Yigirma yetti yoshida Avstraliya senatoriga aylangan afgʻon qizi Fotima Paymon hikoyasi

0
311
marta koʻrilgan.

27 yoshida senatorga aylangan afgʻonistonlik Fotima Paymon siyosat maydoniga shunchaki omadi yurishganidan kirib kelmagan. Tarixi qiziq va dardli. Toʻrt yoshida «Tolibon» zulmidan oilaviy qochib, Pokiston, soʻng Avstraliyadan boshpana topgan qiz bugun qitʼadagi eng yosh va hijobli yagona siyosatchidir.

Oʻtgan yilning iyunida Gʻarbiy Avstraliya senatori etib saylangan va 1 iyuldan lavozimiga rasman kirishgan Fotima Paymon mamlakat tarixidagi eng yosh (saylovlar vaqti 27 yosh edi) va ilk hijobli siyosatchi sifatida maydonga kirib keldi. Afgʻonistonning Kobul shahrida tugʻilib, Avstraliyada muhojir boʻlib ulgʻaygan senator 2022 yili federal saylovlarda shunchaki «omadini sinash», 2025 yilgi saylov kampaniyasiga «tayyorgarlik» koʻrish niyatida nomzodini qoʻyadiyu, omadi  kuladi.

1995 yili Afgʻonistonda tugʻilgan Fotima Paymon taqdiriga avvaliga muhojirlik, soʻng begona yurt siyosatdonlari safiga qoʻshilish bitilgandi. Fotimaning bobosi mamlakat birinchi marta «Tolibon» qoʻliga oʻtguniga qadar parlament aʼzosi boʻlgan. Biroq, boshqaruv rejimi oʻzgargach, otasi Abdul Vakil xotini va bolalarini olib, 1999 yili Pokistonga qochib oʻtadi. Bu yerda bir muddat turgan oila bolalar xavfsiz va erkin davlatda oʻsib-unishi, oʻqishi shartligini sezib, boshqa joyga ketishga hozirlanadi. Lekin katta tavakkal va qochoqlik maqomi ogʻirligini bilgan oilaboshi avval oʻzi kichkina qayiqda Avstraliyaga suzib ketadi va 2003 yilgacha — begona yurtda ortda qolgan oilasiga sharoit yaratib, pul jamgʻarguncha hech bir ishdan qochmaydi.

Senator etib saylangach, Fotima parlament oldidagi ilk nutqini soʻzlarkan, otasining sermashaqqat hayoti haqida hamkasblariga hikoya qiladi:

«1999 yili otam hayotini tahlikaga qoʻyib, oilasini tashlab, 11 kecha-kunduz Hind okeanini kichik qayiqda, boʻron-dovulda kesib oʻtib, ayoli, ikki qizi va oʻgʻli uchun xavfsiz joy izlashga oshiqadi. Beadoq gʻam-tashvish va oʻy-gumon onamni tinch qoʻymas, otamning Avstraliyaga sogʻ-salomat yetib olgan yo yoʻqligi haqida ikki ogʻiz xabar eshitish ilinjida kunni tunga ulab kutardi.

Oradan toʻrt oy oʻtib, nihoyat xushxabar keldi. Shundan keyin otam bilan diydorlashish uchun naq toʻrt yil kutdik. Bu vaqt davomida otam uch bolasi, xotinini taʼminlash va ingliz tilini ikkinchi til sifatida mukammal oʻrgangunicha sutkalab oshxonada yordamchi, qoʻriqchi, taksi haydovchisi boʻlib ishlaydi. 2003 yili nihoyat otam bilan yuz koʻrishdik va Pertning shimoliy burchaklaridan biriga joylashib, hayotimizni yangitdan boshladik.

Begona muhitga koʻnikib, moslashar ekanmiz, ota-onamning biz uchun bir burda nonni dasturxonga qanday ter toʻkib olib kelishi, oʻqishimiz, ust-boshimizni qanday butlashini koʻrib ulgʻaydim».

Turmush oʻrtogʻining yukini yengillatish uchun Fotimaning onasi kenja farzandini bogʻcha yoshiga yetkazgach, kichik biznesga qoʻl uradi: u xotin-qizlarga haydovchilik kursi ochadi. Yot elda farzand tarbiyalash va roʻzgʻor tebratish har doim ham oson kechmaydi. Gʻarbiy Avstraliyaning chetroq hududida yashashsa-da, ikki qiz va oʻgʻlining taʼlimi, salomatligi uchun barini hozirlagan ota-onasiga Fotima parlament oldida minnatdorlik bildiradi: «Aksar tirishqoq, mehnatkash avstraliyaliklar kabi farzandining kelajagi porloq boʻlishi ota-onam uchun ham asosiy aʼmollardan edi. Bilasizmi, ular biz bolalarini har doim — singlim, ukam va meni — qoʻllab-quvvatlardi. „Katta odam boʻl, astoydil oʻqi, kafolatlangan, doimiy haq toʻlanadigan ish top, jamiyatning hurmatli aʼzosiga aylan, ota-bobolaring, ildizingga sodiq qol, kamtar boʻl, Allohga ishon va sinovlariga shukr qil, saxiy boʻl, kambagʻallarga qayish“, deya oʻgitlar aytardi.

Bolalari ulgʻayib, oʻqish-ishini toparkan, ularning kamolini koʻraman  deganida otaning birdan tobi qochib, saratonga chalingani aniqlanadi.

«2017 yili otamga oʻtkir miyeloid leykoz tashxisi qoʻyilganida hayot yana bir marta sinov joʻnatib, sabrga oʻrgatdi, — deya eslaydi yosh senator Fotima Parmon. — 11 oy intensiv kimyoterapiya, suyak iligi transplantatsiyasi, son-sanoqsiz dori-darmon ichgan otam tuzalish oʻrniga, ogʻirlashaverdi. Mening bir paytlar mustaqil, sogʻlom padarim bir pasda nimjon, zaif va koʻmakka muhtoj insonga aylanib qoldi. Shuncha koʻrgilikka qaramay, u men bilgan eng kuchli, irodali, yordam kutganingizda hoziru nozir otalardan edi. Ayni navqiron — endigina 47 ga kirgan otamni yoʻqotish ogʻir boʻldi. U bugun oramizda yoʻq, lekin xotiralari va „tomchi daryoni toshirar“ yoki „qattiq mehnat oʻrnini hech nima bosolmas“, „odobni odobsizdan oʻrgan“, „beshikdan qabrgacha ilm izla, sababi, hayot juda qisqa va beqaror, bir lahzadan keyin bormizmi yo yoʻq, bilmaymiz“, degan saboqlari mangu qoladi».

Paymon Pertdagi Avstraliya Islom kollejida farmatsevtika yoʻnalishida tahsil oladi. U antropologiya va sotsiologiya bakalavri, farmatsevtika fanlari boʻyicha magistrlik diplomiga ega siyosatchidir. Nega tibbiyot yoʻlidan ketmagani, siyosiy faollik ustun kelganini quyidagicha izohlaydi:

«Tibbiyotdagi bilimlarim u qadar yuksalmagach, insoniyatga xizmat qilishning yagona yoʻli baribir tib ilmi ekanini anglab, otamga quloq tutdim va farmatsevtika sohasini tanladim. Shu choqqacha oʻz olamim, qobigʻimda yashab, universitetda ilk zarbaga uchradim: bir yigitcha roʻmolimni masxaraladi. Bilasizmi, oʻsha paytgacha ayirmachilik nimaligini bilmay oʻsgandim. Pert boshqa joylardan kelganlar uchun ham qadrdon uydek edi.

Uyim qayerda boʻlsa, yuragim oʻsha yerda urar, qalbim esa oilam bilan birgaligi uchun oʻzgachalik, begonalikni sezmasdi. Pertning shimoliy burchaklarida unib-oʻsgan boshqa avstraliyalik bolalar qatori men ham jamoat transportida universitetga qatnar va jamiyatning faol aʼzosiga aylanishga umid bogʻlardim. Biroq «qayerdan kelgan boʻlsang, tezda oʻsha yerga joʻna» qabilidagi munosabatlar yangrar yoki men umrimda aloqador boʻlmagan ekstremizmga ishora qilishardi. Shunda oʻzgalarning bir boʻlagiga aylanish uchun koʻngilli sifatida jamoatchilik ishlarida qatnasha boshladim, odamlar orasida yaxshilik ulashsam, ushbu millatning teng aʼzosi qabilida qabul qilinishim mumkin edi».

Otasining mehnatkashligi, ish tanlamasligi Fotimaga ham yuqqan. 2018 yili oʻqishini tugatgan qiz Kasaba uyushmalari tashkiloti va Gʻarbiy Avstraliya Yosh leyboristlar tashkilotida baravar ish boshlaydi. Bunga qoʻshimcha,  dastur koordinatori va huquqshunos, siyosatchi Pyer Yangning saylov kampaniyasida xodimalik qiladi. Siyosat maydoniga shu tariqa yoʻl ochiladi.

2022 yili esa saylovlarda kelajakka tayyorgarlik koʻrish uchun qatnashgan Fotima Paymon yakunda senator etib saylanishini kutmaganini tan oladi. Garchi 2005 yili Avstraliya fuqaroligini olgan boʻlsa-da, afgʻon fuqaroligidan ham voz kechmagandi. Mamlakat konstitutsiyasining 44-moddasida faqat va faqat Avstraliya fuqarolari saylovda oʻz nomzodini ilgari surishi mumkinligi bois 2021 yil oktyabrida Afgʻonistonning Avstraliyadagi elchixonasiga borib, fuqarolikdan voz kechmoqchiligini aytadi. Lekin elchixona uning arizasini qanoatlantira olmasligi, avgust oyida hukumatni egallagan Tolibon bilan aloqa yoʻqligini bildiradi.

Aro yoʻlda qolgan Fotimaga Leyboristlar partiyasi afgʻon fuqaroligidan voz kechishga boʻlgan jamiki urinishlarini hisobga olib, saylovda qatnashishga imkon beradi. Shunday qilib Avstraliya  zaxmatkash, tinib tinchimas  qizning saʼy — harakatlariga peshvoz chiqadi. Intilganga tole yor degani shuda!

Fotima Paymon Avstraliya qitʼasidagi eng yosh va hijobli yagona siyosatchidir.

Madinaxon TOPILOVA tayyorladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.