Uchtepa tumani Axborot — kutubxona markazi ayni taʼtil paytida bizning sevimli maskanimizga aylangan. Ushbu ziyo maskanidagi tadbirlarda onam Nuriddinova Umidaxon va singlim bilan birga qatnashib turamiz. Uchrashuvlar, tadbirlar bizga katta zavq-shavq beradi. Kutubxona xodimlari bilan maslahatlashib, zoʻr-zoʻr kitoblarni uyga olib kelib oʻqiymiz. Biz singlim Malikaxon bilan Toshkent shahar 68 maktabning 8 va 4 sinflarida tahsil olamiz,– deb yozadi kitobxon oʻquvchi Nuriddinova Muslimaxon, – yaqinda oʻzbek xalqining sevimli yozuvchisi Oʻtkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar“ asarini oila davrasida oʻqib chiqdik. Asardagi goʻzal fikrlarni, xalqimizning buyuk tarixi aks etgan satrlarni tengdoshlarimga ham ilindim….
Toʻqqizinchi asr. Muhammad al-Xorazmiy algebra faniga asos soldi.
Oʻninchi asr. Abu Nasr Farobiy Aristotelning “Metafizika“ asariga eng mukammal sharh yozib, “Ikkinchi ustoz“ unvonini oldi.
Oʻn birinchi asr. Abu Rayhon Beruniy yer bilan Oy oʻrtasidagi masofani oʻlchadi. Hamda Ibn Sino meditsina Qomusi — “Tib qonunlari“ ni yaratdi.
Oʻn toʻrtinchi asr. Sohibqiron Amir Temur Yevroosiyoning yarmini tasarrufga oldi. Ahli ilm boshini silab, oʻlmas obidalar yaratdi.
Oʻn beshinchi asr. Ulugʻbek 1018 yulduzning harakat jadvalini tuzdi. Alisher Navoiy esa oʻlmas “Xamsa“sini yozdi.
Oʻn oltinchi asr. Zahriddin Muhammad Boburning “Boburnoma“ asari olamga tarqaldi.
Oʻn yettinchi asr. Buyuk alloma va sarkarda Boburning nevarasi Shohjahon dunyodagi yetti moʻjizaning biri — “Tojmahal“ni bunyod yetdi.
Yigirmanchi asr xatosi. Oʻzbek-sovet olimlari misli koʻrilmagan “ixtiro“ qildilar: tarix “xato“ sini tuzatib, oʻtmishda biz yoppasiga “savodsiz“ boʻlganimizni isbotlab berdilar…
Mayli inson yashar ekan xatolarga yoʻl qoʻyishi mumkin. Chunki, onam aytganidek, shayton yonma-yon yuradi. Biz asrlar qaridan oʻtib kelayotgan dunyo tan olgan buyuk allomalarimiz va ularning yaratgan ilmi bilan faxrlanaveramiz. Kitob mutolasi kishini dilini nurlantiradi. Uning allomalar aytganidek, buyuk ustozligiga tan beramiz.