YUNYeSKO tashkilotining Ibn Sino nomidagi xalqaro mukofoti kimlarga beriladi?

0
1022
marta koʻrilgan.

Markaziy Osiyo xalqlari ilm-fan, sanʼat va madaniyatini oʻz davrida oldingi qatorga olib chiqqan buyuk mutafakkirlarimizdan biri Abu Ali ibn Sino boʻlib, u Yevropada Avitsenna nomi bilan mashhurdir.  Ibn Sino oʻzining koʻp tarmoqli mahsuldor ijodi, boy merosi bilan jahon ilm-fan taraqqiyotida katta rol oʻynaydi. 

Ibn Sino asarlari Yevropada XII asrdan boshlab lotin tiliga tarjima qilina boshlangan. “Tib qonunlari” asarining oʻzi lotinchada 30 martadan ortiq nashr qilingan. Ibn Sino falsafiy — adabiy asarlari bilan Sharq adabiyoti taraqqiyotiga ham taʼsir koʻrsatgan. Jahon olimlari ibn Sino asarlari, uning faoliyati toʻgʻrisida koʻplab ilmiy tadqiqot ishlarini olib borganlar.

Bugun Ibn Sino nomida YUNYeSKO tashkilotining xalqaro mukofoti ham mavjud.  2003 yilda YUNYeSKOning 166-sessiyasida Eron Islom Respublikasi tashabbusi bilan taʼsis etilgan bu xalqaro mukofot ilm-fanda etika masalalari boʻyicha ilmiy tadqiqotlar olib borgan, mazkur yoʻnalish taraqqiyotiga hissa qoʻshgan olimlarga taqdim etiladi.

Mukofot egalariga buyuk mutafakkirimiz Ibn Sinoning surati tushirilgan oltin medali, sertifikat, 50 ming AQSH dollari hajmida pul mukofoti va Eron Islom respublikasi sayohatiga  yoʻllanma beriladi. Mukofot avvaliga har ikki yilda berilgan boʻlsa, 2017 yildan beri sovrindorlarga har olti yilda taqdim etiladigan boʻldi.

Shu kungacha  toʻrt nafar olim  ushbu mukofotga taqdim etilgan: Margaret Somervil (Kanada, 2004), Abdulla Dar (Kanada, 2006), Renzong Chiu (Xitoy 2010), Zabta Xon Shinvari (Pokiston 2015).

Bugun YUNYeSKOning Venadagi idorasida yurtimizning ikki ulugʻ allomasi Ibn Sino va Beruniyga atab haykal oʻrnatilgan boʻlib, bu meʼmoriy obida Eron Islom Respublikasi tomonidan YUNYeSKO tashkilotiga 2009 yilda taqdim etilgan. Ibn Sino va Al-Beruniydan tashqari yana Al-Zakariya va Umar Hayyomlarning ham haykali oʻrnatilgan boʻlib, mazkur meʼmoriy obida “Eron olimlari chorbogʻi” deb nomlanadi.

Shu oʻrinda toʻxtalish zarurki, oʻsha davrlarda barcha davlat ishlari fors va arab tillarida olib borilgani sababli davr taqozosi bilan olimu ijodkorlar ham ana shu tillarda qalam tebratganlar. Shu boisdan ham biri Buxorodagi Afshona qishlogʻida, biri Xorazmning eski Kat shahrida tugʻilgan jahon fan olamida munosib iz qoldirgan ushbu buyuk allomalarimizni jahon ahli fors va arab olimlari sifatida biladilar. 

Biz ham jahon ahli koʻz oʻngida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy, Imom Buxoriy, Burhoniddin Margʻinoniy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy va boshqa mutafakkirlarimizning nomini yurtimiz nomi bilan bogʻlash tadbirlarini amalga oshirishimiz zarur, nazarimizda. Bu eng avvalo mamlakatimizni dunyo maydonida koʻproq tanilishiga, xorijliklarning mamlakatimizga qiziqishi ortib, turizmni rivojlanishiga munosib hissa qoʻshadi.

Va yana bundan keyin bizning yurtimizda ham dunyo ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan mutafakkirlarimiz – Ibn Sino, Al-Beruniy, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulugʻbek kabi allomalarning izdoshlari yetishib chiqib, ularning nomiga munosib mukofotlarga sazovor boʻladilar, deya umid qilamiz.

Oydin SAʼDULLAYEVA

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.