Ishbilarmonlik sohasida ham salmoqli oʻzgarishlar roʻy bermoqda: korxonalarni rejadan tashqari tekshirish bekor qilindi, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha Ombudsman instituti joriy etildi, ishbilarmonlik muhitida aniqlangan xatolar, notoʻgʻri hisoblashlar, tazyiq oʻtkazishlar hamda sansalorliklar uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev hukumat aʼzolaridan hisobot talab qiladi. 2005 yilda Oʻzbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlardan qoniqmagani uchun oʻz faoliyatini toʻxtatgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki noyabr oyida qaytadan faoliyat yurita boshladi.
Sentyabr oyida Oʻzbekiston milliy valyutasi – soʻmning erkin konvertatsiyasi ochilganligi Shavkat Mirziyoyev prezidentligining birinchi yilidagi eng asosiy yutuqlardan boʻldi.
Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Asambleyasining 72-sessiyasida terrorizmga qarshi kuch ishlatish yoʻli bilan kurashish usuli oʻzini oqlamayotgani, odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini maʼrifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifa ekanini qayd etdi.
«Novosti»da taʼkidlanishicha, Prezident mamlakatda mazkur vazifalarni hal qilishga yoʻnaltirilgan yangi islom markazlarini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan. Oʻzbekiston, shuningdek, «Human Rights Watch» huquqni himoya qilish tashkiloti bilan muloqotni qaytadan yoʻlga qoʻydi, koʻp yillar mobaynida birinchi marta BMTning eʼtiqod erkinligi haqidagi masalalar boʻyicha maxsus maʼruzachisi Ahmad Shohid respublikaga tashrif buyurdi.
Oʻzbekiston rahbari, shuningdek, mintaqalarga tashrifi chogʻida oʻz hayotini ekstremistik faoliyat bilan bogʻlaganlarning yaqin qarindoshlarini ijtimoiy hayotdan chetlatish amaliyotini davom ettirmaslik zarurligini taʼkidladi. OAV maʼlumotlariga koʻra, «qora roʻyxat»dagi 16 ming kishi allaqachon normal hayotga qaytgan. Prezident ekstremistik diniy oqimlarda ishtirok etgan va toʻgʻri yoʻlga qaytishni istamaganlarni Oʻzbekiston fuqaroligidan mahrum qilishga tayyorligini qatʼiy taʼkidladi.
Shavkat Mirziyoyev 2017 yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb eʼlon qildi hamda oddiy odamlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyish uchun Virtual qabulxona ochdi va bu orqali milliondan ortiq murojaatlarda koʻtarilgan muammolar ijobiy hal etildi.
Prezident mahalliy OAVdagi mamlakatning birinchi shaxsi imijiga boʻlgan anʼanaviy yondashuvlarni ham oʻzgartirmoqda. Bir necha yil oldin internet tarmoqlaridan suratini qidirib topish mushkul boʻlgan yangi prezident «Facebook» hamda «Telegram» ijtimoiy tarmoqlarida oʻz sahifasini ochgan.