Vashingtonning Ronald Reygan binosi va Xalqaro savdo markazida Sanʼat va madaniyat xalqaro festivali oʻtkazildi.
Xalqaro festivalda dunyoning 50 dan ortiq davlatlari elchixonalari oʻz milliy sanʼati va madaniyati namunalarini namoyish etdilar. Minglab kishilar tashrif buyurgan bu tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining AQSHdagi elchixonasi ham qatnashdi. Ular oʻzbek musiqa va raqs sanʼati, milliy hunarmandchilik namunalarini namoyish etib, mehmonlarni milliy taomlar bilan siylashdi.
“Oʻzbekiston haqida ilgarilari ham koʻp eshitganman. Bugungi tadbirda namoyish etilgan oʻzbek sanʼati va madaniyati namunalari menda yanada qiziqish uygʻotdi. Ayniqsa, oʻzbek milliy taomlari taʼmi va mazasi bilan barchani jalb qildi. Bugungi tadbirda milliy taomlaringiz bilan siylanayotgan joy festivalning eng gavjum joyi boʻlganligi ham buni tasdiqlaydi. Oʻzbekiston elchixonasining koʻrgazmasi nafaqat menga, balki barcha mehmonlarga manzur boʻldi, desam xato boʻlmaydi. Kelajakda albatta yurtingizga tashrif buyuraman,” – deydi Vashingtondagi Interkontinental mehmonxonasi diplomatiya va savdo-sotiq ishlari boshkaruvchisi Jenifer Chan.
“Men zardushtiylik diniga eʼtiqod qilaman. Oʻzingizga maʼlum, juda qadim zamonlarda hozirgi Oʻzbekiston hududida zardushtiylik dini tarqalgan. Mamlakatingizdagi zardushtiylik davridan qolgan tarixiy qalʼalarning koʻpligi menda katta qiziqish uygʻotdi. Shu bois mamlakatingizga sayohatim davomida Samarqand, Buxoro, Xorazm, Nukus shaxarlaridagi tarixiy obidalar bilan birga eng uzoq va chekka hududlardagi koʻpgina qadimiy yodgorliklarni ham ziyorat qilganman. Zamonaviy shaharsozlik ham menda katta taassurot qoldirgan. Kelajakda yana borish istagim bor”, — deydi tadbirga tashrif buyurgan mehmonlardan biri Karsi Shreff.
“Milliy uslubda taxtani oʻyib ishlangan mana bu naqshinkor qutichalar ayniqsa menda katta tassurot qoldirdi. Juda nozik did bilan yasalgan amaliy sanʼat namunalarining jozibasiga til ojiz. Ijodkor xalqingizga tasannolar aytaman”, – deydi oʻzini Xelen Smit deb tanishtirgan mehmonlardan yana biri.
“Oʻzbekiston Respublikasi elchixonasi Sanʼat va madaniyat Xalqaro festivali tashkil etila boshlaganidan beri har yili qatnashib keladi. Mazkur tadbir bizga Oʻzbekiston goʻzalliklarini jahon ahliga namoyish etishga, xorijliklarda mamlakatimiz haqida boy taassurotlar uygʻotishga imkon beradi. Bu esa mamlakatimizga yanada koʻproq turistlarni jalb etib, mamlakatimiz turizmini rivojlantirishga hissa qoʻshadi”, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi elchixonasi madaniy ishlar boʻyicha attashe Ahror Burxonov.
Elchixonamiz vakillari koʻrgazmamiz bilan qiziqayotgan, lavhni qoʻliga olib diqqat bilan tomosha qilayotgan mehmonlarga “Oʻzbek xalq amaliy sanʼatining yogʻoch oʻymakorligi yoʻnalishidan bir namuna hisoblangan mana bu buyum – lavh deb ataladi. Qadimda mutolaa jarayonida kitob uchun kursicha sifatida ishlatilgan. Qiziq tomoni shundaki, lavhni yasashda hech qanday mix yoki yelimlardan foydalanilmaydi”, – deya maʼlumotlar ham berib oʻtdi.
Oʻzbekiston hunarmandlarining turli xil mahsulotlarini katta qiziqish bilan kuzatayotgan jahon ahlini koʻrganimda, qalbimda farahli tuygʻularni tuydim. Yurtim bilan faxrlandim.
Oydin Sadullayeva