Poytaxtimizda Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining Oʻzbekistondagi yangi ofisining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
“Koʻksaroy” qarorgohida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov hamrohligida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining Toshkentdagi yangi ofisining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Yuqori martabali mehmon tadbir doirasida OAV vakillariga intervyu berdi.
– Bugun Oʻzbekiston Prezidenti bilan uchrashuv chogʻida Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochadigan, siyosat, iqtisodiyot, xavfsizlik va insoniy oʻlchovlar sohalaridagi keng koʻlamli masalalar boʻyicha hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimning parafillanganini olqishladik.
Biz Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlashdagi rolini yuqori baholaymiz. Oʻzaro bogʻliqlikni muhim deb hisoblaymiz va kelgusida Markaziy Osiyo davlat rahbarlari bilan muntazam ravishda uchrashib, oʻzaro bogʻliqlik, “yashil” iqtisodiyot va barqarorlik masalalarini birgalikda muhokama qilishni rejalashtirganmiz. Bunday mazmundagi muntazam uchrashuvlar oʻzaro anglashuvni yaxshilashga yordam beradi.
Kecha biz YeI va Markaziy Osiyo hamkorligi masalalariga bagʻishlangan anjuman oʻtkazdik. Oʻzbekiston va mintaqadagi boshqa davlatlar katta hajmdagi tabiiy resurslarga ega va geografik joylashuvi nuqtai nazaridan Yevropa va Osiyo oʻrtasidagi koʻprikdir. Xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida barqarorlikka erishish yoʻlida yanada koʻproq ishlar qilishimiz mumkin, deb bilaman.
Yaqin kunlarda Samarqandda Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik masalalariga bagʻishlangan konferensiya boʻlib oʻtadi. Ushbu konferensiyada biz «yashil» va raqamli iqtisodiyot sohasida aniq takliflarni taqdim etamiz.