Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengashning beshinchi sammitida nutq soʻzladi hamda ishtirokchi mamlakatlarning tinchlikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ragʻbatlantirish borasidagi saʼy-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimi tobora ortib borayotgan beqarorlik va kutilmagan hodisalar bilan izohlanayotganini taʼkidladi. Ulkan iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega Osiyo qitʼasi mamlakatlari jiddiy xatarlarga duch kelmoqda. Bu, avvalo, ekologiya, demografiya, migratsiya, hayot va taʼlim darajasi pastligi muammolaridir. Ular ijtimoiy nizolarning asosiy manbai, ekstremizm va terrorizm mafkurasi tarqalishi uchun sharoit yaratadigan muhitdir. Ayniqsa, yoshlar oʻrtasidagi radikallashuv jarayoni tashvish uygʻotadi.
— Bugungi kunda jahon ishonch inqiroziga yuz tutmoqda. Aslida, mamlakatlar va xalqlar oʻrtasidagi ishonch xavfsizlik va barqarorlikning eng muhim shartidir, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Nazarimizda, ishonch inqirozini bartaraf etish va xavfsizlikni mustahkamlash uchun birinchi navbatda inson kapitalini rivojlantirishga qulay sharoitlar yaratish zarur. Shu munosabat bilan oʻzaro hurmat va jamoaviy masʼuliyatga asoslangan kengashimiz faoliyati har qachongidan ham muhim boʻlib bormoqda.
Davlatimiz rahbari xavfsizlik boʻlinmas, ishonch uning fundamental asosi ekanini qayd etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston tinchlikka erishishga qaratilgan har qanday formatdagi muzokaralarni qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi. Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish va ushbu mamlakatda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish butun mintaqa uchun yangi strategik imkoniyatlar ochadi.
Yoshlar salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning radikallashuviga qarshi kurashish va sifatli taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish ham barqarorlik va farovonlikning muhim shartlaridan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyusiyasi qabul qilingani, shuningdek, Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari Oʻzbekiston fan, taʼlim sohalaridagi va madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi hamkorlikning muvofiqlashtiruvchisi boʻlishga tayyor ekanini bildirdi. Mamlakatimiz xalq diplomatiyasi doirasidagi aloqalarni, jumladan, turizm boʻyicha forumlarni tashkil etish orqali faollashtirishni muhim deb hisoblaydi.
«Shubhasiz, bu xalqlarimiz oʻrtasidagi ishonch va oʻzaro anglashuvning oshishiga xizmat qiladi», — deb taʼkidladi Prezidentimiz.
Shavkat Mirziyoyev dinlararo hamjihatlikni saqlash, maʼrifat va madaniyatlarni oʻzaro boyitish masalalari boʻyicha tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyishni taklif etdi.
Toshkentdagi Oʻzbekiston islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi buning uchun samarali platforma boʻlib xizmat qilishi mumkinligi taʼkidlandi.
Iqtisodiy oʻzaro bogʻliklik va mintaqaviy savdoni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarni kuchaytirish lozimligi qayd etildi. Bunda avvalo butun mintaqaning tranzit va iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish imkonini beradigan ustuvor infratuzilma loyihalariga eʼtibor qaratish lozim.
«Sheriklikni biznes darajasida rivojlantirish barqaror iqtisodiy taraqqiyot drayveri hisoblanadi. Ushbu sohada Hamkorlik konsepsiyasiga muvofiq Kichik biznes boʻyicha mintaqaviy forumni taʼsis etishni taklif etamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari bugungi kunda tobora keskin tus olayotgan ekologik xatarlar ham xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga jiddiy tahdiddir. Orol muammosi global miqyosdagi ekologik va gumanitar halokatdir. Shu munosabat bilan ushbu fojia oqibatlarini bartaraf etish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirish lozim. Ayni shu maqsadda Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT shafeligida donorlik mablagʻlarini jalb etish va Orolboʻyi mintaqasida aniq loyihalarni amalga oshirish uchun koʻpsheriklik asosidagi Trast fondi tashkil etildi.
Muhokamalar yakunida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash beshinchi sammitining deklaratsiyasi qabul qilindi.