Poytaxtda birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi oʻz ishini boshladi

0
446
marta koʻrilgan.

Poytaxtimizda birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi oʻz ishini boshladi. Forumning yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Sessiyada, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masatsugu Asakava, Saudiya Arabistoni podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, Jahon savdo tashkiloti vitse-prezidenti Syanchen Chjan, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki vitse-prezidenti Konstantin Limitovskiy, Xalqaro moliya korporatsiyasi vitse-prezidenti Stefani fon Friderburg qatnashadilar. Tadbirda BBC World News xalqaro telekanalida yangiliklar boshlovchisi sifatida tanilgan, hozirda esa Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining kommunikatsiya masalalari boʻyicha direktori lavozimida faoliyat yuritayotgan Jonatan Charlz moderatorlik qildi.

Davlatimiz rahbari forum ishtirokchilarini qutlab, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohot va yangilanishlar toʻgʻrisida soʻzlab berdi hamda yurtimizni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.

Buyuk ipak yoʻlining markazida joylashgan Oʻzbekiston zamini qadimdan Osiyo, Yevropa va Afrika qitʼalarining karvon yoʻllari tutashgan hudud sifatida mashhur boʻlgani, koʻp asrlar davomida dunyoning turli mintaqalaridagi savdogar, ishbilarmon va tadbirkorlar eʼtiborini oʻziga tortib kelgani qayd etildi.

Uch ming yillik davlatchilik tarixiga ega mamlakatimiz uzoq davr mobaynida dunyoning savdo, iqtisod, ilm-fan, madaniyat va sanʼat yuksak ravnaq topgan markazlaridan biri boʻlib xizmat qilgan.

Ushbu anʼanalarning davomi sifatida “Buyuk oʻtmishdan – buyuk kelajak sari” tamoyili asosida iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishimizni jadal davom ettirish ishlari olib borilmoqda. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari Oʻzbekistondagi islohotlarning asosiy yoʻnalishlarini sanab oʻtdi.

Xususan, 2017 yilda katta qadam tashlandi – xorijiy valyutani konvertatsiya qilish, xorijiy investorlar tomonidan foydani repatriatsiya qilish boʻyicha cheklovlar bekor qilindi Bank va yirik korxonalarimiz ilk marta xalqaro reytinglar olib, jahon moliya bozorlariga chiqdilar.

Xalqaro hamjamiyat uchun ochiqlik siyosatini taʼminlash uchun 90 ta xorijiy davlat fuqarolari uchun Oʻzbekistonga vizasiz kirish imkoniyati yaratildi, yana 60 ga yaqin mamlakat fuqarolariga esa yengillashtirilgan tartibda viza olish imkoniyati berildi. Bu koʻrsatkichlar boʻyicha mamlakatimiz mintaqadagi eng ochiq davlat maqomini qoʻlga kiritdi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. 2020 yilda Oʻzbekistonda Inson huquqlari milliy strategiyasi qabul qilindi va tarixda birinchi marta mamlakatimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashiga aʼzo boʻlib saylandi.

Fuqarolik jamiyatini barpo etish, soʻz erkinligini taʼminlash, ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash, mehnat huquqlarini himoya qilish va inson kapitalini rivojlantirishda erishilgan muvaffaqiyatlar qayd etildi. Xususan, soʻnggi 5 yilda mamlakatimizda 21 mingdan ortiq yangi maktabgacha taʼlim muassasalari tashkil etilib, 200 ga yaqin yangi maktablar barpo etildi, 3 mingdan ortiq mavjud maktablar esa rekonstruksiya qilindi va toʻliq jihozlandi. Shu oʻtgan qisqa davrda 82 ta yangi universitet va institut, jumladan, 23 ta xorijiy oliygoh tashkil etilib, oliy taʼlim dargohlarining umumiy soni 159 taga yetdi. Natijada maktab bitiruvchilarining oliy taʼlim bilan qamrov darajasini oldingi 9 foizdan 28 foizgacha yetkazishga erishildi

Iqtisodiyotni isloh qilishda, jumladan, soliq yukini yengillashtirish, bojxona bojlarini kamaytirish, soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsion muhitni yaxshilashdagi natijalar ham sanab oʻtildi.

Natijada iqtisodiyotimizga jalb qilingan yillik xorijiy investitsiyalar hajmi uch yarim barobarga oshib, oxirgi 5 yilda ularning umumiy qiymati 25 milliard dollarni tashkil etdi. Buning hisobiga 59 mingta investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi 2,5 milliondan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratilishiga munosib hissa qoʻshdi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida 2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasining asosiy yoʻnalishlariga batafsil toʻxtaldi. Bular — mamlakatda iqtisodiy va siyosiy barqarorlikni taʼminlash choralarini izchil davom ettirish, ixcham va yuqori natijador, biznesni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan davlat boshqari tizimini yaratish, davlatning iqtisodiyotdagi roli va ulushini keskin qisqartirish, tadbirkorlik faoliyatini yanada ragʻbatlantirish, investorlar huquqlarining himoyasini taʼminlash, infratuzilmani jadal rivojlantirish va modernizatsiya qilish, mahalliy xomashyo negizida yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish, inson kapitaliga sarmoya kiritish, tashqi savdoni liberallashtirish va gender tenglikni taʼminlash.

Umuman olganda, amalga oshiriladigan islohotlar natijasida keyingi 5 yil ichida yalpi ichki mahsulotni 100 milliard dollarga, yillik eksport hajmlarini esa 30 milliard dollarga, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 80 foizga yetkazish koʻzda tutilgani taʼkidlandi. Oʻzbekistonning 2030 yilga borib aholisi oʻrtadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olishiga erishish maqsad qilib qoʻyilgan.

Davlatimiz rahbari investorlar uchun eng qulay va jozibador sharoitlarni yaratish, xorijiy hamkor va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro manfaatli sheriklikni har tomonlama mustahkamlash borasidagi ishlar qatʼiy davom ettirilishini taʼkidladi.

Soʻzining yakunida Prezidentimiz ishtirokchilarga forum ishi muvaffaqiyatli, hamkorlik esa samarali boʻlishini, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishishni tiladi.

Sessiya davomida xalqaro moliyaviy institut va tashkilotlar rahbarlari soʻzga chiqib, Oʻzbekistonning rivojlanish istiqbollari yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Forumning shoʻba sessiyalari va munozaralarida Oʻzbekistonning investitsiyaviy, iqtisodiy va sanoat salohiyati, mintaqaviy va global savdo aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, investitsiyalarni jalb qilish, savdoni liberallashtirish va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish; mamlakatimizni industriallashtirish boʻyicha galdagi qadamlar, sanoatni yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishga yoʻnaltirish, milliy energetika tarmogʻini transformatsiya qilish va muqobil energiya manbalariga oʻtish choralari, mintaqa mamlakatlarining transport jihatidan bogʻliqligini mustahkamlash va tranzit salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilinadi.

Koviddan keyingi davrda iqtisodiy faollikni tiklash va uning jadal rivojlanishini ragʻbatlantirish, kambagʻallikni qisqartirish, pul-kredit siyosatini tartibga solish, biznesni qoʻllab-quvvatlash, bank sohasi va moliya bozorini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratiladi.

Forum dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi oʻrtasidagi Savdo, iqtisodiyot, fan va texnologiyalar, madaniyat, sport va yoshlar masalalari boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 5-yigʻilishi, “Sanoat kooperatsiyasi. Yangi imkoniyatlar” mavzusidagi Oʻzbekiston-Xitoy investitsiya forumi hamda xalqaro moliyaviy institutlar, xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari rahbarlari va taraqqiyot boʻyicha hamkorlar ishtirokida Oʻzbekiston boʻyicha mamlakat platformasi boʻlib oʻtadi.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi 26 mart kuni oʻz ishini yakunlaydi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.