Notinchlik, beqarorlik bor joyda koʻproq xalq, oddiy odamlar jabr chekadi. Axir tinchlik bor joyda inson xotirjam yashaydi, orzu umidlar qiladi. Shu jihatdan afgʻon xalqi uzoq yillardan beri mamlakatdagi beqarorlikdan aziyat chekib keladi. Ana shunday sharoitda oʻsib ulgʻaygan afgʻonistonlik oʻzbek qizi Asila Nabizoda ham oʻz yurtida tinchlik oʻrnatilishini doim orzu qilib kelgan.
«Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasini bevosita kuzatish uchun Toshkentga kelgan A.Nabizoda biz bilan suhbatda oʻz vatani taqdiriga daxldor bunday nufuzli konferensiya tashkil etilganidan juda mamnun ekanini bildirdi.
Afgʻonistonning Samangon viloyatida tugʻilib oʻsgan Asila oʻzi oʻzbek qizi boʻlgani uchun ham Oʻzbekiston hayoti bilan doim qiziqib kelgan.
– Oʻzbekistondagi tinchlik va barqarorlik, taraqqiyot, xalqning farovon turmushiga doim havas bilan qaraganmiz, – deydi u. – Ayniqsa, bu zaminda katta shukuh bilan oʻtadigan bayramlar, sayillarni telekanallar orqali oilaviy tomosha qilardik. Oʻzbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimovga ota-onamning hurmati juda baland edi. Bu inson afgʻon muammolariga doim eʼtibor qaratgan, afgʻon xalqiga doim yordam berishga harakat qilgan. Bu xayrli ishlarni Prezident Shavkat Mirziyoyevning davom ettirayotganidan juda mamnunmiz. Afgʻonistonga oid konferensiyani tashkil etishdagi tashabbuslaridan butun afgʻonistonliklar minnatdor. Konferensiyani bevosita kuzatish uchun bizga imkoniyat yaratib berildi. Ayni paytda internet orqali konferensiya doirasida boʻlayotgan voqealar haqida Afgʻonistondagi yaqinlarimiz bilan muloqot qilib turibmiz. Xalqning xursandchiligining cheki yoʻq. Ular konferensiyada katta natijalarga erishilishidan juda umidvor.
Asila Nabizoda Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻanining 2017 yil dekabr oyida mamlakatimizga tashrifi chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazini tashkil etish boʻyicha imzolangan bitim doirasida ayni paytda Termizda oʻzbek tili va adabiyoti fakultetining bakalavr yoʻnalishi boʻyicha taʼlim olayotgan 96 afgʻonistonlik talabadan biri.
Fursatdan foydalanib u taʼlim olish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, taʼlim berish uslubi yuqori darajada ekanini bildirdi. Kelgusida Asila oʻz yurtiga borib oʻzbek tili va adabiyotidan nafaqat oʻquvchilarga taʼlim berish, balki Oʻzbekiston tarixi, madaniyati, boy anʼanalari bilan ularni tanishtirishni maqsad qilgan.