitar almashinuvlarni koʻpaytirish doʻstlik va ishonchni mustahkamlashda muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi. Shu yoʻnalishda YUNYeSKO shafeligida Termiz shahrida Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy merosiga bagʻishlangan xalqaro forum oʻtkazish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari ilm-fan, texnologiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikka ham alohida ahamiyat qaratdi. Qoʻshma tadqiqot va tajriba almashish dasturlarini ragʻbatlantirish, olim va tadqiqotchilar uchun yengillashtirilgan viza tartibini joriy qilish muhimligini taʼkidladi.
Maʼlumki, konferensiya arafasida Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti ochildi. Prezidentimiz mazkur tahlil markazi negizida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ekspertlar guruhi tuzishni taklif etdi.
– Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy-madaniy mushtarakligi, mamlakat va xalqlarimizning bir-biriga mos keluvchi manfaatlari umumiy farovon kelajakni barpo etishimiz uchun asos boʻladigan mustahkam poydevordir. Birgalikda barqaror rivojlanish istiqbollari boʻyicha aniq yondashuvga ega boʻlishimiz lozim. Oldimizda Markaziy va Janubiy Osiyoni, butun Yevroosiyo qitʼamizni birgalashib barqaror, iqtisodiy taraqqiy etgan va farovon makonga aylantirish maqsadi turibdi, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.
Shundan soʻng, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning konferensiya ishtirokchilariga yoʻllagan videomurojaati namoyish etildi.
Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻani, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili Jozep Borrel mintaqada hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, bunda mazkur forumning ahamiyati haqida oʻz fikrlarini bayon etdi.
Konferensiya oʻz ishini davom ettirmoqda.
Forumning yalpi va shoʻba majlislarida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsion va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy bogʻliqlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan imkoniyat va tashabbuslar muhokama qilinadi.
Konferensiya yakunlari boʻyicha maxsus rezolyusiya loyihasi tayyorlanib, koʻrib chiqish uchun BMT Bosh Assambleyasiga taqdim etiladigan boʻldi.