Qozogʻiston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va Oʻzbekiston Respublikasi davlat rahbarlarining Qirgʻiz Respublikasidagi voqealar yuzasidan qoʻshma bayonoti

0
175
marta koʻrilgan.

Qardosh Qirgʻizistonda sodir boʻlayotgan voqealar bizni jiddiy tashvishga solmoqda.

Koʻp asrlik doʻstlik rishtalari, yaxshi qoʻshnichilik, umumiy madaniy va maʼnaviy qadriyatlar bilan bogʻlangan yaqin qoʻshnilar sifatida biz ushbu qiyin kunlarda Qirgʻiziston xalqini mamlakatda tinchlikni saqlash va barqarorlikni tiklash uchun oʻziga xos boʻlgan donolikni namoyon etishga chaqiramiz.

Qirgʻizistonning barcha siyosiy partiyalari va jamoatchilik doiralari tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, Konstitutsiya va milliy qonunchilikka soʻzsiz rioya qilish bilan yuzaga kelgan muammolarni hal qilish uchun zarur boʻlgan saʼy-harakatlarni amalga oshirishiga umid bildiramiz.

Qirgʻizistonning ravnaqi mintaqaviy xavfsizlik va butun Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishining muhim omilidir.

Mamlakatlarimizning oʻtmishi bir, ular umumiy kelajakni barpo etmoqda. Markaziy Osiyo xalqlarini tarixiy jihatdan kelajak avlodlar farovonligi uchun barqaror tinchlik, totuvlik va bunyodkorlik istagi birlashtiradi.

Mushtarak maqsadlarga intilgan holda, davlatlarimiz savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar aloqalarni, chegaraoldi va hududlararo sheriklikni kengaytirish uchun mintaqaviy hamkorlikni faol ravishda mustahkamlamoqda.

Markaziy Osiyo birdamligini yanada mustahkamlash yoʻlidan borar ekanmiz, biz Qirgʻiziston xalqini uning hamjihatlik, tinch, mustaqil taraqqiyot va farovonlik borasidagi intilishida doimo qoʻllab-quvvatlaymiz.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.