Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Meyning yordamchilari yashirin harakatlar rejasini ishlab chiqishmoqda. Agar noyabr oyida Birlashgan Qirollikda muddatdan avvalgi parlament saylovlari oʻtkaziladigan boʻlsa u ishga tushiriladi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.
Nashrning qayd etishicha, bu kabi vaziyat Brexit shartlari boʻyicha London va Bryussel oʻrtasidagi muzokaralar samara bermasa yuz berishi mumkin. Biroz muddat avval Mey YeI iyul oyida hukumat tomonidan taqdim etilgan rejani qabul qilmayotgani sababli bu muzokaralar boshi berk koʻchaga kirib qolganini taʼkidlagandi. Mey siyosatiga qarshi boʻlgan kuchlar kelgusi haftada uning rejasiga muqobil loyihani taqdim etish niyatidalar. Bu esa konservatorlarning 30 sentyabr kuni oʻtkaziladigan yillik konferensiyasi oldidan yetakchining nufuziga taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shuningdek, Mey devonida migratsiya siyosatiga oid masalalar borasida ham bir toʻxtamga kelinmagani siyosatchilar tomonidan tanqid qilinmoqda.
Nashrning xabar berishicha, bosh vazir ishonch votumidan qutulish uchun 2019 yilning yozida oʻz ixtiyoriga koʻra lavozimini tark etishni moʻljallamoqda.
Eslatib oʻtamiz, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqish shartlari boʻyicha muzokaralar 2017 yilning 19 iyunida boshlangan edi. Bu sanadan bir yil avval esa ayni masala yuzasidan oʻtkazilgan referendumda 51,9 foiz ovoz bilan Yevropa integratsiyasiga qarshi boʻlganlar gʻalaba qozongan edi.
Yevropa Ittifoqining Zalsburgda oʻtgan navbatdan tashqari sammitida soʻzga chiqqan Mey muzokaralar jarayonini samarasiz boʻlayotganidan shikoyat qilgan.
Brexitning oʻzi 2019 yilning 29 martida amalga oshirilishi kerak, rejaga binoan ayni shu kundan 2020 yilning 31 dekabriga qadar davom etadigan oʻtish davri boshlanadi.