Xorazm viloyati Xiva shahrida 16 sentyabr, payshanba kuni TURKSOY xalqaro tashkiloti doimiy kengashining 38-majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkiya, Turkmaniston, Ozarbayjon va Qirgʻiziston davlatlarining madaniyat vazirlari ishtirok etdi.
TURKSOY xalqaro tashkiloti doimiy kengashining 38-majlisida Turkiy dunyo mamlakatlarining madaniyat poytaxti oʻzgartirildi. Bu haqda unda ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov xabar beradi:
Mazkur xalqaro darajadagi yigʻilishda TURKSOYning vaqtinchalik koordinatorini oʻzgartirish, “Turkiy dunyo madaniyati poytaxti” maqomini topshirish, xalqaro madaniy hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash kabi masalalar muhokama etildi.
TURKSOY xalqaro tashkiloti doimiy kengashining 38-majlisida muhokama etilgan masalalar yuzasidan har bir davlat madaniyat vaziri oʻz taklif va tavsiyalarini kiritdi.
Yigʻilish yakunida, 2022 yilning “Turk dunyosi madaniyat poytaxti» maqomi Turkiya davlatining Bursa shahriga berish taklifi bildirildi va bir ovozdan maʼqullandi. Shuningdek, Ozarbayjon, Turkiya va Qirgʻiziston tomonidan turkiy tilli davlatlarda taniqli shaxslar tavalludining yubiley sanalarini tantanali nishonlash taklifi bildirildi. Ushbu taklifga oid qarorni 2022 yilda TURKSOY doimiy kengashining Bursada boʻlib oʻtadigan yigʻilishida qabul qilish belgilab qoʻyildi.
Yigʻilish soʻngida, mazkur xalqaro tashkilotga aʼzo davlatlar Madaniyat vazirlari tomonidan yakuniy qarorlar boʻyicha hujjat va dekloratsiyalar imzolandi.
Oʻylaymizki, 2022 yilda «Turk dunyosi madaniyat poytaxti» deya eʼlon qilingan Bursa shahri ham Xiva singari samarali hamkorliklarga zamin yaratib, unutilmas taassurotlar hadya etadi.
Manbaa: MADANIYAT. UZ