AQSH Davlat departamenti tomonidan amalga oshirilgan «Kutubxona boshqaruvi va menejmenti» dasturiga asosan Joriy yilda Oʻzbekistonlik bir guruh kutubxona sohasi vakillari xizmat safarida boʻlib qaytdik.
Xizmat safari taassurotlarini dunyoda eng yirik kutubxonalar qatoridan oʻrin olgan Amerika Qoʻshma Shtatlarining Kongress kutubxonasi tarixi va buguni haqidagi qiziqarli maʼlumotlardan boshlamoqchiman.
Kongress kutubxonasi 1800 yilda AQSH prezidenti Djon Adams tomonidan AQSH poytaxtini Vashingtonga koʻchirish toʻgʻrisidagi qonun imzolangan yili tashkil topgan. Uning boshlangʻich fondi 740 kitob va 3 ta xaritadan iborat boʻlib, u Kapitoliy binosidan joy olgan edi. 1814 yil avgustida Britaniya qoʻshinlari bostirib kelishi natijasida, binoga oʻt qoʻyilib, kutubxona vayron qilingan. Bu paytlarda AQSHning prezidenti Tomas Djefferson isteʼfoga chiqib, Montichelloda yashayotgan edi. U vayron boʻlgan kutubxona oʻrniga oʻzining shaxsiy kutubxonasini taqdim etadi. 1815 yil yanvarida Kongress Djeffersonning 6487 ta kitobdan iborat kolleksiyasini sotib olish uchun, 23.950 AQSH dollorini ajratadi. Shu bilan milliy kutubxonaga asos solinadi. Djeffersonning Amerikada qonuniy hukumat uchun barcha mavzular ahamiyatli boʻlishi lozim, degan taʼlimotiga koʻra kutubxona oʻz fondini keng qamrovli butlashni asos qilib olgan. Ikki marta vayronalik keltirgan yongʻin va Kapitoliydagi joy tanqisligi sababli, Kongress oʻz kutubxonasi uchun yangi alohida imorat qurish haqida qaror qabul qilishi natijasida 1897 yil 1 noyabrda ochilgan yangi Kongress kutubxonasi bebaho milliy yodgorlik sifatida tan olingan. 1980 yilda kutubxona tarixiga qoʻshgan ulkan hissasi sababli unga Tomas Djefferson nomi berildi. Hozirgi imoratning ikkinchi qavatida Tomas Djefferson kutubxonasiga bagʻishlangan koʻrgazma joy olgan.
Kongress kutubxonasi – AQSHning milliy kutubxonasi boʻlish bilar birga ilmiy tadqiqot markazi ham hisoblanadi. Kutubxonaning resurslari juda ulugʻvor. Dunyodagi 470 dan ortiq tillardagi tadqiqot materiallari mavjud, har yili olingan kitoblarning uchdan ikki qismi ingliz tilidan boshqa tillarga tarjima qilinadi.
Kutubxona AQSHda nashr etilgan kitoblar, xaritalar, chizmalar va diagrammalarni ikki nusxada oladi va mualliflik huquqi bilan himoyalaydi. Kutubxona “Amerika folklor markazi”, “Amerika xotirasi” kabi loyihalar orqali savodxonlik va Amerika adabiyotini targʻib qiladi.
Kongress kutubxonasi fondi 150 milliondan ortiq obyektni tashkil qilib, kutubxonaning asosini kitoblar, bosma nashrlar, ovozli yozuvlar, foto nusxalar, xarita, nota, kinofilmlar va qoʻlyozmalar tashkil etadi. Bularga Amerikaning davlat arbobi Tomas Djefferson toʻplamidan tortib, eng yangi materiallarni oʻz ichiga olgan zamonaviy madaniyat namunalari kiradi.
Shuningdek, 32 milliondan ortiq kataloglashtirilgan kitoblar va boshqa bosma materiallar saqlanadi. Jumladan, 61 milliondan ortiq qoʻlyozmalar; Shimoliy Amerikadagi eng noyob kitoblar toʻplami, Mustaqillik Deklaratsiyasining loyihasi, 1 milliondan ortiq AQSH hukumati nashrlari, soʻnggi uch asrda jahon gazetalarining 1 mln. 33000 ta toʻplami, 500000 mikrofilmlar, jami 6000 dan ortiq nomdagi, 120 mingdan ortiq mavzulardagi romanlar toʻplami, filmlar, 5,3 million xarita, 3 million ovozli yozuv, 14,7 milliondan ziyod fotosuratlar, noyob va mashhur sanʼat asarlari va meʼmoriy chizmalardan iborat.
Kutubxona mualliflik huquqini himoya qilish jarayoni boʻyicha qonuniy institut sifatida faoliyat olib boradi. Mualliflik huquqini olgan noshirlar oʻzlarining barcha asarlarining toʻliq nusxasini kutubxonaga taqdim etish tartibi oʻrnatilgan. Bu talab majburiy depozit deb nomlanadi. AQSHda nashr qilingan qariyb 15000 ta yangi maqola kutubxonada har ish kunida kelib tushadi. Kutubxona ushbu asarlarning barchasini doimiy toʻplamda saqlamaydi, garchi kuniga oʻrtacha 12000 ta resursni qoʻshsada, rad etilgan yoki kam soʻraladigan qismi dunyodagi boshqa kutubxonalar bilan savdolarda, federal agentliklarga tarqatilgan yoki Qoʻshma Shtatlardagi maktablarga, jamoalarga va boshqa tashkilotlarga sovgʻa sifatida taqdim qilinadi.
Shuningdek, Koʻzi ojizlar va imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun alohida binoda Milliy kutubxona xizmati tashkil etilgan. Brayl shrifti va audiomateriallarni yozadi, koʻpaytiradi va tarqatadi. 1990 yildan boshlab dastlabki raqamlashtirish ishlari boshlangan, bu esa maktab va kutubxonalarga tarqatiladigan lazer disklar va CD larda raqamli ravishda foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Maskur ziyo maskanining18 ta oʻqish zaliga har yili 1,7 milliondan ziyod mehmonlar tashrif buyurishi bizni juda hayron qoldirdi. Bu yerda mamlakatimizning boy tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi oʻzbek tilidagi kitoblar toʻplami, fotosuratlar va qoʻlyozmalar saqlanishining guvohi boʻldik. Ayniqsa dunyo davlatlari tarixiga, madaniyatiga oid adabiyotlar zalida sheʼriyat mulkining sultoni, bobomiz Alisher Navoiyning haykali va oʻzbek kitoblaridan iborat koʻrgazmaning tashkil etilganligi bizni yanada hayratga soldi.
Amerika kutubxonalar assotsiatsiyasi nafaqat Qoʻshma Shtatlarda balki butun dunyoda kutubxonalarni qoʻllab-quvvatlovchi tashkilot boʻlib, 66 mingga yaqin aʼzolari bor. Uyushma 1876 yil 6 oktyabrda Filadelfiyada tashkil etilgan. Assotsiatsiyasining Vashingtondagi vakolatxonasi kutubxonalar va ularning faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan siyosatni va muhim meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni monitoring qilish, shuningdek, muntazam ravishda mamlakatdagi qonunchilik va qarorlar qabul qilish jarayonlarida kutubxonalarning faol ishtirokini taʼminlash bilan shugʻullanadi.
AQSHda federal hukumat tomonidan kutubxona va muzeylarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yangi loyihalarni ishlab chiqish va ish faoliyatga joriy etish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan IMLS instituti mavjud ekan, uning asosiy maqsadi – kutubxonalar va muzeylarga innovatsiyalarni joriy etish, jamoatchilikni (barcha yoshdagilar uchun) oʻqitish va aholining madaniy va fuqarolik faolligini yanada oshirishda yaqindan yordam berishdir. Ushbu muassasa sohadagi yetakchi tashkilot boʻlib, ilmiy tadqiqot olib boradi, grantlar ajratadi, kutubxonalar va muzeylar amalga oshirayotgan ishlarni qoʻllab-quvvatlaydi. Shuningdek, muzey va kutubxonalar rivojlanishiga hissa qoʻshib, ularning madaniy imkoniyatlarini yanada kengaytiradi, iqtisodiy barqarorligini oshirish bilan birga AQSH prezidenti va Kongressi tomonidan fuqarolarning gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlashini yanada yaxshilashga qaratilgan rejalari, siyosati va faoliyati haqida mazkur institutlarga maslahat beradi.
Sietl Xalq kutubxonasi Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi eng yirik shahar kutubxonalaridan biridir. Biz kutubxona tizimining tuzilishi va ishlash usullari, marketing dasturlari bilan tanishdik. Sietl Xalq kutubxonasida ham faoliyatni moliyalashtirib turadigan alohida jamgʻarma mavjud boʻlib, u odatdagi nazorat va kitoblarni chiqarishdan tashqari dasturlarni va xizmatlarni moliyalashtirishni ham taʼminlaydi. Shahar maʼmuriyati tomonidan taqdim etilgan mablagʻlar ham mavjud
Maʼlumki, kutubxona faoliyatini yanada takomillashtirishda keng jamoatchilik, atrofdagi turli korxona va tashkilotlar hamkorligi juda muhim hisoblanadi. Amerikada ushbu yoʻnalish boʻyicha jamoatchilikning kutubxonalar tizimi uchun xayr-ehson toʻplashda va bu xayr-ehsonlarni boshqarishda yordam beradigan “Kutubxona doʻstlari” klubining begʻaraz xizmatlari menda alohida qiziqish uygʻotdi. U barcha tadbirlar haqida maʼlumot beradigan va buning uchun mablagʻ toʻplaydigan koʻngillilarning ommaviy tashkiloti hisoblanadi. Biz ushbu jamoatchilik tashkilotining oʻz vazifalarini bajara olishi uchun kutubxona tizimining imkoniyatlarini qanday mustahkamlash, fond tashkil etish sir-asrorlari va tuzilmasi toʻgʻrisidagi faoliyatni oʻrganib, oʻzimizda ham joriy etishni koʻngilga tugib keldik.
Sietldagi Kepitol Xillda joylashgan “Toshkent parki”ga sayohat paytida oʻz yurtimizning ramziy belgilari, madaniy qadriyatlari ulugʻlanganligining guvohi boʻldik.. “Toshkent – Sietl birodar shahar” uyushmasining sobiq prezidenti janob Den Peterson hamkorligida amalga oshirilgan tashrif chogʻida Toshkent va Sietl oʻrtasidagi aloqalar tarixi 1971 yilda boshlanganini gapirib berishdi. Oʻsha paytda Alyaska aviakompaniyasi rahbariyati taklifiga binoan, Toshkent shahar ijroqoʻmi raisi Vohid Kozimov oʻzining Irkutsk va Sochi shahridagi hamkasblari bilan Sietlga tashrif buyuradi. Sietlning oʻsha vaqtdagi meri va Kozimov juda yaqin doʻst boʻlib ketishadi hamda ikki shahar oʻrtasidagi birodarlik aloqalarini oʻrnatish tashabbusi tugʻiladi. Natijada, 1974 yilda Sietlda “Toshkent parki” barpo etilganligi, keyinchalik mashhur haykaltarosh Sharipo Yakovning “Baxt qushi – Semurgʻ” kompozitsiyasi ushbu parkning koʻrkiga aylanganligi, oʻzbekistonlik fuqarolarimiz milliy qadriyatlarimizni, urf-odatlarimizni shu ramziy maskanga kelib nishonlash marosimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qalbimizni faxrga toʻldirdi.
Kutubxona, muzey, arxiv va universitetlarga tashrifdan tashqari guruhimiz aʼzolari uchun madaniy-maʼrifiy tadbirlar ham uyushtirildi. Folklor va Djaz ansamblining konsertlari bizlarga Amerika sanʼati va madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berdi. Bundan tashqari, amerikaliklar oilasi tomonidan uyushtirilgan mehmondoʻstlik orqali mahalliy xalqining turmush tarzi, oilaviy muhiti, qadimiy anʼanalari bilan yaqindan tanishishga erishdik.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Amerika kutubxonalarida bevosita kitobxonlarni jalb etishga xizmat qiladigan klub va toʻgaraklar mavjudligi, ayniqsa bolalar va oʻsmirlarning intellektual rivojlanishida muhim oʻrin egallaydigan samarali tajribalari bizga maʼqul keldi. Bundan tashqari, ijodiy izlanish, chuqur tahlil qilish orqali kutubxonalar faoliyatini yanada takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini zamon talablari asosida mustahkamlash, yangi ilgʻor innovatsion gʻoyalarni ish faoliyatiga joriy etish, davlat byudjetidan tashqari mablagʻ bilan taʼminlash maqsadida “Kutubxonalar assotsiatsiyasi”, “Kutubxona doʻstlari”singari nodavlat notijorat tashkilotlar tuzishni davrning oʻzi taqozo etmoqda.
AQSH Departamenti tomonidan uyushtirilgan “Kutubxona boshqaruvi va menejmenti” dasturi yoʻnalishlarida olgan boy taassurotlar asosida AKM oʻquv zalida “Amerika kutubxonalari tajribasidan” mavzusida koʻrgazma tashkil etildi va taqdimot tayyorlandi. Respublika axborot-kutubxona markazidagi Direktorlar kengashida va «Bilim» axborot-kutubxona markazida taqdimotlar oʻtkazildi.
Eng rivojlangan davlatlar kutubxonalarining ilgʻor ish tajribalarini oʻrganish, hozirgi kunda kutubxona xizmatini jahon andozalari asosida tahlil va tashkil qilishga yordam beradi, bunday tadbirlarni reja asosida oʻtkazib borish esa soha hodimlarini oʻz ustida ishlashga, muntazam ijodiy izlanishga chorlaydi, degan umiddamiz.
Hafiza KARIMOVA, Toshkent shahar «Bilim» axborot-kutubxona markazi direktori