AQSH Prezidenti bir vaqtlar Jahon bankini qattiq tanqid qilgan shaxsni ushbu tashkilot rahbarligiga nomzod sifatida tanishtirdi.
AQSH Prezidenti Donald Tramp tashqi ishlar boʻyicha Moliya vaziri oʻrinbosari Devid Malpass nomzodini Jahon banki rahbari lavozimiga tavsiya etdi. Bu haqda INTERFAX.RU ABC News telekanalidan iqtibos keltirib xabar bermoqda.
Telekanal maʼlumotlariga koʻra, Vashingtonda koʻpchilik Moliya vazirligi amaldori bir necha bor Jahon banki va boshqa xalqaro institutlarni jiddiy tanqid qilib kelgan Malpass nomzodiga ishonchsizlik bildirmoqda.
“Devid va Qoʻshma shtatlar bunday tashkilotni boshqarish, tashkilot oldiga qoʻyilgan vazifalarni unumli va samarali bajarish imkoniyatini qoʻllab-quvvatlaydi”, deydi telekanal AQSH maʼmuriyati vakilining soʻzlarini keltirib.
Devid Malpass – 62 yoshli respublikachi. U 2016 yildagi saylovoldi kampaniyasi davrida Donald Trampning katta iqtisodiy maslahatchisi boʻlgan. 2017 yilning sentyabridan AQSH moliya vazirining tashqi ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.
Manbaa: OʻzA