“Taraqqiyot strategiyasi” markazi USAIDning Oʻzbekistonda sud-huquq islohotlari dasturi bilan hamkorlikda “Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi 16 kun” shiori ostida media tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Oʻzbekistondagi AQSH elchixonasining muvaqqat ishonchli vakili Alan Melser USAIDning Oʻzbekistonda sud-huquq sohasini isloh qilish dasturi tashkillashtirgan, xalqaro maydonda nishonlab kelinayotgan “Xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi 16 kun” tadbirida nutq soʻzladi.
Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchi Sayyora Baratova, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosari Svetlana Ortiqova, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi direktori Eldor Tulyakov va Melser janoblari AQSH va Oʻzbekiston hukumatlarining Oʻzbekistonda gender tenglikni ilgari surishdagi rolini eʼtirof etishdi.
“Dunyodagi har uch nafar xotin-qizning biri hayoti davomida jismoniy yoki jinsiy zoʻravonlikka uchragan. Bunday jinoyatni tag-tomiri bilan yoʻq qilish maqsadida USAID butun dunyodagi mamlakatlarga xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka, jumladan oiladagi zoʻravonlik, jinsiy zoʻrlash va odam savdosiga qarshi qaratilgan qonunchilikni ishlab chiqishda yordam beradi. Bunday saʼy-harakatlar nafaqat zoʻravonlikdan jabr koʻrganlarning salomatligini yaxshilashni, balki ularga bu borada oʻzgarish yasash uchun tarafdor-himoyachi boʻlishga imkon yaratishni ham maqsad qiladi”,- dedi oʻz nutqida Alan Melser janoblari.
AQSH hukumati tenglik va xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka chek qoʻyish ishiga sodiqdir va Oʻzbekistonda bu maqsadni amalga oshirishda Oʻzbekiston hukumati bilan hamkorlik qilishdan faxrlanadi.
USAIDning Oʻzbekistonda sud-huquq sohasini isloh qilish dasturi uch yarim yilga moʻljallangan 12 million dollarlik loyiha boʻlib, u Oʻzbekistonda qonun ustuvorligini taʼminlash, yuridik kasbni rivojlantirish hamda fuqarolik jamiyati va nodavlat tashkilotlari uchun huquqiy sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratadi.
AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati