Qadim-qadimdan oʻzbek xalqining milliy matolari – atlas va adraslar nafisligi hamda sifati bilan butun sharqu gʻarbda mashhur boʻlgan. Afsuski, XIX asr oxiri XX asrga kelib mamlakatimizdagi siyosiy tuzum tufayli unutib yuborildi. Shukrki, Oʻzbekiston mustaqilligidan keyin koʻpgina milliy hunarmandchilik yoʻnalishlarimiz yana qayta tiklandi, jumladan, adras toʻqimachiligi sanʼati yana rivojlana boshlandi. Ayni kunlarda mamlakatimizning qadimiy milliy matolariga boʻlgan qiziqish va uning mashhurligi AQSHda boʻlib oʻtayotgan tadbirda ham aks etmoqda.
AQSHning Jorj Vashington nomidagi universiteti muzeyi hamda Toʻqimachilik muzeyida oʻzbek milliy hunarmandchiligi yoʻnalishi – adras toʻqishga bagʻishlangan qiziquvchilar uchun oʻquv mashgʻuloti boʻlib oʻtdi. Unda Merilend institutining Sanʼatshunoslik fakulteti professori Kristina Dey tashrif buyuruvchilarga adras matosini boʻyash, toʻqish jarayonlari haqida maʼlumotlar berib, soʻng mazkur jarayonni amaliy koʻrsatib berdi.
“Markaziy Osiyo hududida ip, ipak va nim-shoyi matolar tayyorlash qadimdan keng tarqalgan. Dastlab gulsiz, keyinroq sodda gulli — yoʻl- yoʻl naqshlar bilan bezash yoʻlga qoʻyilgan, keyinchalik murakkab naqshli atlas va adraslar yaratila boshlangan. Mahsulot tayyor boʻlguncha oʻttizdan ortiq ish jarayoni bajariladi. Oʻzbekistonning Buxoro, Fargʻona, Samarqand, Toshkent hududlarida adras tayyorlash markazlari juda rivojlangan. Markaziy Osiyo bozorlaridan tashqari Turkiya, Eron, Afgʻoniston, Hindiston, Xitoy kabi qoʻshni mamlakatlarning bozorlarida ham sotilgan. Atlas va adraslar mazkur zamin xalqlari hayotida keng tarqalgan boʻlib, ayollarning kiyim-kechaklari, yostiq va koʻrpalar, umuman uy jihozlari uchun keng ishlatilgan”, — deb mashgʻulot davomida adras haqida juda koʻplab maʼlumotlar ham berib oʻtdi olima Kristina Dey.
Mashgʻulot mazkur muzeyda tashkil etilgan koʻrgazma doirasida boʻlib oʻtdi. Koʻrgazmada umrini Markaziy Osiyo xalqlarining milliy matosini oʻrganishga, targʻib qilib, namunalar yigʻishga sarflagan Garvard universiteti olimi Oskar Guido Goldmanning muzeyga taqdim etgan 32 turdagi atlas va adrasi namoyishga qoʻyilgan boʻlib, ular asosan 1800-1900 yillar oraligʻida Buxoro, Samarqand, Fargʻonada toʻqilgan qadimiy matolardir.
Oskar Guido Goldman asli siyosatshunos olim boʻlsa-da, lekin oʻzbek milliy atlasu adraslarining ashaddiy muxlisidir. Shu sabab butun umri davomida Markaziy Osiyo xalqlarining turli xil atlas va adraslarini yiqqan. Toʻqimachilik sanʼatining mana shu yoʻnalishini rivojlantirishga, targʻibot va tashviqot qilishga katta hissa qoʻshgani uchun hatto joriy yilning mart oyida xalqaro miqyosda tan olingan Jorj Xyuit Mayer mukofotini qoʻlga kiritdi.
Ha, matolarimiz nafaqat oʻziga xos naqshi, balki, toʻqimachilikning oʻziga xos texnologiyalari asosida yaratilishi bilan ham jahon ahlining eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Muzeydagi mashgʻulotda ishtirok etar ekanmiz, xalq ustalarimiz tomonidan tayyorlanayotgan milliy matolarimiz dunyo ahlida katta qiziqish uygʻotayotganidan bagʻoyat mamnun boʻldik. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, mashgʻulotda ishtirok etishni xohlovchilar koʻp boʻldi. Biroq, barchani qabul qilish imkoniyati boʻlmadi. Shu dalilning oʻzi ham milliy matolarimizga qiziqishning ortib borayotganini koʻrsatadi.
“Gujum.uz” internet nashri uchun Oydin Saʼdullayeva maxsus tayyorladi