Qohirada “Oʻtkan kunlar” romani arab tilida chop etildi

0
140
marta koʻrilgan.

Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani Misrning taniqli ijodkori, Al Shams va Luksor universitetlari professori Muhammad al-Jibali tomonidan tarjima qilinib, u «Turkistondagi achchiq sevgi qissasi” nomi bilan arab dunyosi oʻquvchilariga ilk marotaba taqdim etildi. Kitob Misrning eng yirik “Dorul – Maorif” nashriyotida chop etilgan.

–Bu arab dunyosi uchun muhim voqea boʻldi, – deydi Oʻzbekistonning Misr Arab Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Mansurbek Qilichev. – Kitob nusxalari Misrning eng nufuzli kutubxonalari, oliy oʻquv yurtlariga yetkazilmoqda. 

Kitob taqdimotida bu koʻhna diyorning taniqli ijodkorlari, yozuvchi – shoirlari, jurnalistlari va jamoat arboblari ishtirok etdilar. Shuningdek, ayni kunlarda Misr Arab Respublikasida ijodiy safarda boʻlib turgan Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi Fargʻona viloyati delegatsiyasi aʼzolari ham qatnashdilar. Taqdimotda soʻzga chiqqan Misr – Oʻzbekiston doʻstlik jamiyati raisi Mahdi Zabal, “Axbor al-Yaaum” gazetasi bosh muharriri oʻrinbosari Fotima Badaviy, Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati aʼzosi, adib Farmon Toshev, “XXI asr” gazetasi bosh muharriri, shoir Norqobil Jalil, Qohira universitetida oʻzbek tilini oʻrganib hozirda ilmiy ish qilayotgan Rahima Ibrohim va boshqalar “Oʻtkan kunlar” romani XX asr boshlaridagi oʻzbek milliy madaniyati, urf-odatlari, tarixi va taqdiridan darak beruvchi yuksak badiiy asar boʻlib qoladi, dedilar. 

–Men ilgari ham oʻzbek adabiyoti namunalarini arab tiliga tarjima qilganman, — deydi professor Muhammad al-Jibali. –Ammo “Oʻtkan kunlar” romanini tarjima qilishga oʻnlab yillar oʻqidim, oʻrgandim va tayyorgarlik koʻrdim. Nihoyat u arab olami vakillari qoʻliga yetdi va men bundan behad baxtiyorman. Kelgusida esa Navoiy gʻazallari tarjimasiga kirishmoqchiman. 

Taqdimotda ishtirok etgan Abdulla Qodiriyning nabirasi Xondamir Qodiriy soʻzga chiqib yozuvchi avlodlari nomidan minnatdorchilik bildirdi. 

Muloqot chogʻida “Oʻtkan kunlar” kitobi Saudiya Arabistonida ham qayta nashr etilishi aytildi. Roman asosida tayyorlangan filmni esa arab tiliga tarjima qilish taklifi kiritildi.

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.