Vashingtonning Smitsonian Osiyo sanʼati muzeyining Frier va Artur Sakler galereyalarida Nyu-Yorkdagi Markaziy Osiyo Jamiyatining “Shoshmaqom” ansambli ijrosida oʻzbek va tojik xalqlarining milliy kuy va qoʻshiqlari yangradi.
Shumiel Kuenov doira, David Davidov tanbur, Rafael Badalboyev akkardion chalib, oʻz sanʼatini namoyish etgan boʻlsa, Rustam Samarqandiy oʻzining jozibali ovozi bilan tomoshabinlarning eʼtirofiga sazovor boʻldi. Feruza Yagudayeva oʻzbek va tojik xalqlarining kuy va qoʻshiqlariga raqs tushib, barcha tomoshabinlarni xushnud etdi.
“Forscha olti maqom degan maʼnoni anglatadigan shoshmaqom Markaziy Osiyo xalqlari musiqiy merosida markaziy oʻrin tutgan maqomlar turkumidir. Shoshmaqom ohang, usul, shakl, uslub kabi vositalar bilan oʻzaro uzviy bogʻlangan mumtoz kuy va ashulalar majmui boʻlib, u musiqiy folklor hamda kasbiy musiqa yoʻnalishlarida orttirilgan koʻp asrlik ilmiy-ijodiy tajriba hamda izlanishlar natijasida yuzaga kelgan. Maqomlar sozanda va xonandalar tomonidan yakka tarzda, shuningdek, joʻrovozlik va joʻrnavozlik asosida ijro etilishi mumkin. Shashmaqom musiqa merosida XVIII asrlarda 12 maqom tizimi (Duvozdax maqom) va Buxoro musiqiy anʼanalari negizida Markaziy Osiyoning yirik madaniy markazi boʻlmish Buxoroda shakllangan”. – Deb yigʻilganlarga shoshmaqom haqida qisqacha umumiy maʼlumotlar ham berdi asli Oʻzbekistondan boʻlgan vokalist ijodkor Rustam Samarqandiy.
Tadbirda “Samarqand ushoqi”, “Bahoram”, “Soqinomay savti kalon”, “To bodi sabo”, “Xanda-xanda” kabi yana bir qator xalq kuy va qoʻshiqlari yangradi.
Ansambl tomonidan “Jonon boʻlaman deb”, “Ajab-ajab” kabi shoʻx kuy va qoʻshiqlar yangraganida esa hatto baʼzi amerikaliklar ham raqsga tushib ketishdi. Zaldagi tomoshabinlarni va ularga Sharq milliy ohanglari bergan xushkayfiyatni kuzatar ekanman, «Shashmaqom musiqasi» 2003 yili YUNYeSKO tomonidan «Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi durdonasi» deb tan olinganligi va 2008 yildan boshlab YUNYeSKOning Reprezentativ roʻyxatiga kiritilganligi bejiz emasligini yana bir karra his qildim.
Ha, oʻzbek musiqiy folklor sanʼati juda qadimiy, betakror va jozibali boʻlib, ularni tinglagan kishi betakror zavq oladi. Milliy kuy va qoʻshiqlarimizni dunyoning umuman narigi burchagida yangrayotganining guvohi boʻlganingizda esa dilingiz yanada yayrab, qalbingizda yurtingiz bilan faxrlanish tuygʻusi joʻsh uradi.
Gujum.uz internet nashri uchun Vashingtondan Oydin Sadullayeva maxsus tayyorladi.
Muallif olgan fotolar