Shavkat Mirziyoyev ShHT doirasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga doir muhim tashabbuslarni ilgari surdi

0
154
marta koʻrilgan.

Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashi navbatdagi majlisining asosiy tadbirlarida suratga tushish marosimidan soʻng tor doiradagi uchrashuv oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.    

Majlisni Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov ochdi. Unda ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlari ishtirok etdi.

Tashkilotga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Sammitda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.

Mamlakatimiz Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi aloqalarda faol ishtirok etib kelmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari tuzilmaning xalqaro nufuzini oshirish, amaliy hamkorlik qamrovini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

2018 yilda Sindaoda oʻtgan uchrashuvda ShHT davlat rahbarlarining Yoshlarga murojaati hamda uni amalga oshirish boʻyicha Harakatlar dasturi qabul qilindi. Sentyabrda esa Toshkent shahrida ShHTga aʼzo mamlakatlar temir yoʻl idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvi oʻtkazildi. Yana shunday tashabbuslarga muvofiq, Samarqand shahrida «Ipak yoʻli» turizm xalqaro universiteti, Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etildi. Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin.

Prezidentimiz tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish, investitsiya va innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport va kommunikatsiyalar, ekologiya sohalaridagi sheriklikni kengaytirish, agrotexnologiyalar, turizm va gumanitar almashinuvlarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha dolzarb fikrlar bildirdi va muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

 

Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlarining keng doiradagi muzokaralarida tashkilotga aʼzo mamlakatlar bilan birga kuzatuvchi maqomidagi davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida mintaqaga doir dolzarb masalalarga eʼtibor qaratib, ularni hal etish boʻyicha amaliy takliflar bildirdi. Jahon bozorida raqobat keskinlashib, ekologik va demografik muvozanatsizlik yuzaga kelayotgani, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilik xavfi saqlanib qolayotganini qayd etdi.

— Bugun xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha muvofiqlashgan siyosat yuritish, mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar shakllantirish muhim, — dedi davlatimiz rahbari.

Markaziy Osiyodagi barqarorlik va ochiqlik keng hamkorlik hamda muhim mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratayotgani taʼkidlandi. «Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy» temir yoʻli qurilishi shunday muhim loyihalardan biri boʻlib, savdo aloqalari va investitsiya oqimiga kuchli turtki beradi.

Mintaqaviy xavfsizlik masalasiga eʼtibor qaratar ekan, Prezidentimiz bu koʻp jihatdan Afgʻonistondagi vaziyatga bogʻliq ekanini qayd etdi. Ushbu sammit doirasida «ShHT — Afgʻoniston» muloqot guruhining «yoʻl xaritasi» qabul qilinishi, ushbu mamlakatning mintaqaviy hamkorlikka faol jalb etilishi muhimligini taʼkidladi.

«Aqlli» qishloq xoʻjaligi va agroinnovatsiyalarni tatbiq etish sohasiga doir konsepsiya ishlab chiqish, resurs tejaydigan va ekologik toza texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida ShHTning «yashil belbogʻi» dasturini qabul qilish taklifi bildirildi. 

Shavkat Mirziyoyev xalqlarimizning tarixiy-madaniy merosi targʻibotini kuchaytirish, turizm salohiyatini toʻla roʻyobga chiqarish muhimligini taʼkidlar ekan, har yili aʼzo mamlakatlar shaharlaridan birini ShHTning turistik va madaniy poytaxti deb eʼlon qilishni taklif qildi.

Davlatimiz rahbari ShHT doirasida iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, yashil texnologiyalarni joriy etish, axborot texnologiyalari sohasida hamkorlikni mustahkamlashga doir takliflar bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.