Baku shahrida YUNYeSKO Butunjahon merosi qoʻmitasi 43-sessiyasining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda Ozarboyjonning birinchi vitse-prezidenti, YUNYeSKO koʻngilli elchisi Mehribon Aliyeva ishtirok etdi. Shuningdek, YUNYeSKO bosh direktori Odre Azule, Tashkilotning Ijro kengashi raisi Li Ben Xyon va Ozarboyjon Respublikasi madaniyat vaziri Abulfas Garayevlar ham soʻzga chiqishdi.
Butunjahon merosi qoʻmitasi 43-sessiyasida Oʻzbekistondan YUNYeSKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya raisi, bosh vazir oʻrinbosari Aziz Abduhakimov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda. Taʼkidlash joizki, Butunjahon merosi qoʻmitasining 43-sessiyasida dunyoning 180 dan ortiq mamlakatidan 2500 dan ziyod kishi — vazirlar, YUNYeSKO elchilari, tegishli tashkilotlarning bosh direktorlari, xalqaro tuzilmalarning Ozarboyjondagi elchilari va mamlakat hukumati aʼzolari qatnashmoqda.
Qoʻmitaning Bakudagi sessiyasida YUNYeSKO roʻyxatiga kiritish uchun 42 arizadan 36 taqdimot koʻrib chiqiladi. Bulardan 6 taklif — tabiiy merosga, 28 tasi — madaniy merosga va 2 tasi aralash (tabiiy va madaniy) merosga taalluqli.
Ikki kunlik sessiya doirasida Aziz Abduhakimov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari YUNYeSKO bosh direktori Odre Ozule, Ozarboyjon bosh vazir oʻrinbosari D.Ahmedov, madaniyat vaziri A.Garayev, taʼlim vaziri D.Bayramov, Turizmni rivojlantirish davlat agentligi raisi F.Nagiyev, YUNYeSKO Butunjahon merosi markazi direktori M.Ryossler hamda Butunjahon merosi qoʻmitasiga aʼzo 21 mamlakat delegatsiyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunda Oʻzbekiston va YUNYeSKO oʻrtasida koʻp bosqichli va samarali hamkorlik amalga oshirilmoqda. Xususan, oʻtgan yilning oktyabrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning YUNYeSKO shtab-kvartirasiga tashrifi davomida imzolangan “Mamlakatlar dasturi” doirasida madaniyat, taʼlim, ilm-fan va AKT rivoji kabi yoʻnalishlarga oid muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Tomonlar oʻrtasida Oʻzbekistonning moddiy va nomoddiy madaniy merosini asrash masalalari boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan konstruktiv muloqotni alohida taʼkidlash joiz, bu respublika tomonidan ratifikatsiya qilingan barcha normalar hamda YUNYeSKOning ushbu yoʻnalishdagi tavsiyalarini toʻliq taʼminlash imkonini beradi.
Bundan tashqari, Aziz Abduhakimov “Ipak yoʻli” Xalqaro turizm universiteti rektori sifatida Ozarboyjon turizm va menejment universiteti bilan taʼlim va ilm-fan boʻyicha Anglashuv memorandumini imzolashi kutilmoqda. Joriy yilning yanvar oyida Oʻzbekiston tomonning taklifi bilan IKOMES (International Kouncil on Monuments end Sites) — Obidalar va diqqatga sazovor maskanlarni saqlash xalqaro kengashi tarkibidagi yuqori reaktiv monitoring missiyasi Shahrisabz, Samarqand va Buxoro shaharlarida boʻldi va 2016-yil oxiridan boshlab Oʻzbekiston hukumati tomonidan qabul qilingan ijobiy choralarni rasman qayd etdi. Oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston Prezidentining (2018-yil 19-dekabrdagi) “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, (2018-yil 16-yanvardagi) “Moddiy madaniy va arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va foydalanishni takomillashtirish toʻgʻirisida”gi topshirigʻi, hukumatning “Oʻzbekiston Respublikasi YUNYeSKO Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarini muhofazalash” hamda “Oʻzbekiston Respublikasi YUNYeSKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya faoliyatini takomillashtirish”ga doir qarorlari (09.06.2018) qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublika Madaniyat vazirligida YUNYeSKO ishlari boʻyicha maxsus boʻlim ochildi. Bugunga kelib mamlakatda joylashgan butunjahon merosi obyektlarida barcha turdagi qurilish ishlari moratoriysi amal qilmoqda. Respublika parlamentiga butunjahon merosi obyektlarida nosanksion olib boriladigan ishlar uchun jinoiy javobgarlikni koʻzda tutuvchi qonun loyihasi kiritildi. Qoʻmitaning Bakuda oʻtayotgan sessiyasi davomida Oʻzbekiston delegatsiyasining Shahrisabz, Samarqand va Buxorodagi madaniy merosni saqlash bilan bogʻliq hisobotlari koʻrib chiqiladi. Muhokamalar yakuni boʻyicha Qoʻmitaning jahon merosi obyektlarini saqlashga doir tegishli qaror va tavsiyalari qabul qilinadi. Qayd etish joizki, Oʻzbekiston hukumati qadimiy shaharlaridagi madaniy merosni saqlash masalalarida nufuzli xalqaro ekspertlar bilan ish olib bormoqda. Xususan, Fransiyaning Mashhur Shaharlarni Rejalashtirish Instituti mutaxassislari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ular Samarqand shahrining bosh loyihasi va menejment rejasini ishlab chiqishda koʻmak berishmoqda. Hujjatlar YUNYeSKO xalqaro standartlari va talablariga toʻliq muvofiq keladi.
Shahrisabzda IKOMES xalqaro ekspertlari bilan hamkorlikda jahon merosi chegaralarini oʻlchash hamda shahar qiyofasini uning xalqaro maqomiga muvofiq oʻzgartirishga doir aniq rejalar ishlab chiqiladi. Oʻzbekiston ulkan va noyob madaniy merosga ega boʻlib, bu ularni konservatsiyalash, asrash va restavratsiya qilishga oid kundalik mashaqqatli mehnatni talab qiladi. Shu munosabat bilan joriy yilning avgustida Samarqandda YUNYeSKO shafeligi ostida moddiy va nomoddiy merosni asrashga doir xalqaro konferensiya oʻtkazish rejalashtirilgan. Unda YUNYeSKO bosh direktori Odri Ozule va 45 mamlakatning shu sohada faoliyat yurituvchi 200 dan ziyod olim, ekspert va mutaxassislari ishtiroki kutilmoqda.
Mazkur konferensiya madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish yoʻlidagi dolzarb muammolarni koʻrib chiqish, xalqaro tajribani oʻrganish, tarixiy-madaniy merosni saqlashni taʼminlash boʻyicha milliy tizimni takomillashtirish, bu yoʻnalishdagi davlat va jamoatchilik tashkilotlari faoliyatining asosiy vektorlarini aniqlash imkonini beradi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati