Xitoy poytaxtida oʻtkazilayotgan qishki Olimpiya oʻyinlari qizgʻin pallaga kirdi. Bugun toʻrtta dasturda Olimpiya chempionlari aniqlanadi.
Pekin-2022 qishki Olimpiya oʻyinlarining kecha 13 fevral kungi dasturida qoʻlga kiritilgan oltin medal AQSHni kuchli uchlikka olib chiqdi. Germaniya esa yetakchilikni boy berdi.
Natijada, umumjamoa hisobida peshqadam oʻzgardi. Bir necha kun yakunida nemislarning yetakchilikni ilib ketish “anʼanasi” ortda qoldi. Biatlonda qoʻlga kiritilgan medallar Norvegiyani yana birinchi pogʻonaga olib chiqdi. Kuchli oʻnlik esa quyidagicha koʻrinish oldi:
Oltin – kumush – bronza – jami:
- Norvegiya – 9-5-7 (21)
- Germaniya – 8-5-1 (14)
- AQSH – 6-5-1 (12)
- Niderlandiya – 6-4-2 (12)
- Shvetsiya – 5-3-3 (11)
- Avstriya – 4-6-4 (14)
- ROQ – 4-5-8 (16)
- Xitoy – 4-3-2 (9)
- Shveysariya – 3-0-5 (8)
- Fransiya – 2-6-2 (10)
Kechagi kunda yurtdoshimiz Komiljon Toʻxtayev ham gigant slalom dasturidagi ishtirokini yakunladi. Birinchi startdan soʻng 35-natijani qayd etgan vakilimiz 29-pogʻonani band etib, kuchli oʻttizlikdan oʻrin oldi. Shuningdek, sportchimiz Osiyo vakillari orasida eng yaxshi natijaga erishdi.
Bu borada gʻoliblik shveysariyalik Marko Odermattga nasib etdi. Sloveniya sharafini himoya qilgan Jan Kranets ikkinchi oʻrinda boʻldi, Fransiya vakili Matyo Fevr kuchli uchlikka yakun yasadi.
Komiljon Toʻxtayev endi 16 fevral kungi slalom dasturida oʻz omadini sinab koʻradi
J. SAʼDULLAYEV tayyorladi.