Yon qoʻshni jon qoʻshni –  Qozogʻiston

0
388
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston jurnalistlar ijodiy  uyushmasi raisi Saʼdulla Hakimov qoʻlimga  Qozogʻiston Respublikasi elchixonasidan kelgan rasmiy xatning nusxasini berdi. Unda Qozogʻiston tashqi ishlar vazirligi “Qozogʻiston –xorijiy OAV nigohida” Y xalqaro tanlovi oʻtkazilayotganligi va uni oʻzbekistonlik jurnalistlarga yetkazish iltimos qilingandi. Bu menga turtki boʻldi. Oʻzim ham yaqinda Janubiy Kozogʻistonga chiqib kelgan va tassurotlarimni yozishni rejalashtirib yurgan edim…

Xotira goʻzal. Kislovodskda  birga dam olgan cayramlik doʻstimiz Janubiy  Qozogʻiston  pedogogika institutining muassisi Raʼnoxon Yunusova oʻz muassasasining 25 yillik yubileyiga taklif qilgan edi. Yana telefon qilib eslatdi. Biz yubiley kunlari uzrli sabablar bilan bora olmadik. Hechdan koʻra kech boʻlsa ham qutlab kelaylik dedikda Turon akademiyasi akademigi, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, Oʻzbekiston Davlat  jahon tillari universiteti professori Dilorom Yormatova bilan yoʻlga tushdik. Janubiy Qozogʻiston desa, darhol tasavvufning mashhur namoyandalaridan biri Ahmad Yassaviy hayoti va ijodi xotiramizga keladi.  Ana shu buyuk insonning xotirasi tufayli avval ham ikki marta bu yerda boʻlgan edim…

 Birinchi bor kelganimda juda yosh edim. Akam bilan birga onamizni ziyoratga olib kelgan edik. Xorazmda  Ahmad Yassaviyning asarlari va uning tariqati qoidalarini yanada chuqurlashtirib keng xalq ommasiga yetkazgan yassaviyona sodda, ravon uslubda ijod qilgan shogirdi Sulaymon Boqirgʻoniy  asarlari juda mashhur. Biz Toshkentda oʻqib, ishga qolgach onamning orzusini amalga oshirdik. Oʻshanda qanchalar xursand boʻlganini hamon-hamon eslayman. Raxmatlik onam bizni qayta- qayta duo qilgan edilar. Onamning orzusini amalga oshirganimizdan biz ham  xursand boʻlib, ziyoratdan ruhiyatimiz yengil tortib qaytgan edik.

Ziyoratga borayotganda biz adashib, bir koʻl boʻylaridan chiqib qolgandik. U qanaqa koʻl edi. Haliyam oʻylayman. Koʻlda oppoq qushlar ohista suzib yurardi. Biz ularni uzoq tomosha qilganmiz. Oʻshanda oqqushlarni birinchi bor koʻrishim edi. “Aka, qarang oqqushlar” deyman hayojon bilan. Ular oppoq oʻrdaklar deydi akam. Biy dala, transport deyarli koʻrinmaydi. U yerda yoʻlovchi kutib, ancha vaqt qolib ketganmiz. Biroq, olam moʻjizalari– quyosh chiqishi, uning nurida koʻl suvining tillarang boʻlib tovlanishi, oppoq qushlarning viqorli suzishini kuzatib, ancha vaqt qolib ketganmiz. Ha bepayon Qozogʻiston tabiati  moʻjizaga boy degan xulosaga kelganman oʻshanda.

Ikkinchi borganimda “Moziydan yogʻdular” koʻrsatuvini tayyorlab  kelgandim. U paytlar  mustaqillikning ilk yillari boʻlib, yoʻllar, chegaralar bekitilgan davr edi. Oʻzbekiston televideniyesidan jamoa boʻlib, bitta avtobus toʻla kasbdoshlar Sayramdagi besh qadamjoni, jumladan, Ahmad Yassaviyning Sayramdagi ota- onasi qabrlarini  ziyorat qilib, soʻngra Arslonbob maqbarasi hamda Ahmad Yassaviy ziyoratiga oʻtgandik. U paytlar Oʻzbekiston  televideniyesida  “Moziydan yogʻdular” degan turkum koʻrsatuvlar tayyorlar edim. Men jamoam bilan ushbu  koʻrsatuvimni ham tayyorlab kelgan edim. Jamoa bilan  ziyorat qilish va kasb burchimizni bajarish men uchun katta baxt edi.

Mana enda uchinchi marta kelib turibman… Doʻstimiz chegarada kutib oldi.  Faoliyatni ziyoratdan boshladik. Biz bundan  deyarli 25 yil avval koʻrgan ziyoratgohlar butkul oʻzgaribdi, mustaqillik sharofati bilan  obod boʻlibdi. Maskanlarning taʼmirlanganidan. chor atrofga ekilgan turfa gullar iforidan bahri dilim ochildi. Yigirma besh yil oldin koʻrganim qarovsiz maskanlar bugungi kunda obodligi Qozogʻistonning ijtimoiy- iqtisodiy hayotini, bugungi turmush tarzini ifoda etib turardi. Zero, allomalar tarixsiz kelajak yoʻq deyishadi.

Ilm- taʼlim  maskani. Janubiy  Qozogʻiston  pedogogika institutining xususiyligi bizni qiziqtirdi. Chunki, bizning mamlakatimizda xususiy oliy oʻquv yurti yoʻq, bari davlat tasarrufida boʻlgani uchun bu yoʻnalish jurnalistlar uchun yangilik edi, albatta. Janubiy  Qozogʻiston  pedogogika institutini tashkil etgan kishi Baxtiyor Saidovich Yunusov(joyi jannatdan boʻlsin) oliygohning bugungi muassisi Raʼnoxon Yunusovaning turmush oʻrtogʻi boʻlib, u Toshkent davlat universiteti(bugungi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetida oʻqigan, institutni bitirgach, yangi tashkil etilgan Toshkent sharqshunoslik institutida, keyinchalik  Oʻzbekistonning Misrdagi elchixonasida faoliyat  yuritgan. Mustaqil Kozogʻistonda  xususiy  oliy oʻquv yurti ochishga ruxsat berilganidan keyin yurtiga qaytib, oʻzining sevimli ishi pedogoglikni davom ettirdi. Ushbu institutni tashkil etib, uning faoliyatini yoʻlga qoʻygan.  Oʻzi boqiy olamga oʻtsada, bugungi kunda farzandlari uning ishini davom qildirishayapti. Oʻgʻillari Iftixor Baxtiyorovich Yunusov va Madyor Baxtiyorovich Yunusov institutni boshqarishyapti. Qizlari Sanaxon, Nodira, Ruxsoralar ham ota izidan borib, ushbu institutda, kollejda, bogʻchada bolalarga taʼlim-tarbiya berishadi. Raʼnoxon otasining ishini davom qildirayotgan bolalaridan xursand, oʻzi esa endilikda nevaralariga bosh-qosh. Oʻn toʻqqiz nafar  nevarasining qiliqlarini aytib zavqlanadi.

Raʼnoxon bizni eri oʻtirgan xonaga taklif qildi. Bu yerda institut tashkilotchisi haqiga tilavot qildik. Yubiley qanday oʻtganligini gapirib berdi.

Odatimga koʻra qayerga borsam OAVlarini bilan tanishib chiqaman. Raʼnoxonning stolida koʻpgina nashrlar orasida “Janubiy Qozogʻiston” gazetasi ham bor ekan. Oʻzbek tilida chiqadigan bu nashrda “Ijtimoiy-siyosiy oʻrni, qadimiy qadriyatlariga ega Chimkent, Sayram Qozogʻistondagi aholining tigʻizligi nuqtai nazaridan uchinchi oʻrinda turuvchi shahar” deb tanishtiriladi. Oʻzbek milliy madaniyati markazi faoliyati va uning rahbarini saylashga doir maqola ham mamlakatda turli millat vakillari demokratiya asosida doʻstona yashayotganini oʻzida aks ettiradi. Nashrlarni bir-bir koʻzdan kechirib bugungi Qozogʻiston, jumladan  Chimkent. Sayram butunlay yangi qiyofa olayotganining guvohi boʻldim.

Mustaqil Qozogʻistonning bir boʻlagi boʻlgan ziyoga, nurga toʻla piru badavlat Raʼnoxonning xonadoni vakillari amalga oshirayotgan ishlar, taʼlim-tarbiya oʻchogʻining faoliyati bizni hayratlantirdi. Raʼnoxon Oʻzbekiston institutlari bilan  hamkorliklari haqida soʻzlab berdi. Ikki mamlakat doʻstligi, hamkorligi aks etgan maʼnaviyat xonasini koʻrsatdi. Soʻngra hamma yoqni bir bir aylanib chiqdik. Bu yerda, taʼlim-tarbiya oʻzbek, qozoq, rus, ingliz tillarida yuritilar ekan. Talabalar uchun  barcha shart-sharoitlar muhayyo. Yorugʻ keng oʻquv xonalari, madaniy dam olish xonalari, sport va majlislar  zallari, oshxona mavjud boʻlib bari-bari zamonaviy taʼlim- tarbiya talablariga mos. Ayni kunda davlatdan kredit olib talabalar uchun yangi zamonaviy yotoqxona  ham qurilayotgan ekan. Shuningdek, institut huzurida litsey faoliyat yuritayotgan boʻlib, hatto litsey oʻquvchilari uchun ham yotoqxonalar  tashkil etilgan ekan. Institutda Oʻzbekistonlik talabalar ham oʻqishar ekan. Bu oliygoh barcha mustaqil mamlakatlar  qatori rivojlanish va ravnaq yoʻliga kirgan Qozogʻistonning  goʻzal kichkinagina bir timsolidek tuyuldi bizga. Doʻstimiz Raʼnoxon uchun ham quvondik.

Ezgu kelajak yoʻlida Qozogʻistonda olib borilayotgan ibratli, xayrli ishlarni birgina institutning misolida ham koʻrish mumkin edi. Zero, biz bolajon xalqmiz. Farzandlarimizni dunyodagi eng totli, lazzatli neʼmatlarga mengzab, suyamiz. Ularning taʼlim-tarbiyasi, kelajagi, maʼnaviy kamoloti, porloq istiqboli haqida qaygʻuramiz.

Maʼlumki, yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga qanchalik jiddiy eʼtibor qaratilsa, uning samarasi shunchalik erta boʻy koʻrsatadi. Zero, shuning uchun boʻlsa kerak Qozogʻiston maktab taʼlimiga bolalar besh yoshdan boshlab qabul qilinishi toʻgʻrisidagi xabarni eshitdik.  Bu ham Markaziy Osiy mamlakatlari uchun yangilik. Buning uchun besh yosh bolalarga mos  taʼlim maskanlari, sharoit, qulay muhit kerak boʻladi. Masalan, besh yosh bola uxlab dam olishi ham kerakda. Demak, shunga yarasha imkoniyatlar hozirlangan. Bu yangilikni faqat qutlash kerak.

Qonunlarga bir nazar. Tong saharlab turib sayr qiladigan anʼanaviy odatim bor. Qayerga borsam ham uni kanda qilmayman. Bodom daryosi boʻyida joylashgan Chaykovskiy koʻchani aylanib chiqdim. Koʻchalar saranjom- sarishta, ozoda, chor-atrof qoʻm-koʻk, quyuq daraxtzor. Hovlilar oldiga turfa gullar ekilgan. Dilingiz orom oladi. Bundan chorak asr oldin koʻrganim, ziyoratgohlar, uylar obod emasligidan hayron boʻlganimni yana bir bor esladim. Keng qirlarni kesib oʻtgan ravon yoʻllar, ularning ulugʻvorligi, goʻzalligi qalbimni nurga toʻldirib yubordi.

Oldingi kelganimda bu yerlarni uzoq hududlardagi qarovsiz qishloqlarga oʻxshatgandim. Hozir koʻz oldimda butunlay boshqa manzara namoyon boʻldi. Hatto, odamlarning uylari atrofi, koʻchalar juda ozoda, goʻzal bunga qanday erishildi ekan, deya oʻyladim. Dugonam Raʼnoxondan uning sababini soʻradim. “Bizda jamoat joylarida pista chaqish, papiros chekish taqiqlangan. Hatto, oʻz uyining eshigi oldidagi oʻrindiqda oʻtirib pista chaqsa yoki papiros cheksa jarima belgilangan. Bu qonunimizning borligi koʻchalarimizning ozodaligiga munosib hissa qoʻshdi”– deydi u.

“Jarima qancha?”- soʻrayman. “Sizlarning pulga hisoblasak, yuz ming soʻm jarima belgilangan, yana oʻn – oʻn besh kun koʻchalarni tekinga supirtiradi ham”. U meni oʻylanib turganimni koʻrib yana gapini davom qildiradi. “Ertalab shaharga chiqsak koʻchada mast holda yotganlarni koʻp koʻrardik. Hozir unaqalar yoʻq. Chunki, aroq ichib koʻchalarda yurish ham taʼqiqlangan. Ularga ham jarima belgilangan. Uning jarimasi yanada qimmatroq.  Yana qoʻshimchasiga oʻn-oʻn besh kun koʻcha supirtiriladi.  Bu juda katta ahamiyatga ega boʻldi. Endilikda koʻchada yotgan mastlarni koʻrmaysiz. Pista chaqib oʻtirishlar ham yoʻq.  Bu shaharning ozodaligiga, maʼnaviyatning yuksalishiga katta taʼsir qildi”.

  “Shunga qancha boʻldi?” soʻrayman undan. “Koʻpmas bor yoʻgʻi besh-olti yil boʻldi. Qonun qonunda tezda tartibga tushdi”. Javob qiladi u. Ichkilik nafaqat oilalarning, millatning ham fojeasi, buning oldi olinishdagi Qozogʻiston tajribasi menga maʼqul keldi. Oʻzim Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida deputat boʻlib, ishlagan yillarimdan koʻnikmami qayerga borsam qonunchiligiga alohida eʼtibor beraman. Eng asosiysi oʻsha huquqiy norma samara berganligining  guvohi boʻldim.  Bu oʻrgansa arziydigan ish ekan degan fikr oʻtdi xayolimdan.

Toshkentda tong saharlab sayrga chiqsam uy atrofidagi oʻrindiqlar pastida chaqilgan pista poʻchoqlari dilimni xira qilganini, qoʻshnim, uyimiz yetakchisi Mashhuraning yoshlarni tartibga chaqirib bir necha marta dili xira boʻlganligini esladim. “Xafa boʻlish axmoqlar aybi bilan oʻzingni jazolashdir”, degan allomalarning soʻzlarni eslatardim unga jigʻi biyron boʻlganida.

 Dunyo kezsang oʻrganaverasan. Shu taklifni  tegishli joylarga beraman degan fikr xayolimdan kechdi. Darhaqiqat,  insonning ongi va tafakkuri oʻzgarmasa, hayot oʻzgarmaydi. Shu jihatdan huquqiy, demokratik davlatning kelajagi boʻlmish farzandlarimizning huquqiy ong va tafakkurga ega boʻlishlarida jahon tajribasi bilan milliy qadriyatlar uygʻunlashsagina taraqqiyot boʻladi.

Bodom daryosi boʻyidagi uylar. Zabadam koʻprigidan tushib, Chaykovskiy koʻchasi boʻylab sayr qildim. Bir-biridan goʻzal uylar, obod koʻchalar menga maʼqul keldi. “Bir paytlar anhor boʻylari bodomzorlardan iborat boʻlgan ekan. Keyinchalik ular kesilib ketgan. Shuning uchun ruslar bu joylarni, anhorga qurilgan koʻprikni zabodom deyishgan. Ogʻir yillarda har bir daraxtga soliq solingani tufayli daraxtlar kesilib ketgan deyishadi momolarimiz.  Qadimiy qadriyatlar tiklanayapti. Bugungi kunda eshik oldiga bodomlar ekish urf boʻlyapti. Koʻchamiz nomiga munosib boʻlishi kerakda” deydi Raʼnoxon Yunusova.

Uning soʻzlarini tinglab, “oʻzlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi”,  degan allomaning soʻzlarini  esladim…

Raʼno Zaripova,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.