Toshkent shahrida 2018 yil 5 aprel kuni Qirgʻiziston Respublikasi raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) Kengashining oʻttiz ikkinchi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Qirgʻiziston Respublikasi, Qozogʻiston Respublikasi, Hindiston Respublikasi, Oʻzbekiston Respublikasi va ShHT MATT Ijroiya qoʻmitasi vakillari ishtirok etdi.
Majlisda ShHTga aʼzo davlatlarning 2019-2021 yillarda terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik dasturi hamda ShHT MATT Kengashining ShHTga aʼzo davlatlar rahbarlari Kengashiga ShHT MATTning 2017 yilgi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti loyihalari maʼqullandi.
ShHTga aʼzo davlatlarning 2016-2018 yillarda terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik dasturi hamda ShHT MATT qarorlarining 2017 yildagi ijrosi, shuningdek, ShHTga aʼzo davlatlar vakolatli organlarining ShHTga aʼzo davlatlar hududidagi ozodlikdan mahrum etish joylarida jazoni oʻtayotgan shaxslarni terroristik va ekstremistik tashkilotlarga jalb etishga qarshi kurashish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni amalga oshirishning borishi toʻgʻrisidagi axboroti koʻrib chiqildi.
Terrorizm, separatizm va ekstremizm maqsadlarida internet tarmogʻidan foydalanishni aniqlash hamda unga chek qoʻyish boʻyicha ShHTga aʼzo davlatlar vakolatli organlarining «Syamin – 2017» qoʻshma aksilterror oʻquv mashgʻuloti yakunlari maʼqullandi. 2018 yilda ShHTga aʼzo davlatlarning qoʻshma chegara operatsiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida ShHT MATT hamda BMT Xavfsizlik Kengashi Terrorizmga qarshi kurash qoʻmitasi ijrochi direktori va BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan oʻzaro anglashuv va hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlar loyihalari maʼqullandi.
2018 yilning toʻrtinchi choragida ShHTga aʼzo davlatlar va ShHT huzurida kuzatuvchi mamlakatlar oʻrtasida xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik masalasiga bagʻishlangan oltinchi ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
ShHT MATT Ijroiya qoʻmitasining oʻtgan davrdagi faoliyatiga ijobiy baho berildi.
ShHT MATT faoliyatini rivojlantirish va ShHTga aʼzo davlatlar vakolatli organlari hamkorligini mustahkamlashga qoʻshgan shaxsiy hissasi uchun mazkur davlatlar vakolatli organlarining qator xodimlari va ShHT MATT Ijroiya qoʻmitasining masʼul xodimlari ShHT MATT Kengashi yorligʻi va esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
ShHT MATT Ijroiya qoʻmitasi faoliyatini tashkiliy, kadrlar va moliyaviy jihatdan taʼminlashga doir masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.
ShHT MATT Kengashining navbatdagi majlisini 2018 yil oktyabr oyida Qirgʻiziston Respublikasi hududida oʻtkazish toʻgʻrisida kelishib olindi.
Kengash majlisi ishchanlik, amaliy va doʻstona ruhda oʻtdi.