Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining onlayn sammitida ishtirok etdi

0
497
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 may kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yigʻilishida tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat rahbari sifatida ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida..

Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov raisligida videoanjuman shaklida oʻtgan tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) huzuridagi kuzatuvchi mamlakat — Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Bermudes va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati raisi Mixail Myasnikovich ham qatnashdi.

Yigʻilish kun tartibidan YeOII makonida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish, shu jumladan iqtisodiyot, savdo, sanoat, transport va boshqa yoʻnalishlarda amaliy sheriklikni mustahkamlash masalalari oʻrin oldi.

Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqining avvalida Qirgʻiziston YeOIIga raislikni faol amalga oshirayotgani, bu tashkilot doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotganini qayd etdi.

Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan pandemiyaning salbiy oqibatlari yumshatilgani hamda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikda ijobiy surʼat taʼminlanayotgani taʼkidlandi. Xususan, Oʻzbekistonning YeOII bilan tovar ayirboshlash hajmi 2021 yilda 30 foizga, joriy yil boshidan esa yana 33 foizga oshdi. YeOII mamlakatlaridan jalb qilinayotgan investitsiyalarning yillik oʻsishi qariyb 25 foizni tashkil etmoqda.

Dunyoda roʻy berayotgan shiddatli oʻzgarishlar va mamlakatlarimiz barqarorligi uchun jiddiy xatarga aylangan inqirozli hodisalarni qayd etib, Oʻzbekiston rahbari birgalikda yechim topishni taqozo etayotgan eng dolzarb vazifalarni koʻrsatib oʻtdi.

Prezidentimiz Oʻzbekiston va YeOII mamlakatlari oʻrtasidagi savdoda texnik toʻsiqlarni bartaraf etishni davom ettirish va sertifikatlashtirishni oʻzaro tan olishga chaqirdi. Bu tovarlarning bozorlarimizga kirib borishini ancha soddalashtirishga xizmat qiladi.

Birgalikda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish orqali agrosanoat kooperatsiyasini kengaytirish alohida dolzarb ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Bu boradagi natijadorlikni oshirish maqsadida hududlararo aloqalarni faollashtirishni nazarda tutadigan Agrokooperatsiya dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.

Oʻzbekiston yetakchisi muqobil transport yoʻlaklarini yanada rivojlantirish hamda Janub va Sharq yoʻnalishida transport jihatidan oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash zarurligiga eʼtiborni qaratdi. Shu munosabat bilan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bozorlariga chiqish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadigan Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy temir yoʻlini barpo etish loyihasini amalga oshirishni tez fursatda boshlash muhim ekani taʼkidlandi.

Termiz shahridan Pokistonning Peshovar shahrigacha Janubiy Osiyo va uning ikki milliard nafar isteʼmolchiga ega bozoriga chiqish uchun eng qisqa yoʻlni taʼminlaydigan transafgʻon temir yoʻlini qurish loyihasini amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyorlik bildirildi.

Davlatimiz rahbari mamlakatlarimizning innovatsion salohiyatidan yanada samarali foydalanish hamda tadbirkorlarimiz oʻrtasida, eng avvalo, yuqori texnologiyalar sohasida sanoat kooperatsiyasini amalga oshirishning yangi shakllarini rivojlantirish tashabbusini ilgari surdi.

Toshkent shahrida YeOII mamlakatlarining mingdan ziyod kompaniyasi ishtirokida «INNOPROM. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat koʻrgazmasi oʻtkazilgani bu borada birinchi amaliy qadam boʻldi.

Kimyo, farmatsevtika, mashinasozlik, uskunasozlik, elektronika va boshqa sohalarda kooperatsiya aloqalarini ragʻbatlantirish va mahalliylashtirishni chuqurlashtirish boʻyicha qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish taklif etildi. Bunda ilmiy-tadqiqot institutlari va texnologik markazlar imkoniyatlarini yanada kengroq ishga solish muhim.

Iqtisodiy taraqqiyotning tabiiy drayveriga aylanishi lozim boʻlgan turizm sohasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish, shuningdek, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi yoʻlovchi transporti qatnovini toʻliq hajmda tiklash zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda YeOII mamlakatlarining yetakchi kompaniyalari ishtirokida Turizm industriyasini rivojlantirish forumini oʻtkazish taklifini ilgari surdi.

Prezidentimiz oʻz nutqining yakunida Oʻzbekistonning mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyotini taʼminlash va farovonligini yuksaltirish maqsadida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik va koʻp qirrali sheriklikni izchil mustahkamlashga intilishi qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.