Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi prezidenti Tomas Bax Shveysariyaning Jeneva shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ilk bor oʻtkazilayotgan Qochqinlarning Global forumida ishtirok etdi.
Mazkur forum qochqinlar masalasi boʻyicha xalqaro fikr almashish, amalga oshiriladigan ishlarni masʼuliyat bilan boʻlishib olish maqsadida tashkil qilindi. BMTga aʼzo 193 mamlakat vakillari ishtirok etgan forumda Tomas Bax ham nutq soʻzladi.
“Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi bir necha yildirki, qochqinlarni sport borasida qoʻllab kelmoqda. 2016 yil Rio Olimpiadasi uchun XOQ qoshida Qochqinlar jamoasi, keyinchalik Qochqinlar Olimpiya fondi ham tuzildi. Tajribadan kelib chiqqan holda shuni bilamizki, urush va quvgʻinlikda oʻsib kelayotgan bolalar uchun sport katta ahamiyatga ega. Sport qochqinlar uchun aniq maqsadlar sari qadam qoʻyish, oʻzini himoya qilish va sogʻlom ulgʻayish uchun muhim vositadir. Biz qochqin atletlarga har doim imkoniyat yaratib berganmiz va bu yoʻlda davom etamiz. Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida ham ularning maxsus jamaosi ishtirok etadi”, – dedi Tomas Bax.