Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston xalqini Ostona shahrining 20 yilligi bilan tabrikladi

0
217
marta koʻrilgan.

Qozogʻiston poytaxtidagi Mustaqillik saroyida 6 iyul kuni Ostona shahrining 20 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan ushbu tadbirda ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari ushbu tarixiy sana bilan Qozogʻiston xalqi va Prezident Nursulton Nazarboyevni samimiy tabrikladi.

Ostona shahri yangi, mustaqil va izchil rivojlanayotgan Qozogʻistonning yorqin timsolidir. Uning qiyofasida qozoq xalqining boy madaniyati va anʼanalari, zamonaviy arxitektura yutuqlari mujassam. Bu shahar yirik iqtisodiy va moliyaviy markaz, xalqaro forum va uchrashuvlar uchun qulay maydon hamdir, dedi Shavkat Mirziyoyev.  

Maʼlumki, 1994 yil 6 iyulda Qozogʻiston Oliy Kengashi mamlakat poytaxtini Olmaotadan Oqmolaga koʻchirish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan. 1997 yil 10 dekabrda Prezident Nursulton Nazarboyevning farmoniga muvofiq Oqmola shahri Qozogʻiston Respublikasining poytaxti deb rasman eʼlon qilingan. 1998 yil 6 may kuni Oqmola shahrining nomi Ostona deb oʻzgartirilgan.  2008 yili qabul qilingan qonunga muvofiq “6 iyul – Poytaxt kuni” davlat bayrami etib belgilangan.  

Oʻtgan davrda shahar hududi ancha kengayib, zamonaviy binolar barpo etildi. Ostona mamlakatning nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy markaziga aylandi.  

Bu yerda mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi tadbirlar ham oʻtkazilgan. Jumladan, Qozogʻiston poytaxti 2011 yilgi qishki Osiyo oʻyinlari, 2017 yilgi xalqaro ixtisoslashgan koʻrgazmaga mezbonlik qilgan. 

Ostona tarixida mamlakatimiz uchun ham eʼtiborga molik jihatlar koʻp. Oʻzbekiston Prezidentlari, parlament va hukumat delegatsiyalari bu yerda bir necha bor boʻlgan. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22-23 mart kunlari Ostonaga davlat tashrifi bilan kelgan edi. Davlatimiz rahbari ushbu shaharda oʻtkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti va Islom hamkorlik tashkiloti sammitlarida ham ishtirok etdi.  

Rasmiy Ostona Shavkat Mirziyoyevning mintaqa mamlakatlari rahbarlarining uchrashuvini tashkil etish tashabbusini birinchilardan boʻlib qoʻllab-quvvatladi. Joriy yil 15 mart kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu tarixiy sammit mintaqa davlatlari oʻrtasidagi oʻzaro ishonch, sheriklik va yaxshi qoʻshnilik munosabatlarining yangi bosqichini boshlab berdi.

Ostona shahrining 20 yillik tadbirlari yana bir samimiy muloqot maydoni boʻldi. Yubileyda Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ham qatnashdi.

Tantanali marosimda mamlakatimiz sanʼat ustalari tomonidan ham kuy-qoʻshiqlar, raqslar ijro etildi. Bayram tadbiri xalqlarimiz doʻstligi, madaniy yaqinligini yana bir ifodasi boʻldi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.