“Xalqaro ona tili kuni» YUNYeSKO tashabbusi bilan 2000 yildan buyon jahonda keng nishonlanadi

0
1130
marta koʻrilgan.

2018 yil 21 fevral kuni Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda sananing paydo boʻlishi bilan bogʻliq tarixiy voqealar, uning mohiyati va dunyoda tinchlikni saqlashdagi ahamiyati tilga olindi hamda Oʻzbekiston Milliy kutubxonasiga YUNYeSKOning 7 jildlik “Istoriya chelovechestva” (Insoniyat tarixi) ensiklopediyasi taqdim etildi. Tadbirda YUNYeSKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, diplomatik korpus, Oʻzbekistondagi milliy madaniy markazlar vakillari va Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi foydalanuvchilari ishtirok etdilar.

Tadbir boshlovchisi ishtirokchilarni mazkur kun tarixi va Xalqaro ona tili kuniga asos solgan voqealar bilan tanishtirdi: “Xalqaro ona tili kuni» YUNYeSKO tashabbusi bilan 2000 yildan buyon turli tillar va xalqlar madaniyatini muhofaza qilish maqsadida nishonlanadi. Bu sana 1952 yilning 21 fevral kuni boʻlib oʻtgan voqea — Bangladeshning Dakka shahrida oʻz ona tili — bengal tilini davlat tili darajasiga koʻtarish va uni himoya qilish maqsadida shahar koʻchalariga chiqqan talabalarning politsiya xodimlari tomonidan oʻqqa tutilishi bilan bogʻliq”.

Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori oʻrinbosari U.Teshabayeva tadbir mehmonlari va ishtirokchilarini qutlab, ona tilining bugungi jamiyatimizda tutgan oʻrni va mavqei, xalqlar oʻrtasida tinchlik, iqtisodiy munosabatlar va madaniy aloqalarni mustahkamlashda katta ahamiyatga ega ekanligini gapirdi. “Xalqaro ona tili kuni ona tilining jamiyatning har bir jabhasida va barcha munosabatlarda turgʻun rivojlanishi va turli xalqlar madaniy meroslarini sharaflash imkoniyatini beradi”, deya taʼkidladi. Shuningdek U.Teshabayeva Oʻzbekistondagi BMTning Rivojlanish Dasturi va Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi oʻrtasida imzolangan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandumi va uning doirasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Tadbirda YUNYeSKOning Oʻzbekistondagi rahbari vazifasini bajaruvchisi D.Badarch, Xalqaro Oʻrta Osiyo tadqiqotlari instituti direktori (MITSAI) D.Voyakin, YUNYeSKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi maʼsul kotibi A.Ikramov, Bangladesh Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi M.Mannanlar “Istoriya chelovechestva” (Insoniyat tarixi) ensiklopediyasining yaratilish tarixi, uning mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida soʻzladilar.

“YUNYeSKOning «Istoriya chelovechestva» kitobi — ulugʻvor butunjahon ensiklopediyasidir. YUNYeSKO tashkiloti oʻzining mavqeidan foydalanib, ensiklopediya yaratilishiga 450 nafar eng zoʻr, eng taniqli tarixchilar va ilmning barcha sohalari, yaʼni adliya, sanʼat, falsafa, adabiyotshunoslik, tabiatshunoslik, tibbiyot, antropologiya, matematika, iqtisodiyot boʻyicha mutaxassislarni jalb etdi”, — deya taʼkidladi janob D.Badrach.

Xalqaro Oʻrta Osiyo tadqqotlari instituti direktori (MITSAI) D.Voyakin institut faoliyati, olimlarining ilmiy izlanishlari, tadqiqot obyektlari, Oʻrta Osiyo mintaqasida olib borilayotgan ishlar, Oʻzbekiston va Oʻrta Osiyodagi hamkorlar, shuningdek soʻnggi nashrlar bilan tanishtirdi. Majlislar zali foyesida Xalqaro Oʻrta Osiyo tadqiqotlari instituti nashrlari koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
YUNYeSKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi maʼsul kotibi A.Ikramov
“Istoriya chelovechestva” kitobi bilan bir qatorda “Oʻzbekiston nomoddiy madaniy merosi” kitobini ham kutubxonaga taqdim etdi. Oʻzbek va ingliz tillarida chop etilgan mazkur kitobda xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odatlari, madaniyati va turmush tarzi toʻgʻrisida boy maʼlumotlar berilgan.

Tadbir doirasida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari tomonidan ingliz, nemis, fransuz, xitoy va ispan tilida sheʼrlar va milliy qoʻshiq va raqslardan tashkil topgan konsert dasturi namoyish etildi.

Oʻzbekiston Milliy kutubxonasining “Jahon” oʻquv zalida Xalqaro ona tili kuniga bagʻishlangan kitob-rasmli koʻrgazma ochildi. Koʻrgazmada ona tiliga cheksiz eʼtibor aks etgan va chet tillarni oʻrganishni targʻib etishga bagʻishlangan kitoblar oʻrin olgan. Mazkur koʻrgazmada Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi fondida saqlanuvchi, chet tillarni oʻrganishni boshlovchilar va mukammal darajada egallashni xohlovchilar uchun ingliz, nemis, fransuz, xitoy, koreys, ispan, arab, chex, turk, italyan, portugal va shved tillarida oʻquv qoʻllanmalar, risolalar, lugʻatlar, disklar, audio- va videokassetalar namoyish etilmoqda.

Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.