Prezident Istanbulga keldi

0
75
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ishtirok etish uchun bugun Istanbul shahriga keldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Oliy martabali mehmonni Turkiyaning rasmiy shaxslari kutib oldi.

Oʻzbekiston chuqur oʻylangan, har tomonlama muvozanatli, avvalo xalqimiz uchun manfaatli tashqi siyosat yuritmoqda. Barcha sherik davlatlar va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni kengaytirib bormoqda.

Ulardan biri – Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi. Bu tashkilot 2009 yilda tuzilgan. Mamlakatimiz unga 2019 yilda qoʻshilgan. Kengashning asosiy maqsadi qardosh mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiyot, transport, energetika, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishdir.

Oʻxshash til va bir din, tarixiy va madaniy rishtalar asosida shakllangan bu tashkilot mintaqaviy hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanib bormoqda. Oʻzbekistonning qoʻshilgani uning qamrovini ham, salohiyatini ham oshirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari koʻp tomonlama hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitdi. Qisqa davrda davlatimiz rahbari tomonidan 20 dan ortiq takliflar ilgari surildi va amalga oshirildi.

Xususan, 2019 yil oktyabrda Toshkentda Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi majlisi hamda Investitsiya forumi oʻtkazildi. 2020 yilda Xiva shahriga “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” maqomi berildi. Yosh tadbirkorlar forumi taʼsisi etilib, shu yil sentyabrda Toshkentda uning birinchi yigʻilishi oʻtkazildi. Shuningdek, Kengashga aʼzo mamlakatlarning yoshlar va sport masalalariga masʼul vazirlari majlisi ham boʻlib oʻtdi. 

Oʻzbekiston Prezidenti doim alohida eʼtibor qaratib kelayotgan transport va bojxona sohasida tartib-taomillar raqamlashtirilmoqda. Masalan, mamlakatimizda Turkiya va Qozogʻiston bilan boshlangʻich loyihalar ishga tushirildi. Toshkent, Andijon va Termizdagi logistika markazlarimiz Turkiy Kengash doirasidagi “birodar portlar” tizimiga qoʻshildi.

Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasi boʻyicha bildirgan takliflar ham dolzarbligini koʻrsatdi. Kengashga aʼzo mamlakatlar doirasida ushbu kasallikka qarshi kurashish boʻyicha maxsus muvofiqlashtiruvchi guruh tuzildi. Epidemiologik vaziyatni kuzatish, tahlil qilish va prognozlashtirish boʻyicha doimiy faoliyat yuritadigan tizim yoʻlga qoʻyildi.

Shavkat Mirziyoyev sherik davlatlar miqyosida turizmni rivojlantirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratib kelmoqda. Bu sohadagi tashabbuslar ham amalga oshmoqda. Joriy yil iyunda Qoʻqon shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm vazirlari yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Qoʻqon turkiy dunyoning ilk turizm poytaxti, deb eʼlon qilindi. Mamlakatlarimizdagi muqaddas qadamjolar boʻylab “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirish boshlandi.

Mahmud Koshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Muso al-Xorazmiy merosiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy konferensiyalar oʻtkazildi.

Barcha turkiy xalqlar uchun ardoqli boʻlgan shoir – Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis etilishi Prezidentimizning yana bir xayrli tashabbusi boʻldi. Bu mukofot bilan turkiy davlatlarda ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat sohalarini rivojlantirishga katta hissa qoʻshgan shaxslar taqdirlanadi.

Oʻzbekiston Prezidenti bu galgi sammitda ham muhim tashabbuslarni bildirishi kutilmoqda.

Sammitning asosiy tadbirlari 12 noyabrga moʻljallangan. Davlatimiz rahbari qator ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazishi ham rejalashtirilgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.